2. Didaktikaning asosiy kategoriyalari va didaktik tushunchalar tizimi Pedagogikaga xos didaktik kategoriyalar sirasiga quyidagilar kiradi.
ta’lim – oʻquvchilarga yoki talabaga nazariy bilimlarni berish asosida ularda amaliy koʻnikma va malakalarni shakllantirish, ularning bilish qobiliyatlarini oʻstirish va dunyoqarashlarini tarbiyalashga yoʻnaltirilgan jarayon;
ta’lim jarayoni – oʻqituvchi va oʻquvchi yoki talabalar oʻrtasida tashkil etiluvchi hamda ilmiy bilimlarni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan pedagogik jarayon;
bilim olish – idrok etish, oʻrganish, mashq qilish va muayyan tajriba asosida xulq-atvor hamda faoliyat koʻnikma, malakalarning mustahkamlanib, mavjud bilimlarning takomillashib, boyib borish jarayoni;
dars – bevosita oʻqituvchi rahbarligida muayyan oʻquvchilar guruhi bilan olib boriladigan ta’lim jarayonining asosiy shakli;
oʻquv fani – ta’lim muassasalarida oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilgan hamda oʻzida muayyan fan sohasi boʻyicha umumiy yoki mutaxassislik bilim asoslarini jamlagan manba;
ta’lim maqsadi (oʻqish, bilim olish maqsadi) – ta’limning aniq yoʻnalishini belgilab beruvchi yetakchi g‘oya;
ta’lim jarayonini tashkil etish – oʻqituvchi va oʻquvchi yoki talabalar oʻrtasida tashkil etiluvchi hamda ilmiy bilimlarni oʻzlashtirishga yoʻnaltirilgan pedagogik jarayonning tashkiliy – metodik jihatdan toʻg‘ri uyushtirilishi;
ta’lim tamoyillari – ta’lim nazariyasining asosiy yetakchi qoidalari;
ta’lim turlari – mazmuni, tashkil etilish oʻrni, bosqichi, qoʻllaniladigan asosiy vositalari va jalb etiladigan ta’lim oluvchilarning yoshiga koʻra farqlanuvchi ta’lim koʻrinishlari;
ta’lim shakli – ta’lim jarayonining tashkiliy qurilishi;
ta’lim metodlari – ta’lim jarayonida qoʻllanilib, uning samarasini ta’minlovchi uslublar majmui yoki ta’lim jarayonida oʻquv-tarbiyaviy maqsadga erishishda oʻqituvchi va oʻquvchilar faoliyatini oʻzaro bog‘lovchi usul, yoʻl;
ta’lim vositalari – oʻquv materialini koʻrgazmali taqdim etish va shu bilan birga oʻqitish samaradorligini oshiruvchi yordamchi materiallar hisoblanadi. Ta’lim samaradorligini ta’minlovchi obyektiv (darslik, oʻquv qoʻllanmalari, oʻquv qurollari, xarita, diagramma, plakat, rasm, chizma, diaproyektor, magnitafon, videomagnitafon, uskuna, televizor, radio, kompyuter va boshqalar) va subyektiv (oʻqituvchining nutqi, namunasi, muayyan shaxs hayoti va faoliyatiga oid misollar va hokazolar) omillar;
ta’lim natijasi (ta’lim mahsuli) ta’lim yakunining mohiyatini qayd etuvchi tushuncha, oʻquv jarayonining oqibati, belgilangan maqsadni amalga oshirish darajasi.
Asosiy didaktik kategoriyalar sirasiga ta’limning didaktik tizimi va ta’lim texnologiyasi kabi tushunchalarni ham qayd etish mumkin. Ta’lim jarayoni tartibga (tizimga) soluvchi tushuncha sifatida ta’lim maqsadi, oʻqituvchi faoliyatida va uning natijasida koʻrinadi.
Bu jarayonning oʻzgarishini paydo etuvchi boshqarish vositalari yuzaga keladi. Mazkur vositalar oʻz ichiga oʻquv materialining mazmunini, hajmini, oʻqitish metodlarini, ta’lim vositalarini, oʻqitish shakllarini, tashkil qilish jarayonini va oʻqituvchi, oʻquvchi talabalarning oʻquv faoliyatini qamrab oladi. Bu qismlar oʻzaro mustahkam birlikda boʻladi va tarbiyaning umumiy maqsadiga boʻysinadi – xizmat qiladi. Bilim berish va bilim olish maylida kechadigan munosabatlar tizimi shakllanadi va bu pedagogik jarayonni tashkil qiladi.