Ta’lim tamoyillariga xos xususiyatlarga umumiy tavsif 1. Ta’limning ilmiylik tamoyili.Ilmiy bilimlar haqqoniy voqelikni inson ongida aks etishidir. Tevarak atrofni oʻrab olgan dunyoning qonuniyatlarini, narsa va xodisalarning xossalarini va ularning oʻzaro aloqalarini aks ettiruvchi bilim ilmiy bilimlar hisoblanadi. Ilmiy bilimlar tajribalar, tekshirishlar, tahlil qilish, isbotlash kabilarni talab etadi. Insoniyat ilmiy bilimlarini kengaytirib borgan sari haqiqiy voqelikka ma’lum darajada yaqinlashib boradi. Ilmiy jihatdan isbotlanmagan bilimlar ham mavjud va kelgusida inson ularni tahlil qilishi va chuqurroq oʻrganishi kerak boʻladi. Ta’lim jarayonida biz talabalarga isbotlab boʻlingan, aniqlangan va amaliyotda tekshirib koʻrilgan bilimlarni yetkazishimiz lozim.
Ta’limning ilmiyligi oʻquvchi-talabalarning oʻquv materiallaridagi qonuniyatlarini aks ettirish, tushunish va oʻzlashtirishi uchun toʻg‘ri sharoit yaratish maqsadida zarurdir.
Nazariy qoidalarni tushunish – materialini ilmiy asosda izohlab berishning muhim belgisi boʻlib, u oʻquvchi-talabalarning fikrlash faoliyatini xususiyatlarini belgilaydi. Ilmiy bilimlar ilmiyligicha qolib, voqelikni har xil darajada aks ettirishi mumkin. Ilmiy izoh ta’limning hamma bosqichlarida ilmiylik qoidalari vazifalaridan biri, nazariy ma’lumotlarni tevarak-atrofdagi dunyoni qanchalik chuqur aks etganligi nuqtai nazaridan bilib olishdir. Ilmiylik qoidasi barcha guruhlardagi va turli ta’lim muassasalaridagi oʻquvchi-talabalarga oʻrganish uchun ilmiy jihatdan ishonarli, amalda sinab koʻrilgan ma’lumotlar berilishini talab etadi.
Ilmiy bilimlarni egallash jarayonida oʻquvchi-talabalarda ilmiy dunyoqarash e’tiqod tarkib topadi, tafakkur rivojlanadi. Yetuk milliy kadrlarni tarbiyalab yetishtirish uchun hozirgi zamon fan-texnikasining rivoji darajasidagi ilmiy bilimlarni egallashga erishish muhim. Shu bilan bir qatorda, oʻquvchi-talabalarni ilmiy-tadqiqot usullari bilan ham tanishtirib borish maqsadga muvofiq. Ilmiylik ta’limning mazmuniga ham, usullariga ham aloqador, ya’ni darsliklar oʻquv qoʻllanmalar, oʻquv dasturlari, oʻquv rejasi, ilmiy asosda yaratilishi lozim.