Idrok to‘g‘risida umumiy tushuncha Biz narsa va hodisalarning ayrim sifat va xossalarini sezgilar orqali ongimizda aks ettiramiz. Shuningdek, hamisha narsalarning ayrim xossalarini aks ettiruvchi birtalay sezgilarimiz bo‘ladi. Bu sezgilar asosida atrofimizdagi narsa va hodisalarni idrok qilamiz.Idrok deb, narsa va hodisalarni bizning sezgi a’zolarimizga ta’sir etishi natijasida ularni yaxlitligicha ongimizda aks etishidan iborat bilish psixik jarayoniga aytiladi. Biz bir narsani idrok qilayotganimizda uning
ayrim xossalarini ham sezamiz.Biror narsaning o‘zini idrok qilmasdan hosil bo‘ladigan sezgilar yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotining dastlabki kunlaridagina mavjud bo‘lsa kerak;
chaqaloq narsaning o‘zini idrok qila bilmasa ham undan hosil bo‘ladigan sezgilarni ajratadi, masalan, yorug‘ va qorong‘ini, shirin va nordonni sezadi. Odamning murakkab psixik hayotida ayrim sezgilar faqat idrok jarayonida fikrni analiz va abstraktlashtirish yo‘li bilan
ajratiladi.Sezgilar, odatda sodda, elementar psixik jarayonlar deb hisoblanadi, idrok esa murakkab psixik jarayondir. Biz idrok qilayotgan narsalar g‘oyatda xilma-xildir. Bular jumlasiga, avvalo turli buyumlar, chunonchi, binolar, daraxtlar, jihozlar, texnika buyumlari va hokazolar kiradi. Biz musiqa, surat, rasm va boshqa san’at asarlarini idrok qilamiz. Odamning
hayotida nutqni – og‘zaki va yozma nutqni idrok qilish eng katta va muhim o‘rin tutadi.
Atrofimizdagi narsa va hodisalar bir-biridan ajralgan holda emas, balki hamma vaqt idrok qilinib turgan narsa boshqa narsalar bilan makon va vaqt jihatdan bir-biri bilan bog‘langan holda idrok qilinayotganini har bir kishi o‘z kundalik tajribasidan yaxshi biladi. Masalan, stolni idrok qilayotganimizda biz uning joyini, atrofini o‘rab olgan stullarni, shu paytda radiodan eshitilayotgan musiqani ham idrok qilamiz, xona ichidagi radiopriyomnikni ham, kishilarni ham bir vaqtda ko‘ramiz. Biz narsa va hodisalarni makon va zamon sharoitida idrok qilamiz.
Makon va zamon moddiy bog‘liq shakli sifatida, barcha boshqa realliklar kabi idrok qilinadi. Buning ma’nosi shuki, biz narsalarni, ularga xos bo‘lgan fazodagi shakllari (kub, uchburchak, doira va hokazo shakllari)ga, fazodagi katta-kichikligi (katta, kichkina, mayda va hokazo)ga, fazodagi munosabatlari (bir-biriga va bizga nisbatan yaqin, uzoq, chap, o‘ng tomonda, yuqori va past turishlari)ga qarab idrok qilamiz, ular tinch yoki harakat holatlarida idrok qilinadi. Biz idrok qilib turgan narsa va hodisalarni ma’lum vaqt (zamon) davomida paydo bo‘lish va o‘zgarib
borishlarida idrok qilamiz.Idrokda idrok jarayonini, ya’ni ongimizning bevosita aks ettiruvchi
faoliyatini va narsalarni idrok qilish (aks ettirish)dan hosil bo‘ladigan subyektiv obrazni bir-biridan farq qilish lozim.
2. Idrokning murakkabligi
Idrok murakkab psixik jarayondir. Bu murakkablik, avvalo shundan iboratki, har bir idrok tarkibiga ayni vaqtda bir necha sezgi kiradi. Masalan, qovunni idrok qilish uning shaklini (uzunchoq va hokazo), rangini (ko‘k, oq va hokazolarni) sezish – bu ko‘rish sezgilar idrok, hidini
sezish (hid sezgilari), shirin, chuchukligini sezish (maza sezgilari), og‘iryengilligini, qattiq-yumshoqligini sezish (muskul sezgilari) va boshqa sezgilardan tarkib topadi. Idrok qilishda analiz yordamida ajratilgan shu ayrim sezgilar (retsepsiyalar) idrokning retseptiv tomonini tashkil qiladilar.Shu xossalarning jamini sezishdan idrok qilayotgan narsaning dastlabki
bevosita obrazi hosil bo‘ldi, bu idrokning perseptiv tomonini tashkil qiladi. Bunda shu xossalar narsaning o‘zida qanday bog‘langan bo‘lsa, ayni shu tarkibda seziladi. Shu sababli idrok qilinayotgan narsaning dastlabki obrazi ham sezgilarning mexanik jami (yig‘indisi)dan iborat
bo‘lmay, balki yaxlit, bir butun bo‘ladi.Idrokning nerv-fiziologik mexanizmlari ham sezgilardagiga qaraganda ancha murakkabdir. Idrokning fiziologik asosi bosh miya po‘stining
analiz-sintez faoliyatidan iborat bo‘lib, bu faoliyat sezgi organlarimizga ta’sir qilib turadigan narsa yoki hodisaning bitta xossasi bilan emas, balki bu xossalarning jami, butun bir kompleksi bilan vujudga keladi.Idrokning nerv-fiziologik mexanizmi narsalar xossalari jamining ta’siri
bilan hosil bo‘ladigan muvaqqat bog‘lanishlar sistemasidan iboratdir.Har bir narsadagi xossalarning shu jamiga qarab, biz narsalarni birbiridan farq qilamiz.I. P. Pavlov qilgan tajribalardan ma’lum bo‘ldiki, agar analizatorga bironta yakka qo‘zg‘ovchi emas, balki qo‘zg‘ovchilarning jami muntazam ta’sir qilib tursa, bundan tug‘iladigan reaksiya har bir qo‘zg‘ovchining o‘z xususiyatiga qarab emas, balki bu qo‘zg‘ovchilarning o‘zaro qanday
bog‘lanishiga, o‘zaro munosabatiga qarab tug‘iladi. I. P. Pavlov bu hodisani munosabat refleksi deb atadi.
Bunday bog‘lanishlarning ko‘rish analizatorida hosil bo‘lishi, masalan, muayyan bir figuralarning qanday rang bilan chizilganligi va kattakichikligidan qat’i nazar, ularning konturlarini topib olishga imkon beradi. Bunday bog‘lanishlarning eshitish analizatorida hosil bo‘lishi bironta kuyning baland yoki past (ingichka yoki yo‘g‘on) tonda ijro qilinishidan qat’i nazar, uni tanib olinishiga (bir xilda idrok qilinishiga)imkon beradi. Munosabat refleksi narsaning ayrim xossalarining o‘zaro obyektiv bog‘liqligini aks ettirishdan iboratdir.
22-rasm. a – uchburchak; b –doira. Shunday qilib, idrok bitta sezgi organining ishi bo‘lavermay, balki boshqa bir qancha sezgi organlari, bir qancha analizatorlarning faoliyati mahsulidir. Lekin har bir idrokda sezgi organlaridan biri eng muhim o‘rin tutadi. Masalan, suratni idrok qilishda ko‘rish organi, musiqani idrok qilishda eshitish organi bosh o‘rinda turadi. Idrok ham sezgilar
kabi, bosh o‘rinda turadigan ana shu organlarga qarab: ko‘rish, eshitish,hid, maza va boshqa idrok xillariga bo‘linadi. Bulardan hayotimiz uchun eng muhimlari ko‘rish bilan eshitish idrokidir. Bulardan tashqari, idrokning yana aralash turi ham bor. Idrokning bu turida yolg‘iz bir sezgi organi emas, balki ikki, uch sezgi organi baravar muhim o‘rinda turadi. Ovozli kinofilm yoki operani idrok qilishda ko‘rish va eshitish sezgisi baravar muhim o‘rin tutishi aralash
idrokka misol bo‘la oladi. Idrokning mazmuni uning tarkibiga kirgan sezgilarning faqat oddiy
jami yig‘indisidan iborat bo‘lib qolmaydi (har bir idrok tarkibiga sezgilar kirishi bilan birga, odamning o‘tmishida hosil qilgan tajribalari va bilimlari ham kiradi). Masalan, 22 «a»-rasmni uchburchak va 22 «b»-rasmni doira deb idrok qilamiz, holbuki birinchi rasmda uchburchak emas, balki uch chiziq, ikkinchisida esa yarim doiradan boshqa narsa yo‘q.
Birinchi rasmda yo‘q burchaklarni va ikkinchi rasmda yetishmagan tomonini o‘zimizdan, o‘z tajribamizdan olib «qo‘shamiz» va bu rasmlarni uchburchak va doira deb idrok qilamiz. Biz o‘tmishdagi tajribamizda uchburchak va doiralarni ko‘p marta ko‘rganmiz, bu figuralar bilan
ko‘p marta ish ko‘rganmiz. Bu figuralarning obrazi miyamizda mustahkam o‘rnashib qolgan. Shu sababli, bu rasmlarni ko‘rishimiz bilan ilgari bizda hosil bo‘lgan tasavvurlar yana esimizga kelib, miyamizda uchburchak yoki doiraning yaxlit obrazi paydo bo‘ladi. Atrofimizdagi
hamma narsalarni idrok etish ana shunday amalga oshiriladi.