4.Shaxsning irodaviy sifatlari. Iroda faoliyatning ichki qiyinchiliklarni engishga qaratilgan ongli tuzilma va o`z-o`zini boshqarish sifatida eng avvalo o`ziga,o`z hissiyotlariga, hatti-harakatlariga hukmronlik qilishdir. Bu hukmronlik har xil odamlarda har xil bo`lib, irodasi kuchli va irodasi kuchsiz deyiladi.
Irodasi sustlikning namoyon bo`lish doirasi xuddi kuchli irodaning xarakterli sifatlari kabi rang-barangdir. Irodasi sustlikning eng quyi darajasi psixika normasi chegarasidan tashqarida bo`ladi. Abuliya va apraksiya, masalan, shunga kiradi.
Abuliya- bu miya xastaligi, shikastlanishi zaminida yuzaga keladigan, faoliyatning yo`qligidir. Vrachning aytganini bajarish zarurligini aniq bilgan bemor buning uchun biron narsani qilishga o`zini majbur qila olmaydi. Topshiriqni bajarishni iloji boricha arzimas sabablar bilan paysalga soladi.
Apraksiya - miya shikastlanishi natijasida kelib chiqadigan, harakatni maqsadga muvofiqligining murakkab buzilishidir. Masalan, qo`lini biror narsaga uzatib, uning yonidan o`tkazib yuboradi, yoki piyolani og`ziga emas elkasiga olib boradi, stoldagi ovqatni olib eya olmaydi. Abuliya va apraksiya og`ir kasallangan odamlarga xos, nisbatan kam uchraydigan xastalik.
Yalqovlik- kishining qiyinchiliklarni engishdan bosh tortishga intilishi, irodaviy kuch-g`ayrat ko`rsatishni qat’iy ravishda istamasligi iroda sustligining eng tipik ko`rinishidir.
Irodaning ijobiy fazilatlari juda xilma-xil va ko`pdir. Qahramonlik, sabotlilik, qat’iylik, mustaqillik, o`zini o`zi tuta bilish va b.
Irodaning mustaqilligi boshqa kishilarning fikrini, ularning maslahatlarini hisobga olishda ushbu fikrlar va maslahatlarga nisbatan ma’lum tanqidiylikni nazarda tutadi. Qat’iylik kabi mustaqillik asosan, irodaviy harakatni nazorat qilishning ichki to`xtab qolishini aniqlaydi. Irodaning mustaqilligi o`jarlikka, tanbeh berishga qarama-qarshi bo`ladi.
Irodaviy fazilatni baholash kuchli va kuchsiz o`lchov bilan ifodalanmasligi kerak. Irodaning tarbiyalanganligi, agar hal qiluvchi bo`lmasa ham, muhim ahamiyatga ega. (Har bir harakatni o`z o`rnida, meyorida qilish, ehtiyojni qondirish eng avvalo shaxsning o`z individual xususiyatlariga bog`liq).