Bolalikning turli yosh davrlarida tarbiyaning o’ziga xosliklari. Uyida tinchi yo’qning har qayerda tinchi yo’q deydilar. Darhaqiqat, oilasida baxtli bo’lgan kishi har qayerda ham –ishxonada, ko’cha-kuyda, do’stlar davrasida, sayru-sayohatda ham kayfiyati yaxshi bo’lib, ko’ngli ochilib, xursand yuradi. Bordi-yu, kishi oilada tinchi bo’lmasa, uyidan ko’ngli to’liq bo’lmay, o’zini baxtsiz sanar ekan, har doim bu baxtsizlik soya tashlab turadi va kishining ko’ngli chekkasi doim xafagazak bo’lib turadi.
Oilada totuvlik muhitining, oilaviy baxtning barqg’arorligi bir necha omillarga bog’liq, chunonchi, er-xotin o’rtasidagi chuqur mehr-oqibat, o’zaro hurmat va do’stlik, oila a’zolari o’rtasidagi qadr-qimmat, o’zaro sadoqat va h.k. Bu omillar qotarida ota-ona va kattalar bilan bolalar o’rasidagi munosabat alohida o’rinda turadi. Biz bu o’rinda ana shu muhim omil ustida to’xtalib o’tmoqchimiz.
Qariyalar, ota-onalar o’z turmush tajribalari orqali biroz bo’lsada, farzandlarning psixologik xususiyatlaridan xabardorlar. Lekin bu xabardorlik aksari umumiylik xususiyatiga ega bo’lib, bolalarning yosh va individual xususiyatlariga asoslanmagan bo’ladi. Shu tufayli ko’p oilalarda aksari ota-ona bilan bolalar o’rtasida «anglashilmovchilik g’ovi» vujudga keladi. Bunday munosabatni tubdan o’zgartirish lozim.
Ota-onalar farzandlarining o’zlariga xos psixologik xususiyatlarini yaxshi bilib olishlari zarur. Ayni vaqtda ular bolalarda ham katta yoshdagilarda va qariyalarga nisbatan iliq muhabbat, hurmat munosabat ideal sifatida qarash kabi his tuyg’ularni shakllantira borishi kerak. Farzandlarga qilingan yumshoq va qo’pol muomila ularning ruhiy dunyosida albatta ijobiy yoki salbiy taassurot qoldiradi. Bunday taassurot oqibati bolalarning o’yinlariga va o’qish faoliyatiga ham ta’sir qiladi. Shunga ko’ra, qariyalar va ota-onalar farzandlarining fe’l-atvorini, qiziqishini, umuman olganda ularning ruhiy dunyosini chuqur bilganlaritaqdirdagina oilada chinakam totuvlik muhiti mavjud bo’lishi mumkin.
Kichik yoshdagi bolalar maktab ostonalariga oyoq bosishlari bilan o’yin faoliyati o’sib o’tadi. O’qituvchi bilan notanish bolalar bilan muomila qilish ular uchun noqulay vaziyatni vujudga keltiradi. Ba’zi bolalar bunday holatning oldini olish uchun uni ortiqcha erkalatmaslik, qo’ygan talablarini hamisha amalga oshiravermaslik kerak. Uning o’rniga yangi vaziyatni bolaga sabr-toqat bilan tushuntirib borish zarur.
Bolalarga oilada talab bir xil bo’lishi yaxshi natija beradi. Ularga noto’g’ri yoki qalbaki ma’lumotlar, axborotlar berishdan saqalnish ma’qul. Bolaga yolg’on javob berish orqali ota-onaning farzand oldida obro’si pasayadi. Chunki u uyda olingan javob bilan o’qituvchisining javobiga solishtiradi va shu asnoda kim haq yoki nohaq ekanligini aniqlaydi. Bolalar tasavvurda boshlang’ich sinf o’qituvchisi donishmand, bilimdon sifatida namoyon bo’ladi.
Oilada kattalar obro’si qo’quv tug’dirish asosida emas, balki samimiylik, iliq hurmat zamirida namoyon bo’lishi maqsadga muvofiqdir. Oila a’zolarining o’zaro inoqligi, hatti-harakati, o’zga kishilar to’g’risidagi suhbatlari va ularning shaxsiy sifatlari bolaninshg murg’ak tasavvuriga yangi obrazlarni olib kirdi.
Kichik yoshdagi bolalar tarbiyaga beriluvchan hamda kishilarga ishonuvchan bo’ladilar. Ota-onalar ularning bu xususiyatlarini e’tiborga olgan holda munosabatda bo’lsalar oilada totuvlik qaror topadi.
O’smirlik davrida (11-15 yoshlar) bolalarning ruhiy dunyosida katta o’zgarishlar yuz beradi. Bu o’zgarishlarga qator omillar sababchi bo’ladi. O’smirning biologik rivojlanishi, maktab pedagogik jamoa tarkibining kengayishi, tevarak-atrof muhiti va boshqa omillar shular jumlasidan. Endi o’smirning maktabda, oilada, ko’cha-kuyda o’zini tutishi o’zgaradi, ijtimoiy-siyosiy masalalarga qarashi boshqacharoq tus oladi. Xuddi shu davrda o’smirlarning to’z shaxsiy fikrini qattiq ushlash, boshqalar fikriga tanqidiy munosabatda bo’lish, kamchiliklarga o’z vaqtida iqror bo’lmaslik, o’jarlik, o’zbilarmonlik, o’zini kattalardek his etish xususiyatlari ko’zga tashlana boshlaydi.
Ota-onalar o’smirlar bilan muloqotga kirishida ularning izzat-nafsiga tegmaslik hamda ularni kalaka qilmaslik zarur. Aks holda ularning ota-onaga bo’lgan muhabbati, samimiy hurmati o’rnini ko’ngil sovish, nafrat hissi egallashi mumkin. O’smirga haqiqatni silliq muomila orqali tushuntirish, uni ko’proq mas’uliyatli vazifalarni bajarishga tortish, diqqatini salbiy narsa va obyektlardan chetga burish lozim. Bu narsa o’smirda ishonch hamda oddiy g’urur hislarini vujudga keltiradi. Bundan tashqari, uni ota-ona oldidagi farzandlik burchini yurakdan, qalb amri bilan katta mas’uliyat bilan ado etishga chorlaydi.
O’smirlarning jinsiy tarbiyasiga rahnomolik qilish ota-onalarni farzandlarga yanada yaqinlashtiradi. Ota-ona hayotda farzandning murabbiysi, maslahatgo’yi, sirdoshi bo’lishi kerak.
Bitta oilada kamol topayotgan o’smirlarning yurish-turishi, mehr-oqibati, aqliy kamoloti turlicha bo’ladi. Shuning uchun ular bilan muomila qilishda shaxsiy xususiyatlarini hisobga olgan ish tutsa, oilada o’zaro tushunish, totuvlik, hamjihatlik hamda sog’lom psixologik muhit vujudga keladi. Bu o’rinda otaning onaga yoki aksincha onaning otaga qilgan muomilalari ham shu muhit shart-sharoitiga tubdan mos tushishi shart. Chunki ota-onaning o’zaro totuv hayot kechirishi oilaning tarkib topishi borasida asosiy va eng muhim omildir.
Ilk o’spirinlar esa (16-18 yoshlar) o’zlarining psixologik xususiyatlari bilan boshqa bolalardan keskin farq qiladilar. Ular endi ham jinsiy, ham jinsiy, ham aqliy jihatdan ancha voyaga yetgan yigit-qizlardir. Ularda shaxsiy dunyoqarash, xarakter xislatlari, o’z-o’zini boshqarish kabi individual-psixologik xislatlar tarkib topgan bo’ladi. Ular vazmin xarakterli, mulohazali, katta yoshdagilarga hurmat ehtirom bilan qarovchi, ota-oanalarning ham endilikda shu o’spirin farzandlari bilan maslahatlashib ish tutishlari, didlariga, mulohozalariga quloq solishlari, umuman ularning rayiga qarashlari, ko’p o’rinda hisoblashishlari lozim.
Ba’zan o’spirinlar orasida tarbiyasi qiyinlar ham uchraydi. Ota-onalar ularga boshlovchi sabablarni aniqlab, unday illatlarga qarshi kurash olib borishlari shart. Agar bu mushkullik oilada psixologik muhitga salbiy ta’sir etaversa, bu haqda pedagog jamoaga va keng jamoatchilikka murojaat qilgan ma’qul.
O’spirinlik davrida insoniyat uchun eng muqaddas, nozik tuyg’u-muhabbat kurtagi paydo bo’ladi. Shu tuyg’u tufayli o’spirinning ruhiy olamida ayrim o’zgarishglar yuz beradi. Ota-onalar farzandlarining bunday tuyg’usidan xabardor bo’lishi, bu yo’lda unga to’g’ri maslahatlar berishi, namunalar keltirishi, endigina kurtak yozib kelayotgan murg’ak tuyg’usiga bolta urmasliklari kerak. Ba’zi o’spirinlarda ko’pincha kiyinishi, yurish-turishida haddan tashqari bachkanalik hollari uchrab turadi. Bunday paytda ota-onalar majbur qilish, haqoratlash, farzandning izzat-nafsiga tegish yo’li bilan emas, balki samimiy suhbat orqali tushuntirish orqali ta’sir etish va oqibat natijasini eslatish orqali uni bu yo’ldan qaytarish mumkin.
O’spirinlarga kasb tanlash jarayonida to’g’ri yo’llanma berish, ularning qiziqishlari bilan hisoblashtsh juda muhim. Ayrim ota-ona farzandlarini o’z mayliga, intilishiga, ra’yiga qaramasdan oliy o’quv yurtlarigsha kirib o’qishga majbur qiladi. Natijada bo’lajak kasbini sevmagan yigit va qiz o’quv dargohini tashlab ketadi. Bunday ko’ngilsiz hollar oila tinchligini buzadi, farzandlar bilan ota-ona o’rtasida qattiq koyinishlar vujudga keladi.
Shunday qilib, oiladagi psixologik sog’lom muhit, totuvlik hamisha mavjud va barqaror bo’lishi uchun qariyalar, ota-onalar o’z farzandlarining ruhiy dunyosini bilishlari va ularning individual-tipologik, psixologik xususiyatlarini hisobga olib ish tutishlari maqsadga muvofiq. Farzandlar esa, o’z navbatida, qariyalarning, ota-onalarning psixologik xususiyatlaridan xabardor bo’lishlari va ular bilan muloqat qilishda ehtiyotkorlik ko’rsatishlari zarur. Ana shu ikkiyoqlama o’zaro sog’lom va oqilona munosabat oilada sog’lom psixologik muhitning vujudga kelishida muhim omil bo’lib xizmat qiladi.