Tilshunoslikning grammatik davri qadimgi yunon tilshunosligida
Iskandariya davri deb ham yuritiladi va u makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy
nomi bilan bog‘liqdir. Makedonskiyning harbiy yurishlari tufayli O‘rta Yer
dengizi, O‘rta Sharq, Qora dengiz atroflari hamda hozirgi Yevropa mintaqalariga
grek madaniyati, ilm-fani tarqaldi va Sharq madaniyati bilan qo‘shilib ketib,
aralash madaniyat – ellinizmni vujudga keltirdi. Iskandariya ellinizm
madaniyatining va ilm-fanning eng yirik markazi hisoblandi va e. av. III asrdan
boshlab hatto Afina va Rim ham Iskandariya bilan tenglasholmadi. Harbiy
yurishlar natijasida to‘plangan 700 ming jildga yaqin nodir asarlar olamshumul
Aleksandriya kutubxonasining hamda shu asosda Aleksandriya maktabining
yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.
Tilshunoslikning grammatik davrida Iskandariya maktabi vakillari yunon
tili fonetikasi, morfologiyasi va sintaksisi bo‘yicha jiddiy tadqiqot ishlari olib
borganlar, xususan, morfologiyaga oid masalalar mukammal ishlab chiqilgan. Ular
tovushlarni akustik prinsip asosida tahlil qilib, tovush va harflarni bir narsa, deb
hisobladilar, harflarni unli va undoshga ajratdilar. Unli harflarga o‘zini alohida
eshitish mumkin bo‘lgan tovushlar sifatida, undosh harflarga esa unlilar bilangina
talaffuz qilinadigan talaffuz qilinadigan tovushlar sifatida qaradilar. Shuningdek,
bo‘g‘in, urg‘u masalalar bo‘yicha ham ayrim ma’lumotlar berishdi. Iskandariya
maktabining asosiy xizmati shunda bo‘ldiki, ular grammatikani falsafadan
ajratdilar.
Bunda, albatta, Sharqdan keltirilgan nodir qo‘lyozmalarning ta’siri katta
bo‘lgan. Demak, qadimgi Yunoniston va Rim madaniyatining rivojlanishida
qadimgi misrliklar, shumerlar, finikiyaliklar, qadimgi Eron va Turon xalqlarining
ham sezilarli hissasi bor. Aleksandriya maktabida ulug‘ shoir, yozuvchilar,
matnchilar ijod qilishgan. Ularning oldiga qo‘yilgan dastlabki vazifa - qadimgi
qo‘lyozmalarni, ayniqsa, Gomer asarlarini o‘rganish, shuningdek, Sharqdan
keltirilgan nodir qo‘lyozmalarni tarjima qilish va tahlil qilishdan iborat edi. Ushbu
maktabning eng yirik namoyandalari Zenodot, Aristarx (e.av.II asr oxiri), Dionisiy
(eramizning II asri boshlari), Appoloniy Diskol (II asrning 2-yarmi) larning tahliliy
ishlari natijasida grammatik kategoriyalar, klassifikatsiya ta’limotlari yaratildi.
Dostları ilə paylaş: |