ETNOLINGVISTIKA
Etnolingvistika atamasi grekcha “etnos“ xalq, qabila so‘zlaridan olingan bo‘lib,
XIX asrning 70-yillarida Amerika hindularining tili, madaniyati va urf-odatlarini
o‘rganishning kuchayishi tufayli yuzaga kelgan. Ma’lumki, xalq tarixida, turmush
tarzida yuz bergan har bir voqea, urf-odatlar uning tilida aks etadi, shuning uchun
til bilan uning egasi bo‘lgan xalq o‘rtasida uzviy aloqa mavjud. Toponim,
etnonimlarni xalqning tarixini bilmay turib o‘rganib bo‘lmaydi, shuningdek,
etnografiya ham tilshunoslikka qimmatli materiallar beradi. Til amaliyoti va
rivojlanishida etnomadaniyat, etnopsixologik omillarni o‘rganish ehtiyoji
tilshunoslikda etnolingvistika yo‘nalishini yuzaga keltirdi.
Etnolingvistikaning mustaqil lingvistik yo‘nalish sifatida shakllanishida
amerikalik tilshunos, etnograf F.Boasning xizmatlari katta bo‘lgan. U va uning
izdoshlari hindular tilini tillar va madaniyatlarning o‘zaro ta’siri, bilingvizm
masalalari bilan bog‘liq holda o‘rgandilar. Bu yo‘nalishning ilk davrida ko‘proq
etnografiya masalalari bilan shug‘ullanilgan, faqat o‘tgan asrning 20-yillaridan
boshlab muammoning lingvistik tomoniga ahamiyat berilgan. Masalan, alla
(qo‘shiq) yoki sumalakning tarixi, mazmun-mohiyati, ular bilan bog‘liq urf-
odatlarning turlari etnorgafik masalalar bo‘lsa, shu so‘zlarning qo‘llanishi, turli
davrlardagi variantlari, ulardagi lingvistik vositalar, shu so‘zlar bilan bog‘liq
assotsiativ aloqalar masalalari masalaning lingvistik tomoni hisoblanadi.
50-yillardan boshlab tilshunoslikda semantikaga katta e’tibor qaratilishi
etnolingvistika masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirdi. Turli tillardagi ijtimoiy
madaniy so‘zlar (masalan, qarindosh-urug‘ nomlari, milliy realiyalar), turli etnik
guruhlarda qo‘llanadigan paralingvistik vositalar, folklor materiallarini o‘rganish
ham etnolingvistikaning o‘rganish ob’ektiga kiritildi. Folklor materiallariga e’tibor
qaratilishi til va madaniyat o‘rtasidagi aloqaning yangi turlarini ochishga
imkoniyat yaratdi va etnolingvistikaning o‘rganish doirasini kengaytirdi. Hozirgi
kunda etnolingvistika dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida tilshunoslikda
alohida yo‘nalish sifatida e’tirof etilgan va bu yo‘nalish bo‘yicha keng tadqiqot
ishlari olib borilmoqda.
|