1. Kataklastik metamorfizm yoki dinamometamorfizm. — tog’ jinslarining bir tomonlama asosan bosim ostida o’zgarishidir. Dinamometamorfizmda tog’ jinslari mexanik deformatsiyaga uchraydi (slanetslanish, maydalanish va plastik oqish). Bunday metamorfizm tog’ jinslarida qayta kristallanishsiz va kimyoviy reaksiyalarsiz sodir bo’ladi. Tog’ jinslarining teksturasi, strukturasi va qisman mineralogik tarkibi o’zgaradi.
Granitlar kuchli bosim ostida sekin-asta kataklastik, (ortogneysga) aylanadi. Juda kuchli bosim va mexanik metamorfizm natijasida tog’ jinsi o’zining dastlabki holatini yo’qotib, juda mayda strukturaga ega bo’lib qoladi, bunday yo’l bilan paydo bo’lgan jinslar milonit deb ataladi.
Shunday kataklastik, brekchiyasimon va milonitlashgan jinslar boshqa jinslardan ham paydo bo’lishi mumkin. Masalan, yer qatlamlarida bosimning ortib borishi natijasida gil —gilli slanetsga, so’ng fillitga va nihoyat, kristalli slanetsga aylanadi. Bunday gilli slanetslar O’zbekistonning shimoli-g’arbidagi Turkiston va Nurota tog’laridagi ordovik, silur yotqiziqlarida uchraydi.
2. Avtometamorfizm.Magmatik tog’ jinslarini haroratini pasayishini ulardagi uchuvchan va tez harakatlanuvchan komponentlar hamda gidrotermal suyuqliklar ta`siridan o’zgarishiga avtometamorfizm deyiladi.
3. Termal metamorfizm. Magma litosferaning yuqorigi qatlamlariga
ko’tarilishidan cho’kindi va boshqa jinslarini ko’tarib yoki yorib chiqib, atrofidagi tog’ jinslarini o’z issiqligi bilan qizitadi, bir qismini eritadi va ular bilan kimyoviy reaksiyaga kirishib, o’zgartiradi. Termal metamorfizmni muhim xillaridan kontakt metamorfizm hisoblanadi. Bu hodisa intruzivga yondosh jinslar bilan sodir bo’ladi, Bu jarayon ikki xil tog’ jinsi chegarasida vujudga kelgani uchun kontakt metamorfizmi deb yuritiladi. Kontakt metamorfizm o’z navbatida ikkiga; kontakt termal metamorfizmga va kontakt metasomatik metamorfizmga bo’linadi.
Kontakt termal metomorfizmda endo va ekzokontakt o’zgarishlar kuzatiladi. Birinchisiga intruziv jinslar chegarasidagi o’zgarishlar, ikkinchisiga atrof jinslardagi o’zgarishlar kiradi. Termal metamorfizm xillaridan biri pirometamorfizmdir. Bunda o’zgarishlar suyuq lava va undagi atrof jinslar bo’laklari o’rta sida ro’y beradi.
Kontakt metasomatik metamorfizmda magma suv va karbonat kislotasi bilan birga boshqa elementlarni ham chiqarib yoki qabul qilib atrofdagi jinslarning kimyoviy tarkibini o’zgartiradi. Bu jarayonda skarnlar, rudali, metasomatik jinslar paydo bo’ladi. Termal metamorfizmning regional metamorfizmdan farqi bosimninig kuchsizligi va magmaning yon jinslarga qisqa vaqt ta`sir etishidadir. Shuning uchun o’zgargan tog’ jinslarining zonasi uncha katta bo’lmay, u faqat ikki jins kontakti atrofida mavjud bo’ladi. Natijada magma yonidagi cho’kindi jinslar qayta kristallanadi, ba`zan hatto kimyoviy tarkibi o’zgarib ketadi. Masalan, kontaktga yaqin joydagi ohaktosh qatlami kristallanib marmarga aylanadi. Gil va qumtoshli jinslar rogovik va kristalli jinslarga aylanadi. Magma chegarasidan uzoqlashgan sari cho’kindi jinslar metamorfizmning faolligi kamaya boradi. Bunday jinslarni yer yuziga chiqib qolgan va yemirilgan joylarda uchratish mumkin. Masalan: O’zbekistonning g’arbidagi Qoratepa va Zirabuloq tog’laridagi granit intruzivi kontaktdagi jinslar bunga juda yaxshi misol bo’la oladi.