5.2. Iste’molchilarga elektr energiyasi etkazib berishda
tabaqalashtirilgan tariflarni qo‘llashning iqtisodiy mohiyati
Bevosita hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr tarmoqlaridan
hamda iste’molchilar yoki subiste’molchilar elektr tarmoqlari orqali uzatilayotgan
elektr energiyasi uchun iste’molchilar bilan hisob-kitoblar elektr energiyasining
belgilangan tartibda tasdiqlangan tegishli tariflari bo‘yicha elektr ta’minoti
shartnomasiga asosan amalga oshiriladi.
Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish maqsadida iste’molchilarni tarif
guruhlari bo‘yicha taqsimlanishi Elektr va issiqlik energiyasi iste’molchilarining tarif
guruhlari to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq belgilanadi.
Elektr energiyasiga tariflar bir stavkali va ikki stavkaliga bo‘linadi. Bunda:
-bir stavkali tarif iste’molchiga yetkazib berilgan har bir kVt soat elektr
energiyasi uchun haq to‘lashdan;
-ikki stavkali tarif yagona elektr energiyasi tizimining eng katta yuklamasida
ishtirok etuvchi, buyurtma berilgan har bir kVt quvvat uchun (asosiy to‘lov) va
yetkazib berilgan elektr energiyasining har kVt soati uchun iste’molchi tomonidan
haq to‘lashdan (qo‘shimcha to‘lov) iborat bo‘ladi.
Elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilishda, iste’molchida ko‘p tarifli
hisobga olish pribori mavjud bo‘lgan taqdirda, belgilangan tartibda tasdiqlangan
tabaqalashtirilgan tarif qo‘llanishi mumkin. Tabaqalashtirilgan tarif sutkaning
quyidagi davrlarida iste’mol qilingan har bir kVt.soat elektr energiyasi uchun haq
to‘lashdan iborat bo‘ladi:
-yarim tig‘iz davr - asosiy tarif (sutkaning yorug‘ vaqti);
-tig‘iz davr - eng yuqori tarif (yagona energiya tizimining eng katta yuklamali
vaqti - ertalabki va kechki "eng katta miqdor");
-tungi davr - imtiyozli tarif (sutkaning qorong‘i vaqti).
Asosiy tarif (T)ning miqdori iste’molchilarning har bir guruhi uchun
belgilangan tartibda tasdiqlangan tarifga muvofiq bo‘ladi.
Bir necha tarif guruhlariga ega bo‘lgan iste’molchilar bilan hisob-kitoblar, har
bir tarif guruhiga o‘rnatilgan hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga
oshiriladi.
Elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar elektr ta’minoti shartnomasiga
muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonasi yoki iste’molchining o‘zi tomonidan
yoziladigan to‘lov hujjatlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning
avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib
berish oldindan to‘langan haq doirasida amalga oshiriladi.
Elektr ta’minoti shartnomalarida (maishiy iste’molchilardan tashqari) hisobot
davrida elektr ta’minoti shartnomasida ko‘rsatilgan miqdorga nisbatan 5 foizdan ko‘p
elektr energiyasi iste’mol qilinganda, hisob-kitob davri uchun elektr ta’minoti
shartnomasida ko‘rsatilgandan ortiq iste’mol qilingan jami hajm uchun belgilangan
tarifning 50 foizi miqdorida hududiy elektr tarmoqlari korxonasi foydasiga jarima
sanktsiyalari to‘lanishi ko‘zda tutiladi.
Hisobga olish jihozlaridan ko‘rsatkichlar yozib olinmagan taqdirda hududiy
elektr tarmoqlari korxonasi, keyinchalik hududiy elektr tarmoqlari korxonasi
tomonidan iste’molchi bilan birgalikda aniqlangan amalda iste’mol qilingan elektr
energiyasi uchun qayta hisob-kitob qilgan holda, elektr energiyasi iste’molining
shartnomadagi miqdori bo‘yicha hisob-kitob qiladi.
Elektr ta’minoti shartnomasi bo‘yicha iste’molchi sifatida maishiy iste’mol
uchun elektr energiyasidan foydalanuvchi jismoniy shaxs ish ko‘rganda, hududiy
elektr tarmoqlari korxonasi iste’molchi tomonidan u foydalangan elektr energiyasi
uchun haq to‘lanmagan taqdirda, elektr ta’minoti shartnomasining bajarilishi bekor
qilinishi mo‘ljallanayotgan kundan kamida bir oy oldin iste’molchini ogohlantirgan
holda, elektr ta’minoti shartnomasi bajarilishini bir tomonlama tartibda rad etishga
haqlidir.
To‘lov hujjatida xatolar yoki hisobga olish priborlari ko‘rsatkichida
noaniqliklar aniqlangan taqdirda, iste’molchi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga
darhol murojaat qilishi kerak.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, iste’molchi murojaat qilgan kundan
boshlab o‘n sutkadan kechiktirmay, hisob-kitobni tekshirishi, zarurat bo‘lganda esa
hisobga olish priborini ko‘rikdan o‘tkazishi kerak.
Hisobga olish priborlarini ko‘rikdan o‘tkazish yoki to‘lov hujjatidagi
xatoliklar to‘g‘risida murojaat qilish iste’molchini to‘lov hujjatidagi to‘lovni
belgilangan muddatda to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.
Agar hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlaridagi aniqlik chegarasidan
og‘ishlar mazkur hisobga olish pribori uchun belgilangan aniqlik chegaralaridan ortiq
bo‘lmasa, bunday chetga chiqishlar yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan chetga chiqishlar
deb hisoblanadi.
Agar to‘lov hujjatini tekshirish yoki hisobga olish priborini ko‘rikdan
o‘tkazishdan keyin (shu jumladan iste’molchi murojaat qilmasa ham) qayta hisob-
kitob qilish zarurligi aniqlansa, bunday qayta hisob-kitob hududiy elektr tarmoqlari
korxonasi tomonidan elektr energiyasi uchun navbatdagi to‘lov hujjatini yozishda
amalga oshiriladi.
Hisobga olish jihozlari iste’molchining aybi bilan buzilgan (plombasi
buzilgan, oynasi singan va shu kabilar), hisobga olish priborini ishga tushirish
sxemasi o‘zgargan, hisobga olish priboridan tashqari elektr qabul qilgichlar ulangan
yoki elektr energiyasi boshqacha usulda o‘g‘irlangan hollarda, hududiy elektr
tarmoqlari korxonasi iste’molchini elektr tarmog‘idan uzib qo‘yishga haqlidir va
hisobga olish priborlari oxirgi marta o‘zgartirilgan yoki ularni ulash sxemasi
tekshirilgan kundan boshlab butun o‘tgan, ammo da’vo muddatidan ko‘p bo‘lmagan,
davr uchun elektr qabul qilgichlarning ulangan quvvati va iste’molchining elektr
ta’minoti shartnomasida ko‘rsatilgan ishlash soatlari bo‘yicha energiya sarfini qayta
hisoblab chiqishi shart. Bunda hisobga olish pribori ko‘rsatkichini yozib olish ulash
sxemasini tekshirish deb hisoblanmaydi.
Elektr energiyasi sarfini qayta hisob-kitob qilish iste’molchini elektr
energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan
tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Elektr energiyasini hisobga olish iste’molchining aybisiz vaqtinchalik
buzilganda yetkazib berilgan qilingan elektr energiyasi uchun hisob-kitob hududiy
elektr tarmoqlari korxonasining qarori bo‘yicha, hisobga olish buzilishiga qadar
bo‘lgan oldingi hisob-kitob davridagi yoki hisobga olish tiklangandan keyingi
davrdagi o‘rtacha sutkalik sarf bo‘yicha amalga oshiriladi.
Elektr energiyaning o‘rtacha sutkalik sarfi bo‘yicha hisob-kitob qilish davri
bir oydan oshmasligi kerak, shu vaqt ichida hisobga olish tiklanishi zarur.
Agar hisobga olish jihozni, ob’yektiv sabablarga ko‘ra, ko‘rsatilgan muddatda
(tok transformatorining, hisobga olish jihozlarining yo‘qligi, o‘tib bo‘lmaydigan
yo‘llar va shu kabilar tufayli) tiklash imkoniyati bo‘lmasa, iste’molchiga yetkazib
berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob qilish tartibi va hisobga olishni tiklash
muddati iste’molchi va hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ikki tomonlama
bitimi bilan belgilanishi kerak.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi va iste’molchi o‘rtasida hisob-kitob
qilish uchun aktiv va reaktiv energiyani, shuningdek quvvatni hisobga olish hududiy
elektr tarmoqlari korxonasi va iste’molchi tarmoqlarining balans bo‘yicha mansublik
chegarasida amalga oshiriladi.
Hisob-kitob davrida iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi
miqdori va xuddi shu davrda hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qabul
qilingan elektr energiyasi miqdori o‘rtasidagi tafovut, "O‘zdavenergonazorat" DI
tasdiqlagan me’yorlar miqyosida ushbu elektr tarmoqlarida uzatish vaqtida ularning
isrof bo‘lishiga ketgan elektr energiyasi texnologik sarf miqdorini chegirgan holda,
hududiy elektr tarmoqlarining davr xarajatlariga o‘tkaziladi va yuridik shaxslarning
foyda solig‘ini hisoblashda chegirilmaydi.
Elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning
avtomatlashtirilgan tizimi bilan qamrab olinmagan elektr tarmoqlariga nisbatan 2011
yil oxirigacha bo‘lgan davrda amal qiladi.
Hisobga olish jihozni elektr tarmog‘ining balans bo‘yicha mansublik
chegarasida o‘rnatilmaganda, elektr tarmog‘ining chegarasidan hisobga olish pribori
o‘rnatilgan joyigacha bo‘lgan uchastkadagi elektr energiyasining texnologik sarfining
hajmi iste’molchi bilan birgalikda hisoblash yo‘li orqali aniqlanadi va elektr
tarmog‘ining balans bo‘yicha mansubligiga qarab hududiy elektr tarmoqlari
korxonasining va iste’molchining hisobiga o‘tkaziladi.
Elektr energiyasi yagona elektr energetika tizimidan tranzit bo‘yicha
iste’molchining elektr tarmog‘i orqali hududiy elektr tarmoqlari korxonasining elektr
tarmog‘iga uzatilganda, iste’molchi tarmoqlaridagi elektr energiyasi texnologik
sarfining bir qismi, iste’molchining elektr tarmog‘iga kelib tushgan elektr
energiyasining umumiy miqdoriga nisbatan hududiy elektr tarmoqlari korxonasining
elektr tarmog‘iga iste’molchi tomonidan uzatilgan elektr energiyasi miqdoriga
mutanosib ravishda yagona elektr energetikasi tizimining elektr tarmoqlaridagi
texnologik sarflarga o‘tkaziladi.
Iste’molchining aybi bilan elektr ta’minoti shartnomasida ko‘rsatilgan elektr
energiyasi hajmi to‘liq iste’mol qilinmagan taqdirda, avans tariqasida to‘langan
mablag‘lar qaytarib berilmaydi va elektr energiyasi uchun keyingi hisob-kitoblarda
hisobga olinadi.
Iste’molchining elektr energiyasi uchun qarzi bo‘lgan taqdirda uning avans
to‘lovi hisobiga o‘tkazilgan mablag‘lari qarzni qoplashga yo‘naltiriladi va avans
to‘lovi sifatida hisobga olinmaydi.
Iste’molchi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitob
bo‘yicha o‘zaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasini imzolash rad etilgan
taqdirda, qarzni undirish tuzilgan elektr ta’minoti shartnomasiga muvofiq
shartnomaviy hajmdan kelib chiqqan holda iste’molchining bankdagi hisob raqamiga
to‘lov talabnomasi qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Iste’molchi egallab turgan binosidan uni berish, sotish yoki boshqa sabablarga
ko‘ra ko‘chib ketgan taqdirda, u bu haqda hududiy elektr tarmoqlari korxonasini
yozma shaklda xabardor qilishi hamda elektr energiyasi uchun ko‘chib ketish
kunigacha to‘liq hisob-kitob qilishi shart, shundan so‘ng hududiy elektr tarmoqlari
korxonasi ob’ektga elektr energiyasi etkazib berishni to‘xtatadi. Yangi iste’molchini
rasmiylashtirish va elektr qurilmalarini elektr tarmog‘iga ulash belgilangan tartibda
amalga oshiriladi.
Tomonlar, ularning xohish va harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan tabiiy ofatlar
yoki ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatlar sababli ushbu sharoitlarda qaytarib bo‘lmaydigan
va oldindan bilib bo‘lmaydigan favqulodda holatlarni o‘z ichiga olgan yengib
bo‘lmas kuch (fors-major) oqibatida o‘z zimmasiga olingan majburiyatlarni bajara
olmasa, tomonlardan hech biri o‘z majburiyatlarini to‘liq yoki qisman bajarmaganligi
uchun javob bermaydi.
Agar ko‘rsatilgan fors-major holatlari majburiyatlarning shartnomada
belgilangan muddatlarda bajarilishiga ta’sir qilsa, u holda ushbu muddatlar fors-
major holatlarining amal qilish, ammo elektr ta’minoti shartnomasining amal qilish
muddatidan ko‘p bo‘lmagan vaqtga uzaytiriladi.
Elektr qurilmalari iste’molchilar tomonidan hududiy elektr tarmoqlari
korxonasining elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan taqdirda, elektr
qurilmalari elektr tarmog‘idan darhol uzib qo‘yiladi, iste’molchidan esa ruxsatsiz
iste’mol qilingan elektr energiyasining qiymati iste’molchi rasmiy ravishda davlat
ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘tgan vaqt mobaynida (tasdiqlovchi
hujjatlar mavjud bo‘lganda) yoki da’vo muddati uchun ulangan elektr uskunalarining
belgilangan quvvat bo‘yicha sutkasiga 24 soat davomida ishlashi hisobidan
undiriladi.
Bunda ruxsatsiz iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining undirilishi
elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida
belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tuman, shahar, iqtisodiy zona (sanoat
zonasi) doirasida elektr energiyasi uchun to‘lovni yig‘ish funktsiyalarini belgilangan
tartibda xususiy operatorga o‘tkazishi mumkin.
Elektr energiyasi uchun to‘lovni yig‘ish funktsiyalarini bajaruvchi xususiy
operatorlar o‘z faoliyatini belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
Dostları ilə paylaş: |