Qabul qilingan sug‘urta majburiyatlari bajarilishini ta’minlash uchun sug‘urtalovchilar ham so‘mda, ham chet el valutasida to‘langan sug‘urta mukofotlaridan maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan tartibda va shartlarda sug‘urta zaxiralarini shakllantiradilar hamda joylashtiradilar.
Sug‘urtalovchining sug‘urta zaxiralariga mos keluvchi aktivlari olib qo‘yilishi mumkin emas.
Sug‘urtalovchilar ayrim tavakkalchiliklar bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p miqdordan va majburiyatlar jamining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p miqdoridan ortiq majburiyatlarni o‘z zimmalariga olishlari mumkin emas, ularning bu majburiyatlarni bajarish qobiliyati to‘lovga qobiliyatlilik normativlariga va moliyaviy barqarorlikning boshqa talablariga muvofiq qayta sug‘urta qilingan hollar bundan mustasnodir. Sug‘urtalovchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida o‘z majburiyatlarini belgilangan tartibda qayta sug‘urta qilishga haqlidirlar.
(22-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 11apreldagi O‘RQ-323-sonli Qonuni tahririda – O‘R QHT, 2012-y., 15son, 165-modda)
23-modda. Sug‘urtalovchilar buxgalteriya hisobining o‘ziga xos xususiyatlari
Sug‘urtalovchilar, sug‘urta brokerlari va qayta sug‘urta brokerlari maxsus vakolatli davlat organi belgilaydigan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda qonun hujjatlariga muvofiq buxgalteriya hisobini yuritadilar.
24-modda. Monopolistik faoliyatga yo‘l qo‘yilmasligi
Sug‘urta bozorida raqobatni cheklash yoki bartaraf etishga, bir sug‘urtalovchilarga boshqalariga qaraganda asossiz afzalliklar berilishiga yoki olinishiga, sug‘urta qildiruvchilar va boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga qaratilgan faoliyatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sug‘urta bozorining professional ishtirokchilariga o‘z uyushmalari (ittifoqlari) va boshqa birlashmalaridan sug‘urta bozorini monopollashtirishga qaratilgan bitimlarga erishish yo‘lida foydalanish taqiqlanadi.
(24-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2012yil 11-apreldagi O‘RQ-323-sonli Qonuni tahririda – O‘R QHT, 2012-y., 15-son, 165-modda)