Agentlik bitimi – sug‘urtalovchi va yuridik yoki jismoniy shaxs o‘rtasida tuzilgan shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra yuridik yoki jismoniy shaxs sug‘urtalovchining nomidan va uning topshirig‘iga asosan sug‘urta shartnomalarini tuzadi yoxud sug‘urta polislarini sotadi.
Adjaster – sug‘urta hodisalari sodir bo‘lganda uning kelib chiqish sabablari, tavsifi va zarar miqdorini aniqlash bilan shug‘ullanadigan shaxs. O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunida adjasterlarning huquq va majburiyatlari aks ettirilgan.
Aktuariy – sug‘urta kompaniyasida tariflar, zaxiralar va majburiyatlarni hisob-kitob qilish bilan shug‘ullanadigan hamda matematik statistika va ehtimollar nazariyasining qonun-qoidalarini mukammal egallagan mutaxassis. O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunida aktuariylarning huquq va majburiyatlari aks ettirilgan.
Anderrayter – risklarni tahlil qilish natijasida obyektlarni sug‘urtaga olish yoki olmaslik bo‘yicha sug‘urtalovchi tomonidan berilgan vakolatga ega shaxs. U sug‘urtalovchi portfelining sifatli shakllanishi uchun mas’uldir. Sug‘urtaning shartlari, tarif stavkalari va risk darajasini aniqlash yuzasidan tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lish kerak.
Bern ittifoqi – kredit va investitsiyalarni sug‘urtalovchilarning xalqaro ittifoqi. Yaponiyadan tashqari, boshqa sanoati taraqqiy etgan davlatlarning kreditlarni sug‘urta qilish bilan shug‘ullanadigan sug‘urta kompaniyalarini o‘z tarkibiga birlashtiradi. «O‘zbekinvest» eksportimport milliy sug‘urta kompaniyasi Bern ittifoqiga a’zo sug‘urtalovchi sifatida uning barcha majlislarida ishtirok yetib keladi. Bern ittifoqining asosiy vazifasi axborot va tajriba almashish, eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilish hisoblanadi.
Bonus – hayotni sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta zaxiralarini investitsiyalashdan olingan foyda hisobiga mazkur sug‘urta polisi egasi tomonidan to‘langan sug‘urta mukofotlari summasiga qo‘shimcha to‘lanadigan pul mablag‘i.