Uz Sugurta Umid doc


Hayotni sug‘urta qilish bozori



Yüklə 2 Mb.
səhifə4/115
tarix26.11.2023
ölçüsü2 Mb.
#135168
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   115
Ozbekiston sugurta bozori Shennayev X 038ed

1.3. Hayotni sug‘urta qilish bozori


Dunyoning taraqqiy etgan davlatlarida hayotni sug‘urta qilish bozori umumiy sug‘urta xizmati bozoriga qaraganda yuksak darajada rivojlangan. Masalan, AQSh, Yaponiya va Yevropaning ba’zi davlatlarida sug‘urtalovchilar tomonidan to‘plangan jami sug‘urta mukofotlari tarkibida hayotni sug‘urtalash bo‘yicha yig‘ib olingan sug‘urta mukofotlari katta salmoqqa ega. O‘zbekistonda hayotni sug‘urta qilish bozori shakllanish jarayonini boshidan kechirmoqda. 2002-yil 5-aprelda «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan hayotni sug‘urta qilish sug‘urta faoliyatining, binobarin sug‘urta bozorining alohida tarmog‘iga aylandi.

2-jadval Hayotni sug‘urta qilish tarmog‘i



Klass tartib raqami

Klassning nomi

Mazmuni va sug‘urta qilish shartlari bo‘yicha talablar

I klass

Hayot va annuitetlar

Quyidagi hollarda sug‘urta summalari to‘lash bo‘yicha sug‘urtalovchining majburiyatlarini nazarda tutuvchi, bir yildan ortiq muddatga amal qiluvchi hayotni sug‘urta qilish turlari jami:

  • sug‘urta qilinuvchining sug‘urta muddati tamom bo‘lgungacha yoki sug‘urta shartnomasida belgilangan yoshgacha yashashi;

  • sug‘urta qilinuvchining vafot etishi; shuningdek, sug‘urta shartnomasi amal qilishi davridagi joriy to‘lovlar (annuitetlar), III klass bundan mustasno

II klass

Nikoh va tug‘ilish

Nikohga kirishda yoki bola tug‘ilganda sug‘urta summasi to‘lanishini ta’minlovchi, bir yildan ortiq muddatga amal qiluvchi hayotni sug‘urta qilish turlari jami

III klass

Hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish

Umrbod renta to‘lanishi bilan birgalikda hayotni sug‘urta qilish turlari jami

IV klass

Sog‘liqni sug‘urta qilish

Ko‘rsatib o‘tilgan sug‘urta davri kamida besh yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki sug‘urta qilinuvchining pensiya yoshiga yetguniga qadar belgilanishi sharti bilan baxtsiz hodisa yoki muayyan turdagi baxtsiz hodisa yoki kasallik yoki kasallanish tufayli qattiq shikastlanish natijasida mehnatga layoqatlilikni yo‘qotganda sug‘urta summalari to‘lanishini ta’minlovchi hayotni sug‘urta qilish turlari jami. Bunda shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta davri sug‘urtalovchi tomonidan bir tomonlama tartibda bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin emas

2003-yil dekabrda «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi muassisligida hayotni sug‘urtalashga ixtisoslashgan dastlabki sug‘urta kompaniyasi – «O‘zbekinvest Hayot» sho‘ba sug‘urta kompaniyasi tashkil etildi. Mazkur sho‘ba sug‘urta kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslariga hayot va sog‘likni sug‘urta qilish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • hayotni sug‘urtalash tarmog‘ining barcha klasslari va umumiy sug‘urta tarmog‘ining I va II klasslari bo‘yicha sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish;

  • tegishli sug‘urta mahsulotlarini taqdim etish orqali O‘zbekiston Respublikasi aholisi keng qatlamini ijtimoiy himoyalash vositalarini rivojlantirish;

  • hayotni va sog‘liqni sug‘urtalashning xalqaro standartlari amaliyotini joriy etish;

  • xorijiy, xalqaro, milliy sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Kompaniya tashkil etilgan davrda uning ustav kapitali 500,0 mln so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu miqdor 3,0 mln yevroni tashkil etadi. 2009-yilda «Kafolat» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasi «O‘zbekinvest Hayot» sug‘urta kompaniyasiga ta’sischi sifatida kirishi munosabati bilan kompaniya sho‘ba xo‘jalik jamiyati maqomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 31-maydagi «Sug‘urtachilarning moliyaviy barqarorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» PQ-1544-sonli qarorida belgilangan talablarni bajarish maqsadida 2012-yilning 1-iyul holatiga «O‘zbekinvest Hayot» sug‘urta kompaniyasining ustav kapitali 2250,0 ming yevro miqdorida shakllantirildi. Uning 82,22 foizi «O‘zbekinvest» eksportimport milliy sug‘urta kompaniyasiga, qolgan qismi «Kafolat» Davlat aksiyadorlik sug‘urta kompaniyasiga tegishli bo‘lgan edi. 2012-yil noyabr oyida «O‘zbekinvest Hayot» sug‘urta kompaniyasi ta’sischilari umumiy yig‘ilishi qarori bilan mazkur kompaniyaning ustav kapitali 3,0 mln yevroga yetkazildi.
Hozirgi kunda «O‘zbekinvest Hayot» sug‘urta kompaniyasi respublikamizning barcha mintaqalarida o‘z filiallariga ega va ular tomonidan quyidagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatiladi:

  • bonus to‘lovli hayot sug‘urtasi. Mazkur sug‘urta turining amal qilish muddati 13 oydan 20 yilgacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. Sug‘urta summasi sug‘urta qildiruvchi tomonidan aniqlanadi va shundan kelib chiqqan holda sug‘urta mukofoti hisoblanadi. Sug‘urta mukofotining miqdori sug‘urtalangan shaxsning yoshi, sug‘urta muddati va badallarni to‘lash tartibi bilan bog‘liq. Sug‘urta mukofotlari sug‘urta qildiruvchi shaxs uchun qulay usulda: bir marotaba, har yili, yarim yilda bir marta yoki har chorak yoxud har oyda to‘lab borilishi mumkin. Sug‘urta summasini to‘lash quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

  • shartnoma amal qilishining oxirgi muddatigacha yashash (bunda sug‘urta summasi ilgari to‘langan barcha sug‘urta mukofotlari yig‘indisi va kompaniya tomonidan to‘lanadigan bonusga teng);

  • sug‘urtalangan shaxs vafot etgan taqdirda (bunday holatda sug‘urta summasi sug‘urtalangan shaxsning qachon vafot etganidan va qancha sug‘urta mukofoti to‘laganidan qatiy nazar sug‘urtalangan shaxs tomonidan qancha sug‘urta mukofoti to‘lanishi kerak bo‘lgan summaga teng bo‘ladi).

Bu sug‘urta mahsulotini sotib olish uchun sug‘urta qildirmoqchi bo‘lgan shaxsning yoshi 18-60 yosh oralig‘ida bo‘lishi lozim.
• ta’lim olish uchun hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish. Bunda ota-onalarning farzandlarini ta’lim muassasalarida o‘qishi bilan bog‘liq xarajatlarini sug‘urta yo‘li bilan qoplash nazarda tutiladi. Sug‘urta shartnomasining muddati 13 oydan 20 yilgacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. Mazkur sug‘urta turi bo‘yicha sug‘urta summalarini to‘lash quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

  • farzandning oliy ta’lim muassasasi, kasb-hunar kolleji, akademik litsey yoki maktabga o‘qishga kirishi;

  • farzandning sug‘urta polisida ko‘rsatilgan yoshga kirishi (agar bola qayd etilgan muddatda o‘qishga kira olmagan taqdirda).

Sug‘urta qildiruvchiga to‘lanadigan sug‘urta summasi miqdori ilgari to‘langan barcha sug‘urta mukofotlari yig‘indisi va kompaniya tomonidan taqdim etiladigan bonusga teng.

  • nikohga hayotni uzoq muddatli sug‘urta qilish. Mazkur sug‘urta mahsuloti farzandning nikohga kirish munosabati bilan uning ota-onasi sarflaydigan xarajatlarni moliyaviy ta’minlash masalasini hal etishga ko‘mak beradi. Sug‘urta shartnomasining butun amal qilish davomida ishonchli sug‘urta himoyasi ta’minlanadi. Hatto, oila boquvchisini yo‘qotgan taqdirda ham nikoh arafasida farzand sug‘urta polisida belgilangan summani oladi. Bu sug‘urta turida ham sug‘urta polisining amal qilish muddati 13 oydan 20 yilgacha bo‘lgan muddatni tashkil etadi. Sug‘urtalangan shaxsga sug‘urta summasi farzand nikohga kirganda yoki u sug‘urta polisida ko‘rsatilgan yoshga yetganda to‘lanadi. Sug‘urta summasining miqdori sug‘urta qildiruvchi tomonidan ilgari to‘langan barcha sug‘urta mukofotlari miqdoriga va kompaniya tomonidan taqdim etiladigan bonusga teng.

Hayotni sug‘urta qilish bozorida yuqorida ko‘rsatilgan sug‘urta xizmat turlari bilan bir qatorda hayot sug‘urtasi ham amalga oshiriladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hayotni sug‘urtalash bozorini yanada rivojlantirish maqsadida quyidagi soliq imtiyozlari berilgan:

  • yuridik shaxslarning uzoq muddatli hayot sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlari boshqa xarajatlar tarkibiga kiritiladi va foyda solig‘ini hisoblashda hisobga olinmaydi;

  • yuridik shaxslarning uzoq muddatli hayot sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta mukofotlarini to‘lashga yo‘naltirilgan xarajatlari jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi;

  • jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlaridan uzoq muddatli hayot sug‘urtasi bo‘yicha to‘lagan sug‘urta mukofotlari daromad solig‘iga tortilmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda hayotni sug‘urtalash bozorini rivojlantirish uchun davlat tomonidan katta imkoniyatlar yaratilgan.

Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   115




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin