Mamlakatimizda davlat tomonidan sug‘urta sohasida raqobat muhitini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buni nafaqat sug‘urta kompaniyalarining soni yoki ular tomonidan yig‘ib olinayotgan sug‘urta mukofotlari hajmida, balki aholi o‘rtasida sug‘urtaga bo‘lgan qiziqish va ishonchning ortib borishida ko‘rish mumkin. Sog‘lom raqobat har qanday sohaning harakatlantiruvchi kuchi, taraqqiyotning asosi bo‘lib hisoblanadi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda turli tashkilot, muassasa va korxonalar tomonidan o‘z mulkiy manfaatlarini sug‘urtalash bo‘yicha tenderlarning o‘tkazilishi sug‘urta kompaniyalari o‘rtasida raqobatning kuchayishiga sabab bo‘layapti. Masalan, 2012-yilda mazkur aviakompaniya tomonidan o‘tkazilgan tenderda «Asiainsurance» sug‘urta kompaniyasi g‘olib chiqdi va unga mazkur tarmoqni sug‘urtalash huquqi berildi.
2012-yil 6-yanvarda O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunining qabul qilinishi moliya bozorlarida, shu jumladan, sug‘urta bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash, nosog‘lom raqobatning oldini olish hamda monopolistik holatlarga barham berish bo‘yicha ishlarni samarali amalga oshirishda muhim omil bo‘ldi. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur qonun qabul qilingunga qadar respublikamizda sug‘urta bozorida insofsiz raqobat, monopolistik holatni oldini olish va bartaraf etishni nazarda tutuvchi alohida qonun hujjatlari mavjud emas edi. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 27dekabrda qabul qilingan «Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to‘g‘risida»gi qonuni faqat tovar bozorlarida yuzaga keladigan monopoliya holatlarini oldini olish va shu asosda raqobatni rivojlantirishga xizmat qilib kelgan. Bu qonunning talablari moliya bozori, xususan sug‘urta bozori uchun tatbiq etilmagan. Tabiiyki, bu holat ma’lum ma’noda sug‘urta sohasida raqobat holatini tahlil etish, monopoliyani oldini olish ishlarini amalga oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunida raqobat tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: «raqobat – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) musobaqalashuvi bo‘lib, bunda ularning mustaqil harakatlari ulardan har birining tovar yoki moliya bozoridagi tovar muomalasining umumiy shart-sharoitlariga bir tomonlama tartibda ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini istisno etadi yoki cheklaydi». Darhaqiqat, raqobat sug‘urta kompaniyalarini doimo o‘z faoliyatlarini takomillashtirib borishga, yuridik va jismoniy shaxslarga sug‘urta xizmatlarini yuqori saviyada va sifatli ko‘rsatishga da’vat etadi.
Bozor sharoitida ayrim sug‘urta kompaniyalari ustun mavqega ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bunday imkoniyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish, boshqa raqobatchi kompaniyalarning bozorga kirishiga to‘sqinlik qilish holatlariga chek qo‘yish masalalari ham yuqoridagi qonunda o‘z aksini topgan. Xususan, qonunning 6moddasida ustun mavqe va uning oqibatlari haqida yuridik normalar mujassamlashgan. Ustun mavqe tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holatidir. Tovar bozorida qaysi xo‘jalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi tovarining ulushi: 1) ellik va undan ortiq foizni tashkil etsa; 2) o‘ttiz besh foizdan ellik foizgacha hajmda bo‘lib, bunda quyidagi shartlar: xo‘jalik yurituvchi subyektning tovar bozoridagi ulushi kamida bir yil mobaynida barqaror bo‘lib turishi; tovar bozorida boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga (raqobatchilarga) tegishli ulushlarning nisbiy miqdorda bo‘lib turishi; ushbu bozorga yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning (raqobatchilarning) kirishiga imkoniyat bo‘lishi shartlari belgilangan bo‘lsa, shu xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining mavqeyi ustun mavqe deb e’tirof etiladi. Moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki shaxslar guruhining ustun mavqeyini e’tirof etish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Har bir davlatning tovar va moliya bozorlarida yuzaga keladigan monopol holatlar, raqobatning rivojlanishiga xalaqit beruvchi omillar maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan o‘rganilib va tegishli choralar ko‘rib boriladi. Bizning respublikamizda bunday vakolat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining «Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida» 2012-yil 13-noyabrdagi PF4483-sonli farmoniga asosan tashkil etilgan shu nomdagi davlat qo‘mitasiga berilgan. Ushbu davlat qo‘mitasi tugatilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida tashkil etildi.
«Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida raqobat sohasidagi vakolatli organning vazifalari keltirilgan. Monopoliyaga qarshi organ tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi vakolatli organdir. Monopoliyaga qarshi organ tovar va moliya bozorlaridagi raqobat sohasidagi, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatga qarshi harakatlarini, insofsiz raqobatni cheklash va ularning oldini olishga hamda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining g‘ayriqonuniy harakatlariga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan davlat siyosatini amalga oshiradi.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining:
faoliyatning biror-bir sohasida yangi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga cheklovlar joriy etishi, shuningdek, faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirishni yoki muayyan tovarlar ishlab chiqarishni man etishi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
shartnomalar tuzishda ustunlik berish, sotib oluvchilarning muayyan doirasiga tovarlarni birinchi navbatda realizatsiya qilish, moliyaviy mablag‘larning manbalarini tanlash va ulardan foydalanish yo‘nalishlarining afzalligi to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi subyektga ko‘rsatmalar berishi, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) olishi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatiga oqibatda raqobat cheklanishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi;
o‘z vazifalarini xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vazifalari bilan qo‘shib bajarishi;
ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarning faoliyati uchun boshqa kamsituvchi yoki imtiyozli shartlar (sharoitlar) belgilashi taqiqlanadi.
Alohida hollarda, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tabiiy ofatlar, halokatlarning oqibatlarini tugatish hamda epidemiyalarning oldini olish maqsadida ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan hujjatlar qabul qilishi va harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining tovar yoki moliya bozorining normal faoliyat ko‘rsatishiga, raqobatni rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsituvchi harakatlariga, shu jumladan:
narxlarni yoki tariflarni oshirishga, pasaytirishga, saqlab turishga;
tegishli bozorni hududiy prinsip bo‘yicha, realizatsiya qilish yoki xaridlar hajmi bo‘yicha, tovarlarning xillari bo‘yicha yoxud tovarlarni sotuvchilar yoki sotib oluvchilar, tovar buyurtmachilari doirasi bo‘yicha bo‘lib olishga;
xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bozorga kirishini cheklashga yoki ularni bozordan chetlatishga olib keladigan kelishib olingan harakatlari va bitimlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuridik shaxslar birlashmalarining xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy faoliyatiga pirovard natijada raqobatni cheklab qo‘yadigan yoki cheklab qo‘yishi mumkin bo‘lgan tarzda aralashishi taqiqlanadi.
Yuqorida qayd etilgan barcha yuridik normalar to‘liq moliya bozorining muhim segmentlaridan biri sug‘urta sohasi uchun amal qiladi.