Sug‘urta bozori iste’molchilarining haq-huquqlari qanday tarzda himoyalanadi?
Sug‘urta bozori iste’molchilarining huquqlarini himoya qilishda davlat sug‘urta nazorati organining vazifalari nimalardan iborat?
Sug‘urta nazorati davlat organi sug‘urta bozori iste’molchilarining huquqlarini himoyalash maqsadida qanday tadbirlarni amalga oshiradi?
Sug‘urta bozori iste’molchilarining huquqlarini himoyalash bo‘yicha «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda nimalar deyilgan?
Sug‘urta mahsuloti iste’molchilarining shikoyatlari, murojaatlari va noroziliklari ko‘proq qaysi yo‘nalishlarga qaratilgan?
Sug‘urtalovchilarning xatti-harakatlariga nisbatan shikoyatlarning ko‘payishi nimani anglatadi?
Sug‘urta shartnomalarida iste’molchilarning huquqlari qanday yo‘llar bilan ta’minlanadi?
Sug‘urta xizmatlarini standartlashtirish orqali sug‘urta bozori iste’molchilarining huquqlari qanday himoya qilinadi?
12-mavzu. XALQARO SUG‘URTA BOZORI
12.1. Xalqaro sug‘urta bozori va uning jahon iqtisodiyoti rivojlanishidagi o‘rni. 12.2. Xalqaro sug‘urta bozori rivojlanishini ifodalovchi asosiy ko‘rsatkichlar: sug‘urta mukofotining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi, sug‘urta mukofotlarining aholi jon boshiga taqsimoti va boshqalar. 12.3. Xalqaro sug‘urta bozorini tartibga soluvchi institutlar, me’yorlar va standartlar. 12.1. Xalqaro sug‘urta bozori va uning jahon iqtisodiyoti
rivojlanishidagi o‘rni
XX asr oxirlarida jahon siyosiy va iqtisodiy tizimida ro‘y bergan o‘zgarishlar, shak-shubhasiz globalizatsiya jarayonlarining shakllanishiga va kengayishiga turtki bo‘ldi. Sobiq Ittifoq davlatlarida ma’muriybuyruqbozlik va rejali iqtisodiyotdan voz kechilishi hamda bozor munosabatlariga asoslangan rivojlanish yo‘lini tanlash nafaqat MDH doirasida yangicha shakl va mazmunga mos integratsiyasini, balki xalqaro miqyosda savdo-iqtisodiy, madaniy, siyosiy aloqalarning taraqqiy etishiga olib keldi. Bu holat, o‘z navbatida, dunyo mamlakatlari moliyakredit, jumladan sug‘urta tizimlarining xalqaro darajada o‘ziga xos bozorining shakllanishi va rivojlanishiga imkoniyat yaratdi.
Jahon iqtisodiy tizimi rivojlanishining hozirgi bosqichi hali-hanuz alohida-alohida olingan davlatlar yoki davlatlarning mintaqaviy birlashmalari (Shimoliy Amerika bitimi, Yevropa Ittifoqi va shu kabilar) iqtisodiy tizimlari bilan uzviy bog‘liq. Bundan tashqari, jahon iqtisodiyoti rivojlanishiga ayrim davlatlarning butun budjeti darajasida pul mablag‘lari aylanmasiga ega transmilliy ishlab chiqarish korporatsiyalari, banklar jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Yuqorida qayd etilgan holatlar jahon iqtisodiyotining tez rivojlanib borayotgan segmentlaridan biri xalqaro sug‘urta bozoriga ham tegishlidir. Xalqaro sug‘urta bozorida globallashuv jarayonlari alohida davlatlar tomonidan bu sohada qabul qilingan qonunlarni xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashtirish zarurligini ko‘rsatayapti.
Xalqaro sug‘urta bozorining rivojlanishi quyidagi omillar bilan bog‘liq:
xalqaro iqtisodiy munosabatlar, eksport-import operatsiyalari bo‘yicha yuzaga kelayotgan risklarning sug‘urta himoyasiga olinishi;
ayrim davlatlar yirik sug‘urta kompaniyalarining boshqa davlatlar sug‘urta bozorlarida qo‘shma kompaniyalar va filiallar tashkil etish yo‘li bilan ishtirok etishi;
qayta sug‘urta operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik;
o‘zaro tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida turli kelishuv va shartnomalarning imzolanishi. Ularda xalqaro konferensiyalar uyushtirish, kadrlar malakasini oshirish kabi tadbirlarning ko‘zda tutilishi va boshqalar.
Xalqaro sug‘urta bozori va unda faoliyat ko‘rsatayotgan yirik transmilliy sug‘urta kompaniyalari jahon iqtisodiyoti rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Masalan, 2011-yilda jahon miqyosida eng yirik hisoblangan 20 ta sug‘urta kompaniyalari tomonidan 1,015 trln AQSh dollari miqdorida sug‘urta mukofotlari to‘plangan. Sug‘urta kompaniyalari tomonidan to‘plangan sug‘urta mukofotlarining katta qismi zaxiralarda to‘planishini inobatga olsak, sug‘urtalovchilarning investitsion jarayonlardagi ishtiroki yuqori ekanligi namoyon bo‘ladi.
2012-yil boshlarida jahonning eng yirik 20 ta sug‘urta kompaniyasi yalpi biznesi hajmi 8,46 trln AQSh dollari miqdorida aktivlarining shakllanishiga sabab bo‘ldi. Mazkur aktivlarning 5,26 trln AQSh dollari nisbatan daromad keltiradigan obyektlarga joylashtirilgan. 2011-yil ma’lumotlariga ko‘ra, xalqaro sug‘urta bozorida eng yuqori investitsiya mablag‘lariga ega kompaniya Fransiyaning «AXA» sug‘urta guruhi hisoblanadi. Uning investitsiya portfeli 780,0 mlrd AQSh dollarini, aktivi esa – 941,0 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Shuningdek, 2011yilda eng yuqori hajmdagi investitsiya portfeliga ega kompaniyalar tarkibiga AQShning «MetLife» va «Nippon Life Insurance» sug‘urta kompaniyalari ham kirgan. Ikkala kompaniya ham hayotni sug‘urtalashga ixtisoslashgan bo‘lib, umumiy sug‘urta sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan sug‘urta kompaniyalariga nisbatan aktivlarning katta qismi investitsiya obyektlariga yo‘naltirilgan.