Mulkiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sug‘urtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sug‘urta hodisasi) sodir bo‘lganda boshqa tarafga (sug‘urta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sug‘urtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararni shartnomada belgilangan summa (sug‘urta puli) doirasida to‘lash (sug‘urta tovoni to‘lash) majburiyatini oladi.
Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha quyidagilar sug‘urtalanishi mumkin:
muayyan mol-mulkning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi;
fuqarolik javobgarligi xavfi – boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek, shartnomalar bo‘yicha javobgarlik xavfi;
tadbirkorlik xavfi – tadbirkorning kontragentlari o‘z majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarga ko‘ra bu faoliyat shart-sharoitlarining o‘zgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi. 916-modda. Sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydigan manfaatlar G‘ayriqonuniy manfaatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qimor, lotereyalar va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zararni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaxs majburan qilishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sug‘urta shartnomalarining ushbu modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga zid bo‘lgan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
917-modda. Mol-mulkni sug‘urta qilish
Mol-mulk uning asralishidan qonun hujjatlariga yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega bo‘lgan shaxs (sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga, uning mulkdori, mol-mulkka nisbatan boshqa ashyoviy huquqqa ega bo‘lgan shaxs, ijarachi, pudratchi, saqlovchi, vositachi va boshqa shu kabilar foydasiga sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin.
Sug‘urtalangan mol-mulkning asralishidan sug‘urta qildiruvchida va naf oluvchida manfaat bo‘lmagan paytda tuzilgan mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi haqiqiy emas.
Naf oluvchi foydasiga mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi naf oluvchining ismi yoki nomi ko‘rsatilmasdan tuzilishi mumkin. Bunday shartnoma tuzilganda sug‘urta qildiruvchiga egasining nomi ko‘rsatilmagan polis beriladi. Bunday shartnoma bo‘yicha huquqlarni amalga oshirishda bu polisni sug‘urtalovchiga taqdim etish zarur.