3.3. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida sug‘urta bozori
munosabatlarining huquqiy tartibga solinishi
Sug‘urta munosabatlari, avvalo, fuqarolik-huquqiy munosabatga oid bo‘lganligi tufayli 1996-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 52-bobi sug‘urtaga bag‘ishlangan. Hozirgi kunga qadar amaliyotda sug‘urta tashkilotlari o‘z faoliyatlarini amalga oshirishlarida mazkur kodeksning talab-qoidalariga qatiy rioya etadilar.
Fuqarolik kodeksining sug‘urtaga oid bobida jami 47 ta modda mavjud bo‘lib, ularning har biri sug‘urta munosabatlarining u yoki bu jihatlarini tartibga soladi. Kodeksda ixtiyoriy va majburiy sug‘urta, mulkiy sug‘urta shartnomasi, sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydigan manfaatlar, mol-mulkni sug‘urta qilish, shartnoma bo‘yicha javobgarlikni sug‘urta qilish, majburiy sug‘urta va uni amalga oshirish tartibi kabi huquqiy normalar o‘z aksini topgan.
Kodeksning 916-moddasida sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydigan manfaatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:
G‘ayriqonuniy manfaatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qimor, lotereyalar va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zararni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaxs majburan qilishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksida majburiy sug‘urtani amalga oshirish tartibi ko‘rsatilgan. Chunonchi, Majburiy sug‘urta bunday sug‘urta qilish majburiyati yuklangan shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urtalovchi bilan sug‘urta shartnomasi tuzishi vositasida amalga oshiriladi.
Majburiy sug‘urta sug‘urta qildiruvchi hisobidan amalga oshiriladi, yo‘lovchilarni majburiy sug‘urtalash bundan mustasno bo‘lib, bu sug‘urta qonunda nazarda tutilgan hollarda ularning o‘z hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
Majburiy sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan obyektlar, ular sug‘urtalanishga sabab bo‘ladigan xavflar va sug‘urta pulining eng kam miqdorlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Bunga misol tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish choratadbirlari haqida» 141-sonli qarorini keltirish mumkin. Mazkur qarorga muvofiq transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta puli 3 ming AQSh dollari ekvivalentiga teng miqdorda belgilangan. Bundan tashqari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish qoidalari ham mazkur qarorga bilan tasdiqlangan.
Sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasida tuziladigan sug‘urta shartnomasining shakli va uning mazmuni bo‘yicha talablar Fuqarolik kodeksida keltirib o‘tilgan. Sug‘urta shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim. Bu talabga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.
Sug‘urta shartnomasi bitta hujjatni tuzish yoxud sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta qildiruvchiga uning yozma yoki og‘zaki arizasiga binoan sug‘urtalovchi imzolagan, sug‘urta shartnomasining shartlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi (shahodatnomasi, sertifikati, kvitansiyasi)ni topshirish yo‘li bilan tuzilishi mumkin. Bu holda sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchi taklif etgan shartlarda shartnoma tuzishga rozi ekanligi sug‘urtalovchidan ko‘rsatilgan hujjatlarni qabul qilib olish va sug‘urta mukofoti to‘lash yoxud sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib to‘langanda - birinchi badalni to‘lash orqali tasdiqlanadi. Sug‘urtalovchi shartnoma tuzish chog‘ida sug‘urtaning alohida turlari bo‘yicha sug‘urta shartnomasi (sug‘urta polisi)ning o‘zi ishlab chiqqan standart shakllarini qo‘llanishga haqli.
Fuqarolik kodeksining 929-moddasida sug‘urta shartnomasining muhim shartlari ko‘rsatilgan bo‘lib, sug‘urta tashkilotlari sug‘urta shartnomalarini tuzishda mazkur shartlarni e’tiborga olishlari lozim. Bu shartlar quyidagilardan iborat:
Mulkiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:
sug‘urta obyekti bo‘lgan muayyan mol-mulk yoxud boshqa mulkiy manfaat to‘g‘risida;
yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea
(sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida; – sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;
sug‘urta tovoni miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida, agar shartnomada uni sug‘urta pulidan oz miqdorda to‘lash mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lsa;
sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati
(muddatlari) to‘g‘risida;
shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.
Shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:
sug‘urtalangan shaxs to‘g‘risida;
sug‘urtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea (sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida;
sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;
sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati
(muddatlari) to‘g‘risida;
shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.
Taraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Agar sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonun hujjatlarida belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni o‘z ichiga olsa, shartnomaning ana shu shartlari o‘rniga qonun hujjatlarining tegishli qoidalari qo‘llaniladi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida sug‘urta siri, sug‘urta puli, sug‘urta mukofoti va sug‘urta badallari, sug‘urta shartnomasining haqiqiy emasligi to‘g‘risida me’yorlar qayd etilgan.