Uz Sugurta Umid doc


va unga talab hamda taklifning ta’siri



Yüklə 2 Mb.
səhifə27/115
tarix26.11.2023
ölçüsü2 Mb.
#135168
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   115
Ozbekiston sugurta bozori Shennayev X 038ed

4.3. Sug‘urta bozorida sug‘urta «mahsuloti» narxini shakllantirish

va unga talab hamda taklifning ta’siri


Ma’lumki, sug‘urta mahsuloti o‘ziga xos tovar bo‘lib, bozorda sotiladi. Sug‘urta mahsulotining narxi talab va taklif asosida shakllanadi. Sug‘urta tarifi - bu sug‘urta riskining bahosi bo‘lib, sug‘urta summasiga nisbatan foizlarda hisoblanadigan brutto-stavkadir. Sug‘urta tarifi (brutto-tarif) ikki qismdan iborat: netto-tarif va netto-tarifga yuklama. Netto-tarif sug‘urta kompaniyasining sug‘urta fondidan qiladigan xarajatlarini ifodalaydi. Netto-tarifga yuklama sug‘urta kompaniyasining ish yuritish xarajatlarini, komissiya haqini va boshqa xarajatlarini o‘z ichiga oladi. Shaxsiy sug‘urta bo‘yicha tarif stavkasi mol-mulk sug‘urtasining tarif stavkasidan keskin farq qiladi. Hayot sug‘urtasidagi tarif stavkasi hayotiylik jadvali va daromad normasiga muvofiq hisoblab chiqiladi.
Sug‘urtada tarif siyosati deganda sug‘urta operatsiyalarini zararsiz amalga oshirilishini va sug‘urtalanuvchilarning manfaati yo‘lida sug‘urta tariflarini belgilash, aniqlash, tartibga solish va tabaqalashtirish bo‘yicha sug‘urta kompaniyasining maqsadli yo‘naltirilgan sug‘urta tashkilotlarining maqsadli faoliyati tushuniladi. Sug‘urtada tarif siyosati quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:
Netto-mukofotlar va sug‘urta qoplamasi o‘rtasidagi ekvivalentlik. Har bir sug‘urta turi bo‘yicha netto-stavka zararlarning ehtimol tutilgan miqdoriga maksimal darajada to‘g‘ri kelishi zarur.
Sug‘urtalanuvchilarning asosiy qismi uchun sug‘urta tarifi miqdorining qulayligi. Tarif stavkalarining yuqori darajada belgilanishi sug‘urta ishining rivojlanishi uchun to‘siq bo‘ladi.
Sug‘urta tarifi stavkalarining barqarorligi. Agar uzoq yillar mobaynida tarif stavkalari o‘zgarmasa, bu holat sug‘urtalovchining nufuzini oshiradi. Sug‘urta summalarining zararlilik ko‘rsatkichi kamaysa, sug‘urtalanuvchilarning manfaati uchun sug‘urta tarifi stavkasini o‘zgartirmasdan javobgarlik hajmini ko‘paytirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Sug‘urta operatsiyalarining rentabelligini ta’minlash.
Sug‘urta bozori o‘ziga xos iqtisodiy munosabatlarni qamrab olib, ushbu munosabatlarning asosiy ishtirokchilari sug‘urta kompaniyasi va sug‘urtalanuvchilar hisoblanadi. Sug‘urta bozorining o‘ziga xos tovari sug‘urta kompaniyalari tomonidan ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlaridir. Har qanday tovar singari sug‘urta xizmati ham o‘zining qiymati va iste’mol qiymatiga ega.
Sug‘urta xizmatining iste’mol qiymati sug‘urta himoyasini ta’minlashdan iborat bo‘ladi. Sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta himoyasi shartnoma asosida yetgan zararning qoplamasi yoki hayot sug‘urtasi shartnomasida sug‘urta ta’minotini to‘lashda moddiy ko‘rinish kasb etadi.
Sug‘urta xizmatining qiymati (yoki narxi) sug‘urtalanuvchi to‘laydigan sug‘urta mukofotida ifodalanadi. Sug‘uta mukofoti shartnoma tuzilganda belgilanib, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma muddati davomida o‘zgarmay qoladi.
Sug‘urta mukofotining hajmi quyidagilarga yetarli bo‘lishi zarur:

  • sug‘urta muddati davomida kutilayotgan da’volarni qoplashga;

  • sug‘urta zaxiralarini shakllantirishga;

  • sug‘urta kompaniyasining ish yuritish xarajatlarini qoplash; - ma’lum darajadagi foyda hajmini ta’minlash.

Sug‘urta xizmatining narxi bozor iqtisodiyoti sharoitida barcha narxlar singari talab va taklifdan kelib chiqib tebranib turadi. Sug‘urta xizmati narxining quyi chegarasi sharnomalar bo‘yicha kelib tushgan sug‘urta mukofotlari va sug‘urta qoplamalarining farqiga sug‘urta kompaniyasining xarajatlari qo‘shilganiga teng. Sug‘urta xizmati narxining quyi chegarasida sug‘urta kompaniyasi hech qanday daromadga erishmaydi. Sug‘urta xizmati narxining yuqori chegarasi esa bozordagi sug‘urta xizmatiga bo‘lgan talab darajasidan kelib chiqib shakllanadi.
Ma’lumki, sug‘urta tariflari asosida sug‘urta mukofotlari hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 942-moddasi sug‘urta mukofoti tushunchasini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, jumladan, unda quyidagilar haqida to‘xtalib o‘tilgan. Sug‘urta mukofoti deganda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda sug‘urtalovchiga to‘lashi shart bo‘lgan sug‘urta haqi tushuniladi. Sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta mukofoti miqdorini belgilashda sug‘urta obyekti va sug‘urta xavfi xususiyati hisobga olingan holda o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan, sug‘urta puli birligidan undiriladigan mukofotni aniqlaydigan sug‘urta tariflarini qo‘llashga haqli.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda sug‘urta mukofotining miqdori davlat sug‘urta nazorati organlari tomonidan joriy etilgan yoki tartibga solinadigan sug‘urta tariflariga muvofiq belgilanadi. Agar sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofotini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomada navbatdagi sug‘urta badallarini belgilangan muddatlarda to‘lamaslik oqibatlari ko‘rsatib qo‘yilishi mumkin. Agar sug‘urta hodisasi to‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan navbatdagi sug‘urta badali to‘lanishidan oldin yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovoni yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli miqdorini sug‘urta mukofotining o‘ziga to‘langan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati o‘tkazib yuborilgan sug‘urta badali summasini hisobga olishga haqli.
Sug‘urta mukofoti o‘ziga xos tarkibiy tuzilishga ega bo‘lib, uning har bir tarkibiy qismi kompaniyaning ma’lum bir funksiyasini amalga oshirishni ta’minlaydi. Sug‘urta mukofotining asosiy tarkibiy qismlari quyidagilar: netto-mukofot, sug‘urta kompaniyasi xarajatlarini qoplash yuklamasi, foyda yuklamasi.
Netto-mukofot zararlarni qoplash uchun mo‘ljallanadi. Sug‘urta mukofotining mazkur qismini hisoblashning o‘ziga xos xususiyati shundaki, sug‘urta zararlarining qancha bo‘lishini oldindan aniqlashning imkoni yo‘q. O‘tgan davrlardagi ma’lumotlarni tahlil qilish asosida kelgusida kutiladigan zararni aniqlash va ularni taqsimlanishini hisoblash hamda natijada, netto-mukofotining summasini keltirib chiqarish mumkin, lekin mazkur summa zararlarni to‘liq qoplash ehtimolining yuqoriligini ta’minlay olmaydi. Shu narsa ma’lumki, izchil ma’lumotlar asosida hisoblangan kutilayotgan zarar summasi 50% holatlarda o‘zini oqlamagan. Buning natijasida sug‘urtalovchilar deyarli ikki yilda bir marta mazkur holat natijasida zarar ko‘rish holatlari mavjud bo‘ladi. Mijozlarga sug‘urta qoplamasini kafolatlash maqsadida netto-mukofotga zararlar yuklamasi qo‘shiladi.
Zararlar yuklamasini hisoblashdan asosiy maqsad kutilayotgan zararlardan haqiqiy zarar ortib ketishi holatlarini olidini olish hisoblanadi. Bundan tashqari, zarar yuklamasi kutilayotgan zararning noto‘g‘ri hisoblanishi holatlarida zararlilikning oshib ketishi xavfini kamaytiradi.
Sug‘urta kompaniyasining xarajatlarini qoplash yuklamasi sug‘urta kompaniyasining ish yuritish xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari sug‘urta tashkiloti to‘laydigan soliqlar, masalan, molmulk solig‘i ham sug‘urta mukofotining tarkibiga kiritilishi zarur.
Sug‘urta mukofotini hisoblashda chegirmalar kompaniyaning investitsiya daromadi evaziga amalga oshirilishi mumkin. Lekin bu har doim ham amalga oshirilavermaydi. Mablag‘larni joylashtirishdan olingan daromadlar barcha zararlarni qoplash va foyda olishning manbayi hisoblanadi.

Yüklə 2 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   115




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin