5.3. Adjaster va assistans tashkilotlari hamda ular tomonidan
ko‘rsatiladigan xizmatlar
«Adjaster» tushunchasi inglizcha «adjuster» so‘zidan olingan bo‘lib, uning asosiy mohiyati sug‘urta hodisalari sodir bo‘lganda uning ro‘y berish sabablarini o‘rganish, tahlil etish va yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga qaratilgan faoliyatni anglatadi. Xalqaro amaliyotda adjaster xizmatlaridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan. Bizning respublikamizda adjaster xizmatlarini ko‘rsatish 2008-yildan yo‘lga qo‘yilgan.
2007-yilda amaldagi «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunga adjasterlarning faoliyatini huquqiy tartibga solishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.
Adjaster sug‘urtalovchining (sug‘urta qildiruvchining) topshirig‘i bo‘yicha quyidagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi, o‘z shtatida tegishli mutaxassislarga ega bo‘lgan yuridik shaxs yoki professional bilim va malakaga ega bo‘lgan jismoniy shaxsdir:
sug‘urta hodisasi yuz berganidan keyin sug‘urta obyektini ko‘zdan kechirish va tekshirish;
sug‘urta hodisasi faktlarini va tavakkalchilik holatlarini tahlil qilish;
sug‘urta obyektining shikastlanish sabablarini va sug‘urta hodisasi mavjudligini aniqlash;
sug‘urta hodisasi mavjud bo‘lgan taqdirda – sug‘urta hodisasi oqibatida vujudga kelgan shikastlanish darajasi va zarar miqdorini belgilash;
to‘lanishi kerak bo‘lgan sug‘urta tovoni summasini aniqlash; – sug‘urtalovchi uchun sug‘urta hodisasi bo‘yicha xulosa tuzish.
Adjaster o‘z faoliyatini sug‘urtalovchi (sug‘urta qildiruvchi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi. Adjaster:
sug‘urtalovchi sifatida sug‘urta va qayta sug‘urta qilish operatsiyalari o‘tkazishga;
sug‘urta bo‘yicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sug‘urtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Adjaster xizmati ko‘rsatish natijalari hisobot tarzida rasmiylashtirilib, undan sug‘urtalovchi zararlarning o‘rnini qoplash va nizolarni hal qilish chog‘ida foydalanishi mumkin.
Adjasterning hisobotida ko‘rsatilgan xulosalar mustaqil sug‘urta ekspertizasi jarayonida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
Adjaster quyidagi huquqlarga ega:
adjaster xizmatlari ko‘rsatiladigan sug‘urtalovchini (sug‘urta qildiruvchini) erkin tanlash;
sug‘urta voqeasini (sug‘urta hodisasini) o‘rganish uchun sug‘urta qildiruvchidan (sug‘urtalovchidan) zarur axborotni so‘rash va olish;
sug‘urta hodisasi yuz berganidan so‘ng sug‘urta obyektini ko‘zdan kechirish va tekshirish;
o‘zi sug‘urta obyektini sirtdan (zarur hollarda – texnika vositalarini qo‘llagan holda) ko‘zdan kechirganligi to‘g‘risidagi dalolatnomani rasmiylashtirish;
faoliyati sug‘urta obyektlariga daxldor bo‘lgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan yuridik ahamiyatga molik zarur ma’lumotlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish.
Adjaster qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Adjaster:
sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya
etishi;
sug‘urta hujjatlarining saqlanishini ta’minlashi;
mijozning tijorat sirini yoki boshqa sirini tashkil etadigan ma’lumotlarning maxfiyligini saqlashi;
sug‘urta hodisasiga taalluqli ma’lumotlarni o‘z vaqtida tahlil qilish uchun chora-tadbirlar ko‘rishi shart.
Adjaster zimmasida qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda dastlabki assistans tashkiloti 2000-yilda «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi muassisligida «O‘zbekinvest Assistans» nomi bilan tuzilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi yuridik va jismoniy shaxslarga tibbiy, yuridik xizmatlarini ko‘rsatishdan iborat. Tibbiy assistans sug‘urta kompaniyalarining mijozlariga tibbiy maslahatni tashkil etish, ambulatoriya va turg‘un tibbiy yordam ko‘rsatish, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lgan joyda tez tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkillashtirish, dori-darmonlarni yetkazib berishdan iborat. Tibbiy assistans xizmati tarkibiga boshqa tibbiy yordam ko‘rsatish turlari ham kirishi mumkin.
Texnik assistans sug‘urtalangan avtotransport vositasi yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishi oqibatida shikastlanganda uni avtomobil transportlarini tuzatish va ta’mirlash ustaxonalariga olib borish hamda avtomobillarni ta’mirlash bilan bog‘liq xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Yuridik xizmat esa mijozlarning murojaatlari asosida uning vakili sifatida sudda mijozning manfaatlarini himoya qilish, sug‘urta hodisalari sodir bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan zararlarni tartibga solish, adjaster va syurveyer xizmatlarini ham ko‘rsatadi.
Shuni alohida qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasining «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunida assistans xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlarning huquq va majburiyatlari o‘z aksini topgan. Ular quyidagilardan iborat:
Assistans sug‘urta qildiruvchilarga (sug‘urtalangan shaxslarga, naf oluvchilarga) hamda sug‘urtalovchilarga sug‘urta shartnomasi doirasida assistans xizmatlari, texnik, tibbiy va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, ularga moliyaviy ko‘mak beruvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir.
Assistans o‘z faoliyatini sug‘urtalovchi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiradi.
Assistans xizmatlariga sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar) ishtirokisiz faqat sug‘urtalovchilar tomonidan haq to‘lanadi. Assistans:
sug‘urtalovchi sifatida sug‘urta va qayta sug‘urta qilish operatsiyalari o‘tkazishga;
sug‘urta bo‘yicha vositachilik faoliyatini amalga oshirishga;
sug‘urtalovchilarning ustav fondlarida ishtirok etishga haqli emas.
Assistans quyidagi huquqlarga ega:
assistans xizmatlari ko‘rsatilishi bo‘yicha sug‘urtalovchilar bilan mustaqil ravishda shartnoma tuzish;
assistans xizmatlari ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan barcha axborot sug‘urtalovchi tomonidan taqdim etilmagan taqdirda, assistans xizmatlari ko‘rsatishni rad etish;
tegishli mutaxassislarni assistans xizmatlari ko‘rsatishda ishtirok etishga belgilangan tartibda jalb etish.
Assistans qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Assistans:
sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya
etishi;
sug‘urta qildiruvchilardan (sug‘urtalangan shaxslardan) sug‘urta voqealari (sug‘urta hodisalari) to‘g‘risidagi xabarlar kecha-kunduz qabul qilinishini tashkil etishi va sug‘urta shartnomasi doirasida, taqdim etilgan sug‘urta polisi asosida sug‘urta qildiruvchilarga (sug‘urtalangan shaxslarga) zarur yordam ko‘rsatishi;
sug‘urta hodisalarini ko‘rib chiqish va tartibga solish choratadbirlarini ko‘rishi shart.
Assistans zimmasida qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Hozirgi kunda respublikamizda «Bovar Service», «Global Assist», «Insurance Assist Group», «O‘zbekinvest Assistans» assistans xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda.