9.2. Sug‘urta faoliyatining maxsus vakolatli davlat organi
tomonidan tartibga solinishi
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotida amalga oshirilgan islohotlar sug‘urta tizimini tubdan o‘zgartirdi. Yuridik va jismoniy shaxslarga keng qamrovli sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida turli mulkchilik shaklidagi sug‘urta tashkilotlari vujudga keldi. 1993-yil 6mayda «Sug‘urta to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi sug‘urta munosabatlarida ishtirok etuvchi tomonlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilishda muhim bosqich bo‘ldi. Mazkur qonunni amaliyotga joriy etish bo‘yicha qabul qilingan Oliy Majlis qaroriga asosan uch oy muddatda Davlat sug‘urta nazorati organi tashkil etilishi lozim edi. Ammo bu davlat organi 1998-yilga qadar tashkil etilmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida» 1998-yil 8iyuldagi 286-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga davlat sug‘urta nazorati funksiyasi yuklatildi va shu munosabat bilan uning markaziy apparatida Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi tashkil etildi.
Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasiga rahbar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri tomonidan tayinlanadi. Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasining faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining tegishli o‘rinbosari muvofiqlashtirib boradi. Hozirgi paytda Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi tashkiliy tuzilmasi quyidagi ko‘rinishga ega.
Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi
8-chizma. Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasiga sug‘urta faoliyati masalalari bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida davlat boshqaruv organlari, yuridik shaxslar va ularning birlashmalari uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ hujjatlar qabul qilish huquqi berilgan. Ushbu inspeksiya O‘zbekiston sug‘urta bozorini davlat tomonidan tartibga solish bo‘yicha quyidagi vazifalarni bajaradi:1
sug‘urtalovchilar (qayta sug‘urtalovchilar) yagona davlat reyestrini yuritish;
sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish;
buxgalteriya hisobi va hisoboti tashkil etilishining bir xilligini ta’minlash.
Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan bo‘lib, u yuridik shaxs maqomiga ega emas. O‘z faoliyatini Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan reja asosida tashkil etadi. Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi o‘ziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib quyidagi funksiyani bajaradi:
sug‘urtalovchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini va ular hisobotining ishonchliligini, shuningdek, ular uchun to‘lovga qodirlikning belgilangan ko‘rsatkichlari va moliyaviy barqarorlikning boshqa talablari ta’minlanishini tekshirish;
o‘z vakolatlari doirasida sug‘urtalovchilar ishini uslubiy ta’minlash;
sug‘urtalash qoidalari (shartlari) bo‘yicha takliflar tayyorlash va sug‘urtaning majburiy turlari bo‘yicha sug‘urta tariflarini belgilash;
sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini amalga oshirishga doir sug‘urta munosabatlarining barcha qatnashchilari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ hujjatlar va uslubiy materiallarni ishlab chiqish;
sug‘urta faoliyati masalalari bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ularni vazirlik rahbariyatning ko‘rib chiqishi uchun kiritish;
sug‘urta tashkiloti tugatilgan taqdirda sug‘urtalanuvchilar manfaatlarini himoya qilish;
respublikada sug‘urta faoliyatining ahvoli va rivojlanish tamoyillarini tahlil etish;
sug‘urta faoliyati bo‘yicha mutaxassislarning kasb-hunar tayyorgarligi va ularni qayta tayyorlash tadbirlarini amalga oshirish va hokazolar.
2002-yilning 5-aprelida yangi tahrirdagi «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasining vazifa va funksiyalari qayta ko‘rib chiqildi.
«Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 10-moddasi «Maxsus vakolatli davlat organi» deb atalib, unda bunday organ vakolatiga ega bo‘lgan Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasining huquqlari keltirilgan. Ular quyidagilardan iborat: Maxsus vakolatli davlat organi:1
ijro etilishi majburiy bo‘lgan to‘lovga qobiliyatlilik normativlarini hamda ularni aniqlash tartibini, ayrim tavakkalchiliklar bo‘yicha sug‘urtalovchilar majburiyatlarining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p yoki eng kam miqdorini va majburiyatlar jamining yo‘l qo‘yiladigan ko‘p yoki eng kam miqdorini hisoblab chiqarish uslubini, sug‘urtalovchilarning to‘lovga qobiliyatini aks ettiruvchi axborotlarni taqdim etish tartibi va muddatlarini belgilaydi;
sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishini, to‘lovga qobiliyatlilikning belgilangan normativlari va moliyaviy barqarorlikning boshqa talablari bajarilishini nazorat qiladi;
sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalaydi;
sug‘urtalovchilar tomonidan hisob-kitobni yuritish, sug‘urta zaxiralarining mablag‘larini shakllantirish va joylashtirishga oid hisobotlar tuzish tartibini belgilaydi;
sug‘urtalovchining ijro etuvchi organi rahbarlariga va bosh buxgalteriga qo‘yiladigan ijro etilishi majburiy bo‘lgan malaka talablarini belgilaydi;
sug‘urtalovchilar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy hisobotlarning shakli, tartibi va muddatlarini belgilaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining faoliyatini tekshiradi va ularga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritadi;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlari litsenziyalarining amal qilishini to‘liq yoki ayrim sug‘urta turlariga (klasslariga) nisbatan to‘xtatib qo‘yadi, shuningdek, ularning amal qilishini tugatadi;
har bir moliya yili tugaganidan keyin olti oy ichida sug‘urta faoliyatini tartibga solish va uni nazorat qilish borasidagi faoliyat to‘g‘risida yillik hisobotlarni, shuningdek, sug‘urta bozorining moliya yili mobaynidagi faoliyati to‘g‘risida statistika ma’lumotlarini e’lon qiladi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi va uning xodimlari sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining ustav fondida va boshqaruv organlarida ishtirok etishga, shuningdek, sug‘urta vositachisi sifatida ish yuritishga haqli emas.
«Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida» qonunining qabul qilinishi va sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasining vakolatlari kengayganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish bo‘yicha choratadbirlar to‘g‘risida» 2002-yil 27-noyabrdagi 413-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu hukumat qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasining «Sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 1998-yil 8-iyuldagi 286-sonli qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.1 Ilgari mavjud bo‘lgan «Sug‘urta tashkilotlarini nazorat qilish bo‘limi» «sug‘urta faoliyatini litsenziyalash va nazorat qilish bo‘limi» degan yangi nom oldi.
Yangi qonun talablaridan kelib chiqqan holda quyidagilar Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:
bajarilishi majburiy bo‘lgan to‘lov layoqati normalarini va ularni aniqlash tartibini, alohida tavakkalchiliklar bo‘yicha sug‘urtalovchilarning majburiyatlari cheklangan yo‘l qo‘yiladigan miqdorini hisoblab chiqish metodikasini hamda majburiyatlarning jami miqdorini, sug‘urtalovchilarning to‘lovga layoqatliligi bo‘yicha axborot berish tartibi va muddatlarini belgilash;
sug‘urta bozorining professional qatnashchilari tomonidan sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish, to‘lovga layoqatlilikning belgilangan normativlarini va ularning moliyaviy barqarorligiga qo‘yiladigan boshqa talablarni ta’minlash;
sug‘urtalovchilar tomonidan sug‘urta zaxiralari mablag‘lari shakllantirilishi va joylashtirilishi bo‘yicha hisobot yuritish tartibini, hisobotlar tuzishni belgilash;
sug‘urtalovchining ijro etuvchi organi rahbariga va bosh buxgalterga qo‘yiladigan bajarilishi majburiy bo‘lgan malaka talablarini belgilash;
sug‘urtalovchilar tomonidan moliyaviy hisobot berilishi shakllari, tartibi va muddatlarini belgilash;
sug‘urtalovchilar tomonidan sug‘urta zaxiralari hosil qilish va joylashtirish tartibi va shartlarini belgilash;
sug‘urtalovchilar tomonidan sug‘urta hodisalari boshlanishining oldini olish va ogohlantirish bo‘yicha tadbirlar mablag‘ bilan ta’minlanishi tartibi va shartlarini belgilash;
qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urta bozori professional qatnashchilarining faoliyatini tekshirish va aniqlangan qonun buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlari litsenziyalari amal qilishini to‘liq yoxud sug‘urtaning ayrim turlari (darajalari)ga nisbatan to‘xtatib turish, shuningdek, ularning amal qilishini to‘xtatish;
har bir moliyaviy yil tamom bo‘lgandan keyin olti oy o‘tgach sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish bo‘yicha faoliyat to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni, shuningdek, moliyaviy yil mobaynida sug‘urta bozorining faoliyati to‘g‘risidagi statistika ma’lumotlarini e’lon qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
sug‘urtalovchilar tomonidan sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga rioya qilinishini va ularning hisobotlari ishonchliligini, shuningdek, ular uchun belgilangan to‘lovga layoqatlilik ko‘rsatkichlari va moliyaviy barqarorlikning boshqa talablari ta’minlanishini tekshirish;
sug‘urtalovchilar va sug‘urta brokerlarining sug‘urta faoliyatini litsenziyalash;
o‘z vakolatlari doirasida sug‘urtalovchilar ishini metodik ta’minlash;
sug‘urtaning majburiy turlari bo‘yicha sug‘urta qilish qoidalari (shartlari) va sug‘urta tariflari belgilash bo‘yicha takliflar tayyorlash;
Davlat inspeksiyasi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab sug‘urta munosabatlarining barcha qatnashchilari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha normativ hujjatlar va metodik materiallarni ishlab chiqish;
sug‘urta faoliyati masalalari bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va ularni ko‘rib chiqish uchun vazirlik rahbariyatiga kiritish;
sug‘urtalovchilar tugatilgan va qayta tashkil etilgan taqdirda sug‘urta qildiruvchilarning manfaatlarini himoya qilish;
respublikada sug‘urta faoliyati rivojlanishining holati va tendensiyalarini tahlil qilish;
sug‘urta faoliyati bo‘yicha mutaxassislarni kasbga tayyorlash va ularni qayta tayyorlashga doir tadbirlarni amalga oshirish, sug‘urta faoliyati masalalari bo‘yicha seminarlar va konferensiyalar tashkil etish;
ommaviy axborot vositalari orqali sug‘urta faoliyati masalalari bo‘yicha axborot-tushuntirish ishlari olib borish;
o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha fuqarolarning takliflari va so‘rovlarini ko‘rib chiqish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish.
Xulosa o‘rnida qayd etish lozimki, sug‘urtalovchilar faoliyatini litsenziyalash sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan dastlabki nazoratni amalga oshirishning muhim vositasi bo‘lib hisoblanadi. Shunday ekan litsenziyalash tartibini ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish va uni istiqbolda takomillashtirish sug‘urta jamoatchiligi oldidagi asosiy vazifalardan biri bo‘lib qoladi.