2.4. 2002-2007-yillarda milliy sug‘urta bozorida ro‘y bergan
o‘zgarishlar
Uchinchi bosqich 2002-2007-yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi va amaliyotga joriy qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sug‘urta bozorini yanada erkinlashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2002-yil 31-yanvardagi PF-3022-sonli farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq hamda sug‘urta tizimini rivojlantirishni rag‘batlantirish, sug‘urta kompaniyalarining moddiy-texnika bazasi va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, ularning mintaqaviy vakolatxonalarini kengaytirish va aholining sug‘urta tashkilotlariga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2002-yilning 27-noyabrida 413-sonli qaror qabul qildi.
Sug‘urta sohasiga davlat tomonidan bo‘lgan e’tibor tarmoqda ijobiy natijalarga erishish imkoniyatini berdi. Buni quyidagi diagramma ma’lumotlaridan ham ko‘rish mumkin.
1-diagramma. 2002-2007-yillarda barcha sug‘urta tashkilotlari tomonidan to‘plangan sug‘urta mukofotlari dinamikasi1 Diagramma ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, tahlil etilayotgan yillarda sug‘urta mukofotlari tushumi muntazam o‘sish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Masalan, 2002-yilda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha sug‘urta tashkilotlari tomonidan jami 21,6 mlrd so‘m sug‘urta mukofotlari to‘plangan bo‘lsa, 2007-yilga kelib bu ko‘rsatkich 73,6 mlrd so‘mga yetgan. Bunday natijaga erishishning asosiy sababi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan sug‘urta tashkilotlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilganligidadir.
2002-2007-yillar mobaynida nodavlat sektorida ko‘plab sug‘urta kompaniyalari tashkil etildi. Unga misol tariqasida «Universal sug‘urta», «Fotis sug‘urta», «Yunipolis» kabi sug‘urta kompaniyalarini keltirish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash siyosati muntazam davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 10 aprelda «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tabdirlari to‘g‘risida» PQ-618-sonli qarori e’lon qilindi. Mazkur qarorga asosan 2007-2010-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorini isloh qilish va rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Bu dasturda sug‘urta faoliyati va sug‘urta nazoratining qonunchilik bazasini xalqaro amaliyotga muvofiq yanada takomillashtirish, sug‘urta xizmatlari, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyati, eksport-import operatsiyalari, hayotni uzoq muddatli sug‘urtalash hajmini kengaytirish, respublika sug‘urta bozorini xalqaro sug‘urta bozorlariga integratsiyalashuvini ta’minlash kabi vazifalarni bajarish ko‘zda tutilgan. Farmonda sug‘urta tashkilotlari kapitallashuv darajasini oshirishga alohida e’tibor berilgan, ya’ni 2008yil 1-yanvardan sug‘urtalovchilar ustav kapitalining eng kam miqdoriga yangi talablar o‘rnatildi. Buni quyidagi jadvalda keltirilgan ma’lumotlardan bilib olish mumkin.