V foydalanilgan adabiyotlar…



Yüklə 46,77 Kb.
səhifə6/9
tarix03.03.2022
ölçüsü46,77 Kb.
#114751
1   2   3   4   5   6   7   8   9
V foydalanilgan adabiyotlar…

3.1. Mashg’ulot turlarining vazifalari

Rangtasvir kompozitsiyasi mashg’ulotlari tevarak-atrofdan olingan ko’rinish va hodisalarni uning barcha janrlarida (manzara, turmush, natyurmort, tarixiy, animalistik, afsonaviy, marina) amaliy ishlar shaklida bajarishni nazarda tutadi. Bu amaliy ishlar bevosita yorug’soya, rangshunoslik, perspektiva yuzasidan olib boriladigan nazariy bilimlar bilan bog’liq holda amalga oshiriladi. Bunday amaliy mashg’ulotlarda bolalar naturani kuzatish, (qoralama, ranglama, uzoq davom etadigan rasm ishlash) xotiradan, tasviriy san’at asarlaridan olgan bilim va malakalarga tayangan holda ish olib boradilar. O’quvchilar tanlangan mavzuga ko’ra uning elementlarini qog’oz yuzasida bir-biriga bog’liq holda joylashtirish, yaxlit kompozitsiyani hosil qilish, mavzu mazmuniga mos keladigan kompozitsiyani topish uchun bir qancha xomaki ishlar, eskizlar ishlaydilar. Kompozitsiya tuzishda bolalar obrazlarning tipik belgilarini tanlab olib, qismlarning o’rnini almashtirib, qo’shimcha detallar kiritish orqali kompozitsiya mazmunini boyitish kabilarga alohida e’tibor beradilar. Unda kompozitsiyaning bir butunligi, qismlarni, shakllarni, ranglarni xillashtirish va ular o’rtasidagi bog’lanish va kontrastlik, asardagi hamma vositalarning bosh g’oyaga bo’ysindirish kabi qonun va qoidalar hisobga olinadi.

Rangtasvir kompozitsiyasi darslarida o’quvchilar bo’yoqlar bilan tasvirlash, tasvirda asosiyni bo’rttirib ko’rsatish, tasvirda uzoq-yaqinlikni ifodalashda perspektiva qoidalariga amal qilishni o’rganadilar.



Dekorativ kompozitsiya mashg’ulotlarida badiiy-bezak ishlarida foydalaniladigan yo’lsimon, kvadrat, to’rtburchak, doira naqshlar, ochiq va yopiq naqshlar, nomoyon naqsh namunalaridan ko’chirish va mustaqil ijodiy ishlarni o’rganadilar. Bu ishlar bevosita buyum bezagi bilan bog’liq holda amalga oshiriladi.

SHuningdek, taklifnoma, tabriknomalar tayyorlash kabi amaliy ishlar ham bajariladi. Milliy va chet el xalqlarining liboslari uchun eskizlar tayyorlanadi, tabiiy shakllarni stilizatsiyalash yuzasidan mustaqil ishlar olib boriladi. Dekorativ kompozitsiya mashg’ulotlarida halq ertaklari, hikoyalar, dostonlar, she’rlar mazmuniga eskizlar ishlash katta o’rinni egallaydi. Bunda bolalar kitoblarni ichki va tashqi (muqova) bezagiga doir (bosh bezak, yakuniy bezak, zarhal harf, illyustratsiya) ishlarni bajaradilar. Dekorativ ishlarda o’quvchilar buyumlarning vazifalari, ularning shakli, bezak elementlarining o’zaro bog’liqligi haqida elementar tushunchalarga ega bo’ladilar hamda yuksak mahorat bilan tasvirlangan narsalarni didsiz, pala-partish ishlangan narsalardan farq qilishni o’rganadilar.

Dekorativ kompozitsiya darslarida bolalarga har qanday naqshlarning elementlari tevarak-atrofdagi narsa va hodisalardan olingani haqida tushuncha beriladi. Binobarin, naqsh ishlash mashg’ulotlarida rasm ishlovchi real shaklni o’zgartirishi, uni soddalashtirishi, unga yangi elementlarni qo’shishi mumkinligini o’rganib oladi.

SHu bilan birga o’quvchilar turli xalqlarning bugungi dekorativ-amaliy san’ati hamda dizayn san’ati bilan tanishadilar. Dizayn ishlarida bolalar dazmol, choynak uchun taglik, quticha, libos uchun bezak eskizi, televizor, kreslo, yengil avtomobilni yangi markasi eskizlarini ishlash bilan shug’ullanadilar.



Haykaltaroshlik kompozitsiyasi mashg’ulotlarida odam, hayvon, qushlarning alohida haykallari, sport, hayvonot olami mavzularida, xalq ertaklari asosida tasviriy ijodiy ishlar bajariladi. Dekorativ haykaltaroshlik o’quvchilarda turli dekorativ bezakli rel’eflar va o’yinchoq haykallar ishlash orqali maxsus bilim hamda malakalar hosil qiladi. O’zbek halq kulolchilik san’ati an’analari asosida "Toychoq", "Qo’zichoq", “Bo’taloq“ kabi o’yinchoq haykalchalar ishlanadi. Fantastik mavzularda, dev, ajdarho, kentavr, suv parisi, xumo qushi kabilarni dekorativ haykallari ijodiy tarzda bajariladi. Bunday mashg’ulotlarda bolalar stek bilan ishlash, loy yoki plastilinni dumaloqlash, bosib yapaloqlash, silliqlash, cho’zish usullarini o’rganadilar.

Haykaltaroshlik mashg’ulotlarida ikki xil ish uslubi mavjud bo’lib, ularning birinchisi alohida-alohida loy yoki plastilin bo’laklarini bir-biriga yopishtirish orqali haykal ishlash bo’lsa, ikkinchisi yaxlit loy bo’lagiga stek bilan ishlov berish orqali haykal ishlashdir. Bularni bolalar yakka yoki guruh bo’lib bajaradilar. Kompozitsiyalardagi obrazlar soniga qarab, guruhdagi bolalar soni kam yoki ko’p bo’lishi mumkin.

Bolalar o’zbek rassomlari asarlarining qahramonlari bo’lmish artist A.Hidoyatov, xalq hofizi Mulla To’ycha Toshmuxammedov, amaliy san’at ustasi U.Jo’raqulov va boshqa o’z baxtini mehnatdan topgan kishilar bilan suvratlar orqali uchrashar ekanlar, ular, mehnat jamiyat hayotining, har bir shaxsining asosiy qonuni ekanligiga ishonch hosil qiladilar. Bunday darslarda o’quvchilarni turli kasblarga yo’llash imkoniyatlari ham paydo bo’ladi.

Natijada, o’quvchilar mehnat inson baxt-saodatining ma’naviy va axloqiy manbai, har qanday inson mehnat qilmog’i va mehnatni sevmog’i lozim, degan xulosaga keladilar. SHuningdek, bolalar odamlar faqat o’zi uchun emas, jamiyat uchun mehnat qilishlari kerak, mehnat kishilariga va ular yaratgan buyumlarga nisbatan hurmat bilan qarash lozimligi haqida tasavvurga ega bo’ladilar.

Maktabda tasviriy san’at estetik turkumdagi o’quv predmeti xisoblanib, o’quvchilarda badiiy va estetik didning rivojlanishida muhim rolь o’ynaydi, ya’ni tasviriy san’at darslarida san’atdagi va borliqdagi go’zallikni ko’rish, tushunish va qadrlay olish hissi takomillashadi.

Naturani tahlil qilish jarayonida o’qituvchi o’quvchilarning diqqatini buyumlar shaklining nafisligi, qismlarning proportsionalligi, shakl va rang uyg’unligi, mazmun, shakl va vazifaning mosligi kabilarga jalb etadi. Natijada, o’quvchilarda naturaga nisbatan emotsional - estetik munosabatlar oshadi.

O’quvchilar naqsh chizishda, dekorativ - bezak ishlarida tabiat elementlaridan foydalanadilar. Bunga tabiat mahsulotlari yaxshi material bo’lib xizmat qiladi. O’quvchilar tabiat materiallari va hayvonot dunyosini stilizatsiyalashtirib, takrorlanmas va chiroyli naqshlar tuzadilar.

Borliqni idrok etish va kompozitsiya darslarida tabiatni kuzatish va uni rasmlarda aks ettirish bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. O’quvchilar dars jarayonida tabiatni kuzatar ekanlar, ular daraxtlarning tuzilishini, shoh-shabalarning shakl va yo’nalishini turli-tumanligi, barglarning rangi va shakli, nafisligi va yoqimliligini bilib oladilar. SHuningdek, gullarning rangi va shakli, xilma-xilligi, bahor va kuz manzarasining go’zalligi, ninachi, kapalak, qushlarning yengil va nafis parvozi ham o’quvchilarni hayajonlantiradi.

Yuqori badiiy saviyada yaratilgan tasvriy san’at asarlarini o’rganishda o’quvchilar ulardan estetik zavq olishadi. Suvrat kompozitsiyasining muvaffaqiyatli yechilishi, ranglarning hamohangligi, borliqning haqqoniy tasviri bolalarni hayajonlantiradi. Bu faqat estetik tarbiyaga taalluqligina bo’lmay, balki, bolalarning tasviriy ijodiga, ularning san’atga bo’lgan qiziqishlarini tarbiyalashga bevosita aloqadordir. Bu borada manzara va natyurmort janrlarining roli kattadir.

San’at asarlari haqidagi suhbatlarda o’qituvchi, rassom ko’rganini shunchaki aks ettiribgina qolmay, balki u borliqdagi eng qiziq, eng chiroyli narsa va hodisalardan ta’sirlanib chizganligi, lozim bo’lgan taqdirda, u ko’rgan - kechirganlari va eshitganlarini mubolag’a bilan tasvirlashini hikoya qilib beradi.

Naturaga qarab tasvirlash jarayonida bolalar buyumlarning shakli, rangi, tuzilishini tahlil qiladilar. Masalan, choynakli natyurmotni tahlil qilganda, bolalar e’tibori choynakni turmush uchun zarur bo’lgan buyumlardan biri ekanligiga, uninng shakli mazmuniga mosligi, uning qanday vazifaga mo’ljallanganligi, maqsadga muvofiqligi, ishlatishga qulayligi va hakozalarga qaratiladi. Dekorativ bezak darslari o’quvchilarning badiiy didini, ijodiy qobiliyatini o’stirish imkoniyatlariga ega. Darslarda o’quvchilar simmetriya, ritm, ranglarning mutanosibligi, kompozitsiyaning qonun va qoidalari bilan tanishadilar.

O’quvchilarning ijodiy qobiliyatlari naqsh chizish, kitob muqovasi uchun eskiz ishlash, otkritka, choynak va dazmol uchun taglik eskizini ishlash jarayonida o’stirib boriladi. O’quvchilarning estetik tarbiyasida N.Karaxanning “Oltin kuz”, Yu.Elizarovning “Tarvuzli natyurmort”, O’.Tansiqboevning “Tog’larda kuz”, “O’zbekistonda mart”, L.Salimjonovaning “Natyurmort” nomli asarlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Ilmiylik printsipi didaktik printsiplarning eng asosiylaridan biri bo’lib, u fan asoslarini chuqur o’zlashtirmasdan o’quvchilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish mumkin emasligini bildiradi. Boshqa o’quv predmetlaridagi kabi bu printsip tasviriy san’at darslarida ham amalga oshiriladi.

Tasviriy san’at atrof-muhitni his etish, undagi voqea va hodisalarni o’ziga xos jihatlarini bilishni talab etadi. SHu boisdan tasviriy san’at darslarida o’quvchilar chiziqli va havo perspektivasi, yorug’soya, rangshunoslik, kompozitsiya qonunlarini yaxshi bilishlari talab etiladi. SHuningdek, odam va hayvonlarning plastik anatomiyasi haqida yetarlicha ma’lumotlarga ham ega bo’lishlari lozim. Tasviriy san’at dasturida o’quvchilarning bu qonunlarni o’zlashtirishlari ko’zda tutiladi. Perspektiva qonunlarini o’zlashtirmasdan realistik tasvir yaratish mumkin emas, desak mubolag’a bo’lmaydi. Rassom yoki o’quvchining rasm chizish uslubi har xil bo’lishi mumkin, lekin rasm yoki san’at asarlarining qurilishi bir xil, ilmiy asosda bo’lishi shart. Perspektiva qonunlari hisoblangan chiziqli va havo perspektivasi, ufq chizig’i, kesishish nuqtasi, kuzatish nuqtasi, buyumni bir yoki ikki kuzatish nuqtasi asosida rasmini ishlash, o’lchovlarni o’zgarish perspektivasi, och-to’qlikni o’zgarish perspektivasi, ranglarni o’zgarish perspektivasi, shakl va chegaralardagi aniqlikni kamayishi perspektivasi v.b. realistik rasm ishlashga o’rgatishning asosini tashkil etadi.

Ilmiylik printsipi tasviriy san’at o’qituvchilaridan dars jarayonida va sinfdan tashqari ishlarda o’quvchilarga berilayotgan barcha material va ma’lumotlar ilmiy bo’lishligini, maktab amaliyotida tekshirilgan hamda o’quvchilarning yosh xususiyatlariga mos bo’lishligini talab etadi.

Tasviriy san’atni o’qitishda san’atning inson hayotidagi rolini tushuna bilish juda muhimdir. Jumladan, san’at ijtimoiy ongning alohida shakli ekanligini nazarda tutish kerak. Tasviriy san’at o’qituvchisi shuni tushunishi kerakki, o’quvchilar borliqdagi narsalarni chizish jarayonida ularning faqat tashqi ko’rinishinigina emas, balki uning ma’lum qonuniyatlariga asoslangan ichki tuzilishni ham bilib olishlari talab etiladi. Ko’p hollarda bu qonuniyatlarni bilmaydigan o’quvchilar buyumlarning shaklini to’g’ri tasvirlashda yanglishadilar.

Ko’rgazmalilik printsipi tasviriy san’atni o’qitishda borliqdagi narsa va hodisalarning mohiyatini bilishga, uning xarakterli xususiyatlari va qonuniyatlarini o’rganishga ko’maklashadi.

Naturani o’rganish chog’ida (sinfda va plenerda) o’quvchilarning kuzatuvchanlik va mantiqiy fikrlash qobiliyatlari rivojlanadi.

O’qituvchida har doim ham o’rganilayotgan ob’ektni ko’rsatish imkoni bo’lavermaydi, bunday hollarda unga ko’rgazmalilik yordam beradi. Bu esa o’quvchilarda mazkur sohaga bo’lgan qiziqishni jonlantiradi.

O’quvchi naturadan rasm chizish jarayonida doim izlanadi, shakllarni solishtiradi, naturaning tuzilishi, o’lchovlari, shakllari, rangi kabilarni bilib oladi. SHubhasiz, bularning hammasi o’quvchilarda kuzatuvchanlikni rivojlanishiga olib keladi.




Yüklə 46,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin