Voleybol (inglizcha: volleyball volley — „urib qaytarmoq“ va ball — „toʻp“) toʻpli sport oʻyini boʻlib, har biri 6 kishidan iborat ikki jamoa bilan oʻrtasidan toʻr tortilgan maydonchada oʻynaladi. Oʻrtasidan toʻr bilan (erkaklar musobaqasi uchun 2,43 m va ayollar musobaqasi uchun 2.24 m balandlikda) boʻlingan 9x18 m li maydonchada oʻynaladi. Voleybol toʻrining katakchalari soni 1 000 ta (enida 100 ta va boʻyida 10 ta) boʻlib, bitta katagining toʻrt tomoni 10 sm dan boʻladi. Bir jamoa 6 kishidan iborat boʻlib, 2 jamoa oʻynaydi. Oʻyinchilar toʻpni qoʻl bilan urib, raqib maydoniga tushirishga harakat qiladilar. Koptokni uch urishda raqiblar tomoniga oʻtkazish lozim. Musobaqa 3 yoki 5 partiya oʻynaladi. Voleybol AQShda paydo boʻlgan (1895). Xalqaro federatsiya (FIVB; 1947-yil asos solingan) ga 180 dan ortiq mamlakat aʼzo. 1964-yildan Olimpiya oʻyinlari dasturlariga kiritilgan, 1949-yildan jahon birinchiliklari oʻtkaziladi. Voleybol Oʻzbekistonda 1920-yildan oʻynaladi. Oʻzbekiston Respublikasi 1991-yil Xalqaro voleybol federatsiyasiga, 1992-yil Osiyo voleybol konfederatsiyasiga aʼzo boʻlib kirdi. Oʻzbekistonda bu sport turi bilan 700 mingdan ortiq kishi muntazam shugʻullanadi. U maktablarda ommaviy tus olgan, jismoniy tarbiya boʻyicha dasturning ajralmas qismi hisoblanadi.[1] 1896-yilda Springfild shahridagi kollej direktori doktor Alfred Xalsted bu oʻyinga „voleybol“ deb nom berdi. „Voleybol“ inglizcha soʻz boʻlib, oʻzbek tilida „parvoz qiluvchi toʻp“ degan maʼnoni bildiradi. 1897-yilda tadbiq etilgan baʼzi bir oʻyin qoidalari quyidagicha edi:
Maydoncha chegaralari 7,6 x 15,1 m
Toʻrning oʻlchamlari 0,65 x 8,2 m, balandligi 198 sm
Toʻpning vazni 340 g, aylanasi 63,5 — 68,5 sm
Oʻyinchilarning soni chegaralanmaydi va hokazo.
Futbol (inglizcha: football; foot — „oyoq“, ball — „toʻp“) — sport oʻyini. Oʻyindan maqsad toʻpni raqib darvozasiga kiritish. Bunga har bir jamoadagi darvozabon xalaqit berishga intiladi, unga oʻz darvozasi yaqinidagi jarima maydonchasi ichida toʻpga qoʻl bilan teginish ruxsat etilgan. Boshqa barcha oʻyinchilarga, shuningdek oʻz jarima maydonchasidan tashqariga chiqqan darvozabonga ham bunday huquq berilmagan.
Toʻp uchun kurashda chalib yiqitish, raqibga zarba berish kabi kuch ishlatishlar taʼqiqlanadi. Agar oʻyinchi toʻpga qoʻlidan tashqari tanasining istalgan boshqa yeri (odatda oyogʻi) bilan istalgan vaqtda zarba bera oladigan holatda boʻlsa, oʻyinchi toʻpni egalladi, deb hisoblanadi .
Odatda futbol toʻgri toʻrtburchak shaklidagi maydonda oʻynaladi. Har bir jamoa 11 futbolchidan (10 ta oʻyinchi va bitta darvozabon) tashkil etiladi. Alohida bir futbol oʻyini match, deb atalib, har biri 45 daqiqa davom etuvchi taymlardan iborat boʻladi. Birinchi va ikkinchi taymlar orasida jamoalar oʻrin almashishadi.
Bundan tashqari shunday futbol turlari borki, ulardagi oʻyinchilar soni kamroq boʻlishi mumkin — jumladan plyaj futboli (qumda oʻynaladi), mini-futbol (maxsus qoplamali zalda oʻynaladi), mahalla futboli (har qanday maydonda har qancha oʻyinchilar bilan oʻynaladi).
Darvozalar hajmi maydon hajmiga mutanosib boʻladi.
Futbol ikki darvoza (7,32 x 2,44 m) li maxsus maydon (90—120 x 45—90)da toʻp bilan jamoa boʻlib oʻynaladi. Futbol toʻpining ogʻirligi 410—450 g, aylana diametrining uzunligi 68—70 sm, oʻyinning asosiy vaqti 90 daqiqa (45 daqiqadan 2 boʻlim, 12—15 daqiqa tanaffus).