Bezak naqsh bilan chambarchas bog'liq. Naqsh narsa-buyumning badiiy shaklga aylanishidir. Naqsh moddiy ashyolar bilan, ya'ni narsa-buyum bilan mustahkam va bevosita bog'liq emas. Bitta naqsh xilma-xil narsa-buyumlarni bezab turganligini har qadamda uchratish mumkin. Ko'pincha naqsh geometrik va tasviriy tomonlar vaznli almashinib turishiga chekilgan bezak ko'rinishida namoyon bo'ladi. Naqshda vazn, teng tomonlilik, mutanosiblik hissi kuchli namoyon bo'ladi va qaror topadi. Unda hodisalarning bevosita tuyg'uli qiyofasidan mavhumotga yo'g'rilgan his-tuyg'ular qaror topadi. Naqshda tasviriy tomon bo'lishi mumkin («o'simlik» yoki «jonivor» naqshlar), ammo u yordamchi vazifani ado etadi. Naqsh quvonch va qayg'u, osoyishtalik va bezovtalik kabi eng umumiy tuyg'u va kayfiyat holatlarni ifodalaydi.
Tarixiy taraqqiyotning turli davrlarida u yoki bu g'oyaviy-tuyg'uli ohanglar naqshda ustivor darajada namoyon bo'ladi. Xalq hayoti va uning ruhiy holati xususiyatlari geometrik, o'simlik yoki jonivorlar mutanosibliklarida bajarilgan yetakchi naqsh ohanglarida ifoda topadi. Texnika estetikasining amaliy ko'rinishi bo'lgan «dizayn»ning vujudga kelishi, texnika loyihalarining maishiy narsa-buyumlar sohasiga ham tadbiq etilishi natijasida texnika va bezakli amaliy san'at birligi shakllandi va o'zaro ta'sir o'tkazish jarayonlari yo'lga qo'yildi.
San'at turlari orasida me'morchilik alohida o'rin egallaydi. Me'morchilik inson yashash muhitini uyushtirishda, uning hayot faoliyatida ulkan ahamiyat kasb etadi. Unda san'at va boshqa faoliyat sohalari o'rtasidagi cheklanganlik yo'q. U ikki tomolama bo'lib, ham moddiy, ham ma'naviy madaniyatga taalluqlidir.
Me'morchilikning badiiy tomoni amaliy tomoniga bo'ysundirilgan bo'ladi. Me'morchilikda badiiy (qiyofali ifoda) avvalo, binolar yoki ular majmuining ijtimoiy ahamiyatligida ko'rinadi. Bu hol uning badiiy imkoniyatlarini yanada oshiradi va me'morchilik xususiyatlarini belgilab beradi.
Boshqa san'at turlarida bo'lganidek, me'morchilikda ham bilish o'ziga xos tarzda namoyon bo'ladi. Alohida inshoot yoki majmua tarzidagi me'morchilik asarlari tarixiy davr yaxlit qiyofasini vujudga keltiradi. U o'z davrinig eng umumiy va o'ziga xos fikr va tuyg'ularini umumlashgan va mujassamlashgan tarzda ifodalaydi. Me'morchilik asarlari voqyelikni bevosita tasvir etmaydi, balki inson kechinmalarini aks ettiradi. Donishmandlar me'morchilikni «qotishma» musiqa yoki «toshdagi doston» deb ta'riflaganlar. Bular me'morchilik to'la tavsifini anglatmasada, uning tabiatini belgilaydi. Me'morchilik musiqaga o'xshab davr qiyofasini ijtimoiy-ifodali ko'rinishda yaratadi. Agar musiqada qiyofa eshitish orqali idrok etishga mo'ljallangan bo'lsa, me'morchilik ko'rishga mo'ljallangandir.