IMMUNITET JARAYONLARINING MORFOLOGIK ASOSLARI
Keyingi 15–20 yil ichida immunologiya fani jadal taraqqiy etdi. Faoliyati bo`yicha bir-biridan keskin farq qiluvchi T- va B- limfotsitlarning topilishi, immun-himoya jarayonlarida mikromuhit hujayralarining salmoqli roli borligining aniqlanishi hamda bu jarayonlarni boshqarishda ishtirok etuvchi moddalarning ochilishi immunitet to`g`risidagi tushunchalarni tubdan o`zgartirdi. Klassik immunologiyaning asoschilari bo`lib Lui Paster va I. I. Mechnikovlar hisoblanadi. Bundan 30–40 yil avval klassik immunologiya organizmni faqat har xil yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroblar va viruslardan himoya qilish mexanizmlarini o`rganish bilan cheklandi. Boshqacha qilib aytganda, immunologiya deganda tor doiradagi infeksiya immuniteti tushunib kelindi. Hozirgi zamon immunologiyasi nazariy va amaliy meditsinaning barcha sohalariga taalluqlidir. Bejiz emaski, u hozir turli xil kasalliklarda kuza-tiladigan immunitet yetishmovchiligini (immunodefitsitlarni) aniqlash va davolashda, har xil a’zolarni (yurak, buyrak, jigar va boshqalarni) ko`chirib o`tkazishda (transplantatsiya qilishda) tug`iladigan muammolarni yechishda ham keng qo`llanilmoqda. Immunologiyaning rivojlanishida – akademik P. B. Petrov hamda jumhuriyatimiz vakili professor P. M. Haitov va ularning shogirdlari qo`shgan hissalari juda katta. Immunitet jarayonlarida ishtirok etuvchi hujayralarning kelib chiqishi, tuzilishi, faoliyati hamda o`zaro muloqotda bo`lishini o`rganuvchi fan endilikda o`zida gistologiya va immunologiya elementlarini mujassamlashtirgan bo`lib, uni immunomorfologiya deb atash rasm bo`ldi. Bu fan oldiga qo`yilgan asosiy vazifalardan biri – organizmda kechadigan immun-himoya jarayonlarini ta’minlaydigan tuzilmalarni hujayra, to`qima, a’zolar va yagona sistema sohasida tadqiq qilishdir. Immunomorfologiyaning rivojlanishiga ittifoqimiz olimlari katta hissa qo`shmoqdalar. Bu o`rinda moskvalik olimlar – akademik M. R. Sapinni, professor N. A. Yurinani va Toshkent meditsina institutining gistologiya kafedrasi kollektivini ko`rsatib o`tish mumkin. Masalan, 1987 yili Toshkentda chop etilgan akademik K. A. Zufarov va professor K. R. To`xtayev qalamiga mansub «Immun sistema a’zolari» kitobi immunomorfologiya bo`yicha ilk asarlardan hisoblanadi. Ushbu bo`lim ko`p jihatdan ana shu kitobda berilgan dalillar asosida yozilgan.
Immunitet to`g`risida tushuncha. Immun-himoya reaktsiyalari va immunitet tushunchalari o`zaro almashinuv imkoniyatiga ega sinonimlardir. Immunitet – bu organizmning o`zini barcha genetik jihatdan yot bo`lgan zarrachalar va moddalardan, ya’ni antigenlardan himoya qilish qobiliyatidir. Antigenlar organizmga tashqaridan tushishi (ekzoantigenlar) yoki organizmning o`zida (autoantigenlar) hosil bo`lishi mumkin. Immunitet jarayoni organizmning immun sistemasi, bu sistemaga kiruvchi hujayralar (immunotsitlar), to`qimalar hamda markaziy va periferik a’zolar yordamida amalga oshiriladi. Immun sistema yuqorida ko`rsatilgan markaziy (qizil suyak ko`migi, timus) va periferik (limfatik tugunlar, taloq, ovqat hazm qilish, nafas va siydik chiqaruv yo`llarida joylashgan limfoid follikullar) qismlardan tashkil topgan.
Immun-himoya jarayonlarini amalga oshiradigan asosiy hujayralar T- va B-limfotsitlar hisoblanadi. Ularning ko`payishi, yetilishi hamda faoliyati esa mikromuhit tashkil qiluvchi makrofaglar, interdigitirlovchi va dendritli hujayralar bilan chambarchas bog`liqdir. Timusda bu hujayralar qatoriga uning stromasini hosil qiluvchi retikuloepitelial hujayralar ham kiradi. Bulardan tashqari, organizmda kechadigan himoya reaksiyalarida neytrofil, eozinofil, bazofil leykotsitlarning, to`qima bazofillarining (semiz hujayralarning) hamda fibroblastlarning ahamiyati ham kattadir.
A n t i g e n l a r – murakkab organik moddalar bo`lib, ular organizmda o`ziga qarshi ixtisoslashgan javob reaksiyasi kelib chiqishiga sabab bo`ladi. Mikroblar, viruslar, turli xil parazitlar, yot hujayralar va to`qimalar, ba’zida esa organizmning genetik jihatdan o`zgargan (mutatsiyaga uchragan) hujayralari va hokazolar antigenlik xususiyatiga ega bo`lishi mumkin. Bundan tashqari, yot hujayralar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hamda sun’iy yo`l bilan sintezlangan yuqori molekulali moddalar ham antigen rolini o`ynashi mumkin.
A n t i t e l o l a r – immunoglobulinlarning u yoki bu sinfiga mansub murakkab oqsillar. Ular organizmda ma’lum antigenlar ta’siri ostida plazmatik hujayralar tomonidan sintezlanadi va shu antigen bilan birikib, uni zararsizlantirish qobiliyatiga ega bo`ladi. Shu tufayli antitelolar immunitet jarayonining ixtisoslashganligini ta’minlovchi asosiy omillardan biri bo`lib hisoblanadi. Hozirgi paytda immunoglobulinlarning 5 sinfi mavjud bo`lib, ular qon oqsillarining taxmiman 1/3 qismini tashkil etadi. Immunoglobulinlardan asosiysi IgG hisoblanadi. Bu sinfga kiruvchi antitelolar organizmni mikroblar, viruslar hamda ular ishlab chiqargan zaharli moddalardan aktiv himoya qiladi. Immunoglobulinlarning IgM sinfiga kiruvchi antitelolar zaharli moddalarni neytrallashda, yot hujayralarni yemirishda va turli xil antigenlarni cho`ktirishda muhim o`rin tutadi. Immunoglobulinlarning IgA sinfiga kiruvchi antitelolar, qondan tashqari, ko`p miqdorda so`lakda, ko`z yoshida, me’da-ichak suyuqliklarida ham uchraydi. Shu tufayli bu antitelolar sekretor antitelolar deb atalib, ular shilliq pardalarni himoya qilishda faol ishtirok etadi. IgE sinfiga kiruvchi antitelolar esa allergik reaksiyalarda qatnashadi. Ularning maxsus antigenlar (allergenlar) bilan hosil qilgan kompleksi to`qima bazofillarining degranulyatsiyasiga va hujayralardan gistamin hamda geparin moddalarining ajralib chiqishiga olib keladi. Nihoyat, immunoglobulinlarning oxirgi sinfi bo`lmish IgD juda kam miqdorda uchraydi. Uning ahamiyati hali to`la aniqlanmagan. Bu immunoglobulin ko`proq embrionda va yangi tug`ilgan chaqaloqlarda uchraydi.
Antiteloning antigen bilan bog`lanishi jarayonida qon plazmasida bo`lgan maxsus oqsillar yoki komplement ham ishtirok etadi. Komplement bu jarayonda keskin aktivlashib, antigenlarning antitelolar tomonidan zararsizlantirishini ta’minlaydi.
Immunitet to`g`risida bir qancha nazariyalar mavjud bo`lib, ulardan hozirgi paytda eng keng tarqalgani F.Bernetning «klonal-seleksion» nazariyasidir. Bu nazariyaga binoan organizmda limfotsitlarning ko`p miqdordagi guruhlari, ya’ni klonlari mavjuddir. Har bir klonga mansub limfotsitlar genetik jihatdan bir xil bo`lib, ma’lum bir yoki bir necha antigenga nisbatan javob reaksiyasini berish qobiliyatiga egadir. Shu tufayli biron-bir aniq antigen limfotsitlarning faqatgina shu antigenga mos keladigan klonigagina ta’sir ko`rsatadi va ularning ko`payishiga hamda aktivlashishiga olib keladi.
Antigenlarni yemirish va zararsizlantirish uslubiga qarab immunitetning ikki xili ajratiladi:
1. G u m o r a l i m m u n i t e t – bunda antigenlarning antitelolar yordamida zararsizlantirilishi asosiy o`rin tutadi. Bu immunitetning ishchi (effektor) hujayralari bo`lib antitelo ishlab chiqaruvchi plazmatik hujayralar yoki plazmotsitlar hisoblanadi. Plazmotsitlar o`z navbatida B-limfotsitlardan hosil bo`ladi. Bu jarayonda T- limfotsitlar va mikromuhit hujayralari ham faol qatnashadi.
2. Hujayraviy immunitet – bunda antigenlar (asosan, yot hujayralar va organizmning o`zida hosil bo`ladigan, genetik mutatsiyaga uchragan o`sma hujayralar) m a x s u s q o t i l (killer – qotil) h u j a y r a l a r tomonidan o`ldiriladi va yemiriladi. Bu immunitet jarayonida effektor hujayralar bo`lib, T- limfotsitlarning bir turi bo`lgan T-killerlar va maxsus «tabiiy killerlar» (TK) hisoblanadi. Bu hujayralarni boshqacha qilib sitotoksik ta’sir ko`rsatuvchi hujayralar deb ham atash mumkin (cytos – hujayra, toxin – zahar, ya’ni hujayrani zaharlovchi degan ma’noni anglatadi).
Organizmga antigen birinchi marta tushganda (birlamchi javob reaksiyasi) shu antigen uchun javobgar limfotsitlar kloniga tegishli hujayralar aktivlashib, blast hujayralarga aylanadi. u blastlar mitoz yo`li bilan ko`payadi va differensiallashadi. Natijada, antigenni «tanib olish» qobiliyatiga ega bo`lgan limfotsitlar miqdori keskin oshadi. Bu limfotsitlar shakllanishi davomida ikki xil hujayralar hosil bo`ladi. Ularning bir turi effektor yoki ishchi limfotsitlar bo`lsa, ikkinchisi esa antigen to`g`risidagi ma’lumotni «eslab qoluvchi» limfotsitlardir. Anti-genga qarshi antitelolar ishlab chiqaruvchi plazmotsitlar hamda sitotoksik ta’sir ko`rsatuvchi aktivlashgan hujayralar effektor hujayralar bo`lib, xizmat qiladi. Antigen organizmga qayta tushganda (ikkilamchi javob reaksiyasi) «eslab qoluvchi» limfotsitlar oldindan «tanish» bo`lgan antigenga nisbatan darhol javob reaksiyasi sodir bo`lishini ta’minlaydi.
Dostları ilə paylaş: |