GEMOLIMFATIK TUGUNLAR
Ular odamda juda kam uchrab, asosan qorin aortasi va buyrak arteriyalari atrofidagi yog` to`qimasida joylashishi mumkin. Ular oddiy limfa tugunlaridan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi.
1. Ular mayda bo`lib, o`lchamlari 0,1 – 0,3 sm dan oshmaydi.
2. Ularda follikullar va mag`iz tasmalari yaxshi rivojlanmagan bo`ladi.
3. Sinuslar, ayniqsa, mag`iz sinuslari keng bo`lib, o`zida ko`p miqdorda eritrotsitlarni va granulotsitlarni tutadi. Embrionda va yangi tug`ilgan chaqaloqda gemolimfatik tugunlarda qonning takomil etuvchi yosh hujayralarini (promiyelotsitlar, miyelotsitlar, normotsitlarni) ko`rish mumkin.
Gemolimfatik tugunlarni ba’zan odamlar va sutemizuvchilarda uchraydigan qo`shimcha mayda taloqlardan ham farq qilish muhimdir:
1. Gemolimfatik tugunlarda albatta olib keluvchi limfatik tomirlar bo`lib, qo`shimcha taloqlarda esa ular yo`qdir.
2. Qo`shimcha taloqlarda uchraydigan maxsus tuzilmalar (follikullar tarkibidagi markaziy arteriyalar, yirik venoz sinuslar) gemolimfatik tugunlarda bo`lmaydi.
Tugunlarning innervatsiyasi. Limfatik tugunlar retseptor va effektor nerv oxirlariga boydir. Tugunga darvoza sohasidan mag`izli va mag`izsiz nerv tolalari kiradi. Ular tugun kapsulasida, trabekulalarda, po`stloq va mag`iz moddalarida retseptor nerv oxirlarini hosil qiladi. Tugundagi effektor nerv oxirlari ikki turli, ya’ni adrenergik va xolinergik bo`ladi.
Limfa tugunlari organizmning ulg`ayishi bilan bog`liq holda o`zgaradi. Bu o`zgarish organizmga tushadigan antigenlar bilan chambarchas bog`liqdir. Agar yangi tug`ilgan chaqaloq mikroblardan butunlay holi bo`lgan muhitda saqlansa (gnotobiontlar), undagi limfa tugunlari oxirigacha taraqqiy etmaydi. Follikullar va ularning ko`payishi markazlari rivojlanmay qoladi. Organizmning tashqi muhit antigenlari bilan uchrashuvi limfa tugunlarini yosh organizmda tez voyaga yetkazuvchi asosiy omillardan biri bo`lib hisoblanadi. Qarilik paytiga kelib, limfa tugunlarining faoliyati susayadi. Ularda limfotsitlar va mikromuhit hujayralarining miqdori kamayib biriktiruvchi to`qimaning yo`g`onlashishi va yog` hujayralarining ko`payishi kuzatiladi.
Dostları ilə paylaş: |