Umumiy pedagogika Turkistonda jadidchilik harakati
Turkistonda dastlab ochilgan rus maktablari.
O`rta asr musulmon maktablarini isloh qilishdan bosh tortgan chorizm, ruslar o`rnashgan erlarda ochilgan rus maktablarini Turkistonda maorif sohasida o`z siyosatining quroli qilib olishga harakat qildi. (Toshkentda dastlabki rus maktabi 1866 yilda ochilgan edi). Rus maktablariga ruslar bilan birga o`qish uchun mahalliy aholi bolalari ham qabul qilinar edi. Turkistondagi boshlang`ich rus maktablarida hunarga Rossiyaning Evropa qismidagiga qaraganda, ancha ko`proq o`rgatilar edi; bundan maqsad mahalliy aholining bolalarini maktabga ko`proq jalb qilish edi.
O`lkada rus, rus-tuzem maktablari ilk bor XIX asrning 70 – yillarida yuzaga kelgan bo`lsa, 1904 yilga kelib ularning soni 57 taga etdi. Rus-tuzem maktablarida o`quvchilarga rus muallimi rus tilini hamda arifmetikani va boshqa fanlarni o`rgatar, buning uchun o`qish vaqtining yarmi ajratib qo`yilgan edi. O`qish vaqtining qolgan yarmi «Musulmon domla» ixtiyoriga berib qo`yilgan bo`lib, u eski usul maktablaridagidek bolalarga diniy darslar o`qitish bilan shug`ullanardi. Rus-tuzem maktablarida faqat o`g`il bolalar o`qitilar edi. Ota-onalar qizlarini bunday maktablarga bermas edilar. 1903 yilda Turkiston pedagogika to`garagi, Toshkentda qizlar uchun rus-tuzem maktabi ochildi. Lekin bu maktabning faoliyati uzoqqa cho`zilmay, ikki yildan keyin yopilib qoldi.Rus-tuzem maktablarida rus tilini o`qitish dasturi va uslubi rus bo`lmagan o`quvchilar uchun mo`ljallab tuzilar edi.