AQSH KONSTITUTSIYASINING QABUL QILINISHI.
AQSHning birinchi konstitutsiyasi «Konfederatsiya va mangu ittifoq moddalari» nomi bilan kongress tomonidan 1781 yilda qabul qilingan bo’lib, keyingi 2-3 yil ichida barcha shtatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan edi. Bu konstitutsiyaga ko’ra har bir shtat mustaqil davlat birligi sifatida e’tirof etilgan bo’lib, umumiy dushmanga qarshi kurashda birlashish belgilab qo’yilgan edi. Kongress 1 palatadan iborat bo’lib, har yili barcha shtatlardan teng mikdorda vakillar saylanardi. Prezident lavozmi joriy qilinmagan bo’lib, kongress soliq yig’ish huquqiga ega emas edi, shtatlar o’z valutalarini saqlab qolgan edilar. Har bir shtat o’z puliga ega bo’lib, juda ko’p miqdorda pul chiqarilardi. Natijada qog’oz pullarnig qadri 1779 yilda 40 marta, 1781 yilda 100 marta pasayib ketdi. Konstitutsiyani qaytadan ko’rib chiqish uchun chaqirilgan konvent Filadelfiyada 1787 yil 25 maydan 17 sentabrgacha davom etdi. Majlislar nihoyatda maxfiy o’tdi. Aslida «Konfederatsiya moddalari»ni ko’rib chiqish 13 shtatning qonun chiqaruvchi kengashlari roziligisiz amalga oshirilishi mumkin emas edi. 1787 yilgi Konstitutsiyaga binoan AQSH davlatlar ittifoqidan (konfederatsiyadan) ittifoqchi federal davlatga aylandi. Butun ijroiya hokimiyat 4 yilga saylanadigan prezident qo’lida to’plangan bo’lib, u ayni vaqtda ham davlat boshlig’i, ham hukumat boshlig’i bo’lib hisoblanadi. Prezident 2 pog’onali tizim asosida (saylovchi vakillar tomonidan) saylanadi.
Prezident va u tomonidan tayinlanadigan ministrlar (sekretarlar) kongress oldida javobgar emas. Prezident qurolli kuchlarning bosh qo’mondoni ham hisoblanadi. U qonun chiqaruvchi hokimyatga nisbatan veto qo’yish huquqiga ega. Konstitutsiyaga binoan qonun chiqaruvchi hokimyat - kongress 2 palatadan: senatdan hamda vakillar palatasidan iboratdir. Vakillar palatasiga har bir shtatdan aholi soniga qarab vakil saylanardi, senatga esa har bir shtatdan 2 ta vakil yuborilardi. (Vakillar palatasiga saylov muddati 2 yil, senatga 6 yil). Har 2 yilda senat tarkibining 1/3 qismi yangilanib turish kerak. 1787 yil 17 sentabrda konvent tomonidan ma’qullangan konstitutsiya xalq suverenitetini cheklab qo’ydi. U burjua - demokratik erkinliklarni kafolatlovchi huquqlar to’g’risidagi billni ham o’z ichiga olmagan edi. 1789 yilda kuchga kirgan bu Konstitutsiya Shimoliy Amerikaliklar millatinig rivojlanish jarayonida muhim bosqich bo’ldi. Konstitutsiya konfederatsiya davrida mavjud bo’lgan har bir shtatning chegaralarini va valutasini bekor qildi. Bu tadbir ichki bozorning rivojlanishiga katta yordam berdi.
1789 yilda kongressga saylovlar bo’lib o’tdi. Jorj Vashington Amerika Qo’shma Shtatlarining birinchi prezidenti bo’ldi.
Dostları ilə paylaş: |