1792 yil 20 avgustda Milliy Konvent ochildi, unga Frantsiyadan 749 deputat va mustamlakalardan 34 deputat saylangan edi. Ular ichida xalq vakillarining soni 40 dan sal ko’proq edi.
Jirondachilar Konventda 165 o’ringa ega edilar, ular Konventning o’ng qanotini tashkil etardilar. Ularning ko’pchiligi Yakobinchilar klubidan chiqib ketdilar, natijada bu klub asosan montanyarlardan iborat bo’lib qoldi. Montanyarlarning soni 150 ga yaqin edi. Ular qirol ustidan sud o’tkazilishini va boshlangan radikal islohotlarni davom ettirilishini talab qilardilar. 500 ga yaqin deputat esa bu guruhlardan hech biriga kirmas edi va ularni «tekislik» yoki «botqoq» deb atardilar. Konvent 21 avgustda qirol hokimyatini yo’q qilish to’g’risida dekret qabul qildi. 22 sentabrda Frantsiya respublika deb e’lon qilindi. 1792-1793 yil qishida shahar va qishloklarning xalq ommasi inqilobni yanada chuqurlashtirishni talab qilib chiqdilar. 1793 yil may oyida un va bug’doyga maksimum narxlar joriy qilish to’g’risida, boylarga 1 mlrd. livr majburiy zayom joriy qilish to’g’risida dekretlar qabul qilindi. Parij Kommunasi kambag’allar manfaatlarini himoya qilardi. Ayniqsa Kommuna prokurori Gaspar Shomett va uning o’rinbosari Jak Eber faol harakat qilardilar.
Qirol Lyudovik XVI ni jazoga tortish masalasi Konventda, undan tashqarida, Parij ko’chalarida va butun Frantsiyada keng muhokama qilinardi. Konventda qirolga jazo berish masalasi ustida qattiq tortishuv bordi. Deputatlardan 387 tasi qirolni qatl qilish uchun ovoz berdi, 344 deputat turmaga tashlash uchun ovoz berdi. 1793 yil 21 yanvarda xalq ommasining ko’zi oldida qirol Lyudovik XVI qatl qilindi. Shu yili oktabrda inqilobiy tribunalning hukmi bilan qirolicha Mariya Antuanetta ham qatl qilindi. Qirolning qatl kilinishiga, xalq ommasining talabi bilan bir qator dekretlarning qabul qilinishiga, non va donga maksimum narxlar joriy qilinishiga qaramay parlamentda va undan tashqarida kurash pasaymadi. Kommuna tomonidan tuzilgan Isyonchilar Qo’mitasining buyrug’i bilan 1793 yil 31 mayda qurollangan ko’p ming kishilik xalq ommasi va Milliy gvardiya Konventni o’rab oldi. Jirondachilarning rahbarlari qamoqqa olindi. Xalq qo’zg’oloni g’alaba qozondi, hokimyatga Yakobinchilar keldi.