Lyudovik XIV hukmronligi.
Lyudovik XIII 1643 yilda o’ldi, bu vaqtda taxt vorisi Lyudovik XIV 5 yoshda bo’lib, unga onasi Anna Avstriyskaya regent qilib tayinlandi, lekin haqiqatda mamlakatni birinchi ministr lavozimidagi kardinal Mazarini 18 yil idora etdi ( 1643-1661). Mazarini 1661 yilda o’ldi va Lyudovik XIV birinchi o’ringa chiqdi, u Frantsiyani 54 yil mustaqil idora qildi, ba’zan bu davrni «Lyudovik XIV asri» deb ataydilar (1661-1715). U hukmronlik qilgan davrning 1-yarmida Frantsiyada absolyutizm o’zining eng yuqori cho’qqisiga ko’tarildi. Lyudovik XIV 60 yillarda Parij parlamentini ilgarigi vaqtlardagi siyosiy mavqeidan mahrum eta boshladi. Lyudovik XIV moliyachilarga ham qattiq taziyq o’tkazdi. U 1661 yilda syurintendant (davlat moliyasining rahbari) Nikolay Fukeni qamoqqa olishni buyurdi. Lyudovik XIV tomonidan o’tkazilgan ichki siyosatga doir eng muhim ishlarning hammasi va tashqi siyosatga doir ishlarning ko’pi Kolberning bevosita ishtiroki bilan amalga oshirilardi, u 1665 yilda bosh moliya nazoratchisi degan unvonga ega bo’ldi va hukumatda birinchi o’rinda turdi. Lyudovik XIV ning 54 yillik hukmronligining 33 yili urushlarda o’tdi. Uning birinchi urushi zaiflashib qolgan Ispaniyadan Belgiyani tortib olish uchun bo’lib o’tdi (1667-1668 yy). Frantsuz armiyasi dastlab bir qancha yutuqlarga erishdi, lekin Gollandiya, Angliya va Shvetsiyadan iborat ittifoqchilarning urushga kirishi Frantsiyani urushni to’xtashishga majbur qildi. Frantsiya Belgiyaning bir necha qal’alarini qo’lga kiritdi. 1672 yilda Frantsiya Gollandiyaga hujum boshladi va deyarli bu mamlakatni to’la bosib oldi. Lekin Gollandiyada bosqinchilarga qarshi xalq ommasining ko’tarilishi, Ispaniya va Gabsburglar Avstriyasining yordamga kelishi natijasida frantsuzlar chekinishga majbur bo’ldilar. 1678 yildagi Nimevgen sulhiga binoan Frantsiya bosib olgan barcha hududlarni Gollandiyaga qaytarib berdi. Frantsiyaning Ispaniya, Gollandiya va Angliyadan iborat ittifoqqa qarshi olib borgan urushi ham muvaffaqiyatsiz tugab, u bir qator hududlardan mahrum bo’ldi ( 1697 yildagi Risvik sulhi).Lyudovik XIV hukmronligi davridagi so’nggi urush ispan merosi uchun bo’lgan urush (1701-1714) bo’lib, unda Yevropada gegemonlik uchun kurash bordi. Bu urushda Frantsiyaning og’ir iqtisodiy ahvoli o’z ta’sirini ko’rsatdi. Mamlakatda tez-tez ochlik isyonlari ro’y berib turardi. 1713 yilda Frantsiya Angliya, Gollandiya, Prussiya bilan sulh shartnomasini tuzdi, 1714 yilda shunday sulh Muqaddas Rim imperiyasi bilan tuzildi.
Dostları ilə paylaş: |