YANGILANAYOTGAN O\'ZBEKISTON.MILLIY TIKLANISHDA -MILLIY YUKSALISH SARI O\'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING XALQORO REYTING VA INDEKSLARDAGI O\'RNI VA NUFIZI OSHIB BORISHI.
I.Bob.O‘zbekistonning xalqaro reytinglarda tutgan o‘rni
1.1Ijtimoiy-iqtisodiy soha indekslari haqida qisqacha ma’lumot.
Aholi turmush darajasini oshirish, davlat organlarining xalq manfaatlari uchun xizmat qilishida davlat siyosatidagi ustuvorligini ta’minlash hamda mamlakatga kirib kelayotgan investitsiyalar oqimini jadallashtirish va investor mulkini davlat tomonidan himoya qilish kabi mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni dunyo hamjamiyatiga namoyon etish maqsadida turli sohalar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan tuziladigan xalqaro reyting va indekslar muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori baholangan har qanday xalqaro reytinglar samarasi sifatida ishbilarmonlardan tortib dunyo aholisi barcha qatlamining e’tibori shu mamlakatga qaratiladi: investitsion muhit, turizm, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, buning natijasida aholining turmush darajasi va farovonligi yaxshilanadi. Xalqaro reyting va indekslarni faoliyat yo‘nalishiga qarab ijtimoiyiqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga ajratish mumkin. Bunda iqtisodiyot, ishbilarmonlik, byudjet, sanoat, investitsiya va barqaror rivojlanish maqsadlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohaga, huquq, korrupsiya, demokratiya hamda boshqaruv sifatini siyosiy-huquqiy sohalarga kiritish maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-sonli Farmoniga asosan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (keyingi o‘rinlarda Vazirlik) quyidagi halqaro reyting va indekslarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yaxshilash uchun mas’ul etib belgilangan.
Indeksni tuzuvchi xalqaro tashkilotlar tegishli davrlar bo‘yicha davlat organlari tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar hamda turli xalqaro tashkilotlarning (World Economic Forum, World Bank, International Monetary Fund, UN, Transparency International va boshqalar) reyting hisobotlari natijalariga asoslanib, indikatorlar natijalarini hisoblaydi hamda o‘zining rasmiy veb saytlarida e’lon qilib boradi.
2020 yilgi reyting natijalariga ko‘ra Biznes yuritish va Iqtisodiy erkinlik indeksida Yangi Zelandiya, Gong Kong hamda Singapurni yuqori 3 talik davlatlar qatorida ko‘rish mumkin.Indikatorlar bo‘yicha reytingi yuqori davlatlar tahlil qilinganda, Yangi Zelandiya Biznes yuritish indeksining korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish (100.0) va kredit olish indikatorida (100.0), Singapur kontraktlar ijrosini ta’minlashda (84.5) hamda Gong Kong qurilish uchun ruxsatnoma olishda (93.5) dunyoda etakchilik qiladi.Umr ko‘rish davomiyligi 85.3 yil, kutilayotgan ta’lim yillari 18.1 yil, o‘rtacha ta’lim yillari 12.6 yil hamda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 68 059.0 AQSH dollari bo‘lgan Inson kamoloti indeksida Norvegiya davlati 2001 yildan beri (2007, 2008 yillar bundan mustasno) ushbu reytingni boshqarib kelmoqda.
So‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro reytinglar tasnifiga ko‘ra, Biznes yuritish indeksida top 20-talik islohotchimamlakatlar, Iqtisodiy erkinlik indeksida davlatda iqtisodiyot asosan erkin bo‘lmagan davlatlar, Inson kamoloti indeksi bo‘yicha inson taraqqiyoti darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin oldi. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda o‘rnini quyidagi ikki yo‘nalish bo‘yicha izohlash mumkin: - indikatorlar ko‘rsatkichining o‘zgarishi: Biznes yuritish indeksi tarkibidagi 10 ta yo‘nalishning 9 tasida (to‘lovga qobiliyatsizlikni hal qilishdan tashqari), Iqtisodiy erkinlik indeksi tarkibidagi (sud faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichidan tashqari) barcha indikatorlarda hamda Inson kamoloti indeksi bo‘yicha umr ko‘rish davomiyligi indikatorida 2020 yilda 2019 yilga nisbatan o‘sishga erishgan; - indikatorlar o‘rnining pastligi: turlari bo‘yicha eng so‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, Biznes yuritish indeksi tarkibidagi 3 yo‘nalish (qurilish uchun ruxsatnomalar olishda 132-o‘rin, xalqaro savdoda 152-o‘rin va to‘lovga qobiliyatsizlikni hal qilishda 100-o‘rin), Iqtisodiy erkinlik indeksi tarkibidagi 6 yo‘nalish (sud faoliyati samaradorligida 123-o‘rin, davlat yaxlitligida 142-o‘rin, monetar erkinlikda 175-o‘rin, savdo erkinligida 129-o‘rin, investitsiyalar erkinligida 169-o‘rin va moliyaviy erkinlikda 162-o‘rin) hamda Inson kamoloti indeksi bo‘yicha 3 yo‘nalish (umr ko‘rish davomiyligida 117-o‘rin, kutilayotgan ta’lim yillarida 128-o‘rin va aholi jon boshiga YAMDda 126-o‘rin) indikatori juda past ko‘rsatkich sifatida baholangan. Oxirgi to‘rt yil davomida barcha sohalarda bo‘lgani kabi mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash borasida ko‘plab shu jumladan, xalqaro reyting va indekslarda ham salmoqli yutuqlarga erishildi.Bu yutuqlarni O‘zbekiston Respublikasining 2011-2020 yillardagi xalqaro reyting va indekslardagi dinamikasi orqali ko‘rishimiz mumkin. YUqorida keltirilgan grafikdan mamlakatimizning Biznes yuritish indeksi bo‘yicha 2020 yil 2011 yilga nisbatan 81 ta pog‘onaga, Iqtisodiy erkinlik indeksi bo‘yicha 49 ta pog‘onaga hamda Inson kamoloti indeksi bo‘yicha esa 7 ta pog‘ona (2020 yilgi reyting natijalari 2020 yil dekabr oyida e’lon qilinishini hisobga olib, 2019 yil yakunlariga nisbatan olindi)ga yuqorilab, bu borada bir qancha yutuqlarga erishayotganini ko‘rish mumkin.
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini mustahkamlash maqsadida qabul qilingan PF-6003-sonli Farmonning 3-ilovasida 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) belgilab berilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirish va berilgan topshiriqlarni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlik tomonidan har bir indeks bo‘yicha tegishli vazirlik, idora hamda ilmiy tadqiqot institutlari bilan idoralararo ishchi guruh tarkibi tuzilmoqda hamda 2020 yil ikkinchi yarmi uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan choratadbirlar rejasi ishlab chiqilib, Respublika Kengashiga tasdiqlash uchun kiritilmoqda.