Yo‘q, foydali emas, kerakli kitob. Inson hayotining ko‘p qismi qayerda o‘tadi? Uy dersiz, ishxona dersiz. To‘g‘ri, lekin yana biri – bu yo‘l. Ha, hayotimizning katta qismi o‘tadi bunda. Xo‘sh, bizning yo‘lga, unda harakatlanishning odoblariga oid bilmlarimiz qanday? Qandayligini haydovchilarning sal narsaga so‘kinishlari, sabrsizlik bilan tovush moslamasidan foydalanishlari, tartibsizliklar, yo‘lga nisbatan hurmatsizligimiz ko‘rsatib turibdi. Bu illatlar madaniyatsizlik belgisidir. Madaniyatsizlik bilimsizlikdan kelib chiqadi. Bilimni qayerdan olamiz? Bilim manbayi, albatta, kitob. Lekin qaysi kitobdan. “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun bor, qoidalar bor, lekin odob-axloq qoidalari, shariy hukmlar jamlangan risola qayda bor? Bu shu paytgacha ochiq savol edi. Masalaning yana bir tomoni bugungi kunda yo‘llarda tartib o‘rnatish maqsadida hukumatimiz bor chora tadbirlarni qo‘llayapti. Ammo jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan afzal emasmi? Ya’ni, avvalo, bilimsizlikni oldini olishga e’tibor qaratilishi lozim. Ko‘pchiligimiz qonun-qoidadan ham ko‘ra shariy burch va vazifalarimizni ado etishda jidd-u jahd ko‘rsatishimiz rost.
Jamiyatimizdagi bu bo‘shliqni “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jom’e masjidi imom noibi, ma’rifatparvar domlamiz Hasanxon Yahyo Abdulmajidning “Yo‘l harakati fiqhi” kitobi to‘ldirdi. Asarni o‘qir ekansiz, biz musulmonlar yo‘llarda amal qilishimiz lozim bo‘lgan odob ahkomlar bilan tanishasiz. Har bir inson yo‘ldagi vazifalarini bilsa, amal qilsa, hayotimiz yanada go‘zallashar edi.
“Bu kitob kerakmi o‘zi ko‘chada binoyidek yuribmizku” deyishingiz mumkin. Kerak, albatta! O‘qishni shunchaki tavsiya etmayman, o‘qishingiz shart deyman! Yetti yoshdan yetmish yoshgacha yo‘l harakati qatnashchisi hisoblanadi, axir. Ishonavering bu takrorlangan kitob emas, bu –biz uchun yangilik. Ko‘chada harakatlanganimizda shariy qoidalarga amal qilayotganimizni bilib, anglab tursak biz uchun buning yaxshiligi va ajri katta bo‘ladi, inshaolloh. Asar yo‘lda, ulovda harakatlanishning hukmlari, ayollar masalasi, yo‘llarda ibodat qilish tartibi singari qiziq va dolzarb mavzularni qamrab olgan. Bu qo‘llanma sizning ham kitob javoningizdan joy oladi degan umiddaman.
Rahimov Nurullo.