Arxipelag – (ital. Archipelago so‘zidan) bir-biridan unchalik uzoq bo‘lmagan va odatda bir butun deb hisoblanadigan orollar to‘dasi.
Assotsiatsiya – (lot. associo – birlashish, qo‘shish) umumiy maqsadga erishish uchun tuzilgan uyushma, ittifoq, guruh.
Asteroidlar – (yun. aster – yulduz va eidos - ko‘rinish) kichik sayyoralar. Quyosh atrofida elliptik orbitalar bo‘ylab harakatlanuvchi va ko‘pchiligi Mars va Yupiter orbitalari oralig‘ida joylashgan kichik jismlar.
Astronomiya – (astro… va yun. nomos – qonun) Koinot jismlari va ularning sistemalari paydo bo‘lishini, taraqqiyoti va tuzilishini, ko‘rinmas va haqiqiy harakatlarini, kimyoviy tarkibi va fizik holatini, Koinotning bir butun umumiy qonuniyatlarini o‘rganadigan fan.
Atmosfera – (yun. atmos – bug‘ va sfera) Yer sharini o‘rab olgan va u bilan birga aylanadigan havo qobig‘i.
Atom – (yun. atomos - bo‘linmas) – kimyoviy elementning barcha xossalarini o‘zida mujassamlashtirgan eng kichik zarrasi.