Biopolimerlar – (bio… va polimerlar) – barcha tirik organizmlarning hayot faoliyatida muhim rol o‘ynaydigan yuqori molekulali tabiiy birikmalar.
Biosfera – (bio… va yun. sphalra - shar) Yerning tirik organizmlar tarqalgan qobig‘i.
Biotexnologiya – (bio… va yun. techne – mahorat, san’at, logos – so‘z, ta’limot) qishloq xo‘jalik, sanoat va tibbiyotning turli sohalarida tirik organizm va biologik jarayonlardan foydalanadigan sanoat usullari majmui.
Biofizika – biologik fizika – biologik sistemalarda kechadigan fizik jarayonlar va ularga ta’sir ko‘rsatadigan fizik omillarni o‘rganadigan fan.
Biotsenoz – (bio… va yun. kionos - umumiy) shart-sharoiti bir xildagi muhitga moslashib olgan va bitta joyning o‘zida birga yashaydigan barcha organizmlar.
Botanika – (yun. botanikos – o‘simlikka tegishli, botane – o‘simlik, o‘t, giyoh) o‘simliklar to‘g‘risidagi fanlar majmui. Botanika yer yuzidagi o‘simliklar dunyosini, o‘simliklar organizmlarining yashash va rivojlanish qonuniyatlarini hamda ularning bu jarayondagi o‘zaro aloqalarini, boshqa muhitga nisbatan munosabatlarini ilmiy jihatdan o‘rganadi.