“Zarbulmasal” ning g`oyaviy mazmuni va obrazlari
xususida nimalarni bilasiz?
“Zarbulmasal” majoziy asar bo`lishiga qaramay, unda XIX asr
muhiti voqealari tasvirlanadi. Yozuvchi bu asarida o`zaro o`sha
davrda bo`lib o`tayotgan urushlarning dahshatli oqibatlarini ochib
tashlaydi. Asarda bu kabi urushlarning el-yurtga keltirgan
qashshoqlik va xarobaliklari xarakterli tafsilot va imo-ishoralarda
yorqin aks ettirilgan.
Yapaloqqush o`zaro to`qnashuvlarda boyligi qo`ldan ketgan,
qo`rg`oni buzilgan, Gulxaniy aytganidek, «oti ulug`, suprasi quruq»
boylarning kinoyaviy obrazidir. Buni biz dastlab uning xatti-
harakatlarida va atrofdagilar bilan munosabatida kuzatamiz,
chunonchi, u o`g`liga Kulonkir sulton deb balandparvoz nom qo`yadi.
Yoki Boyo`g`liga quda bo`lmoqchi bo`ladi, o`zini katta tutib “Har
qanchalik qalin bo`lsa topilur”, deb maqtanadi. Yapaloqqushning
tushkunlikka uchragan “usti yaltiroq, ichi qaltiroq” boylarning
kinoyaviy obrazi ekanligi, atrofdagilar, jumladan, unga qarshi
qo`yilgan Ko`rqush bilan muomalasida ham yaqqol ko`rinadi:
Ko`rqush sovchilikka ketayotganida Yapaloqning maqtanchoqliga
qarshi “Bor maqtansa – topilur, yo`q maqtansa – chopilur”,
“Chumchuq semirsa botmon bo`lurmi?” kabi maqollarni keltiradi.
Yapaloqqush “…bolamning asbobi kulonkirligi minqori bilan
changalidan ma`lum va ravshan emasdurmu?” degan so`zlar bilan
o`ziga o`xshash boylarning zo`ravonligiga ishora qiladi. Lekin bu
o`rinda ham Ko`rqush Yapaloqning quruqligini fosh etib,
“Chuchvarani xom sanabsan”, “Halvo degan birla og`iz chuchimas”,
“Oti ulug`-suprasi quruq”, “Uyida chaksa uni yo`q, tom boshida qo`sh
tandir”, “Sichqon sig`mas iniga, g`alvir bog`lar dumiga” degan
iboralar senga mos keladi, deydi.
Shunday qilib, Yapaloqqush misolida o`sha davrdagi boylarning
shuhratparastligi, ochko`zligi, maqtanchoqligi ochib tashlanadi.
“Zarbulmasal” xalq orasida “Yapaloqqush hikoyasi” nomi bilan
mashhur bo`lib, qissaxonlik kechalarida uni eshitgan shinavandalar
asarning chuqur hayotiy mazmuniga qoyil qolishgan. Uning qisqacha
mazmuni quyidagicha:
Farg`ona iqlimida Qayqubod degan podshohdan qolgan bir
vayrona bor edi. Unda yashovchi Boyo`g`lining Gunashbonu ismli
qizi bo`ladi. Shu atrofda manzil tutgan Yapaloqqush uni o`g`li
Kulonkir sultonga olib bermoqchi bo`lib, Ko`rqushni sovchilikka
yuboradi. Ko`rqush yo`lda Hudhudga duch kelib, o`zaro munozara
qiladi. Keyin Kulonkir sulton bilan gaplashib oladi. Boyo`g`linikiga
kelsa, u qarindoshlari bilan kengashib, so`ng javob bermoqchi bo`ladi.
Buni yaxshilikka yo`ygan Yapaloqqush do`sti Sho`ranul degan
qarg`a orqali qushlar shohi Malikshohindan suyunchi oladi.
Malikshohin o`zining pahlavoni bo`lmish Kulonkir sultonning to`yini
podshohlik hisobidan o`tkazib bermoqchi bo`lib, o`z xazinachisi
Kordonni to`y xarajatlarini aniqlash uchun Boyo`g`linikiga jo`natadi.
Boyo`g`li qizining qaliniga mingta vayrona so`raydi. Kordon
Umarxon davrida mamlakat obod bo`lib, vayronalar kamaygani,
shuning uchun uning sonini 600 taga tushirishni so`raydi. Boyo`g`li
ko`nmagach, ortiga qaytib ketadi. Uni eshitgan Ko`rqush oting
Kordon – ishbilarmon bo`lsa-da, aslida qo`lingdan hech ish kelmas
ekan deb, o`zi Boyo`g`lining yoniga kelib, Qo`qondan topilmasa ham,
mingta vayronani Buxoro muzofotidan topib berishga va`da beradi.
Shundan keyin dabdabali to`y qilib, kelin-kuyov murod-maqsadlariga
etadilar.
Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, mazkur to`y bo`lishidan oldin
Ko`rqush sovchilikka borgan edi. U sovchilikka keta turib yo`lda
Hudhud (popishak) ga duch keladi. Ko`rqushning Boyo`g`lining
qiziga sovchilikka boryotganini fahmlagan Hudhud unga: “…qo`lidan
kelmas ishga uringan… maymunga o`xshab rasvo bo`lma”, - deydi.
Shu o`rinda Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalini voqeaga
bog`lab keltiradi.
“Hunar-zar” deb, Najjorning ishini davom ettirmoqchi bo`lgan
Maymunning dumi yog`ochning orasiga qisilib qoladi, qutulmoqning
ilojini topolmay sharmanda bo`ladi:
Ketdi hunar shavqi bila g`ussasi,
Tushdi yag`och ayrisig`a dumchasi.
Bal keynidin bo`ldi tutulmoqlig`i,
Mumkin emas o`ldi qutulmoqlig`i.
Odami jinsida yo`q qissasi,
Qoldi aning dumchasining hissasi.
Gulxaniy kishilarni bilim va hunar o`rganishga, o`z kasbini
to`liq egallashga chaqiradi:
Aydi: «Ulus ichra bu bir kasbdur,
Kasbni boshina kiysang nasbdur».
Bu fikr qissadan hissa tariqasida uqtiriladi.
Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalida hunar va hunar
ahlini ulug`laydi, qo`lingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi
bo`lma, ko`r-ko`rona birovga taqlid qilib falokatga yo`liqma, degan
fikrni maymunning qismati orqali ko`rsatadi.
Najjor juda aqlli va mohir hunarmand sifatida tasvirlanadi. U
ijtimoiy-foydali mehnat bilan shug`ullanishni har narsadan yuqori
qo`yadi. Gulxaniy Najjor va uning mehnatini, duradgorlik mahoratini
tasvirlar ekan, hattoki, Maymun ham mehnatga muhabbat bilan
qaraydi, hunarga va hunar egasiga uning havasi keladi, degan fikrni
olg`a suradi.
O`z navbatida, Ko`rqush ham Yapaloqqush uni majbur qilib
sovchilikka yuborayotganini ta`kidlamoqchi bo`lib, “Sen tevaning
bo`tasi onasi birla munozara qilganidan bexabarga o`xsharsan”, deydi
va “Tuya bilan Bo`taloq” masalini hikoya qiladi.
Dostları ilə paylaş: |