1-mavzu. Dinshunoslik faniga kirish
Reja:
1. Dinshunoslik fanining maqsad va vazifalari.
2. Dinshunoslik fanining ijtimoiy fanlar bilan bog‘liqligi.
3. Dinshunoslik fanining vujudga kelishi va tadrijiy taraqqiyoti.
4. Dinshunoslik fanini o‘rganishda Markaziy Osiyolik mutafakkirlar asarlarining ahamiyati.
Dinshunoslik fanining maqsad va vazifalari. Fanning falsafa, tarix, psixologiya, sotsiologiya, antropologiya, arxeologiya kabi fanlar bilan bog‘liqligi. Din va dinshunoslik atamalarining ta’rifi. Dinshunoslik fanining vujudga kelishi va tadrijiy taraqqiyoti. Dinlar tarixi SHarq ilmlarining uzviy bo‘lagi sifatida. Dinlar tarixini o‘rganishda SHarq allomalarining yondashuvlari. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Hazm Andalusiy, Abdulkarim SHahristoniy va Abu Mansur Bag‘dodiylarning asarlarida dinshunoslik asoslari. G‘arb dinshunosligining o‘ziga xos jihatlari. Dinlarni tasniflashda G‘arb olimlarining qarashlari. Jahonning ilg‘or ta’lim maskanlarida dinlar tarixini o‘rganish va o‘qitish tajribalari.
Olimlarning dinshunoslik sohasidagi izlanishlari muhim xulosalar chiqarishga olib kelgan: birinchidan, har qanday din ijtimoiy hodisa fenomen hisoblanib, diniy ong ijtimoiy ong shakllaridan biridir; ikkinchidan, diniy tasavvur va e’tikodlar jamiyat taraqqiyotining muayyan ijtimoiy sharoitlari ta’sirida turli-tuman shakl kasb etgan; uchinchidan, ibtidoiy diniy tasavvurlardan tortib jahon dinlarigacha bo‘lgan dinlar evolyusiyasini e’tirof etish dinshunoslik haqida to‘g‘ri ilmiy xulosa chiqarish imkoniyatini beradi.
YUqoridagi fikrlarga asoslanib, “Dinshunoslik” predmetini quyidagicha ta’riflash mumkin: Dinshunoslik kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotining muayyan bosqichida paydo bo‘lgan barcha din shakllarining ma’naviy, ijtimoiy, gnoseologik va psixologik ildizlarini, ularning ta’limoti va marosimchiligi, ijtimoiy hayotdagi mavqei va ijtimoiy funksiyalarini ilmiy jihatdan o‘rganuvchi fandir.
Dunyo xaritasida mavjud mamlakat borki, unda yashovchi xalqlarning o‘z dini, urf-odatlari va an’analari mavjud. Ana shu qadriyatlar xalqlarning yurish-turishi, kundalik faoliyati va umuman hayot tarzini belgilashda asosiy omil bo‘lib hisoblanadi. Dunyo xalqlari tarixini o‘rganishda ularning diniy qarashlari, e’tiqod va diniy amaliyotlarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas. “Dinshunoslik” fani ana shu muhim omilni tadqiq etib, tarix bilan bog‘liq ravishda tahliliy o‘rganadi. Dinshunoslikka kirish fanining ob’ekti va predmeti. “Dinshunoslik” fani dinni har tomonlama, xolislik va ilmiylik asosida o‘rganuvchi fandir. Uning ob’ekti din bilan bog‘liq barcha tushunchalarni qamrab oladi.
Ular diniy manbalar, diniy ta’limotlar, diniy oqimlar, mazhablar, din bilan bog‘liq tushuncha, atama, hodisa, hissiyot kabi sohalar ushbu fanning ob’ekti hisoblanadi. Bu fanning predmeti esa aynan dinni o‘rganishdagi turli yondashuvlar, o‘rganishdagi tadqiqot usullari, xolis ilmiylik va ob’ektivlik tamoyillaridan iborat. Masalan, “ibodatgoh” tushunchasi islom dinida “masjid”, xristianlikda “cherkov”, yahudiylikda “sinagoga” so‘zlari bilan berilsa-da, ulardagi jamlovchi jihat – ob’ekt yagona, ya’ni “bino” bo‘lib, undan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad ibodatdir. SHuning uchun ham dinshunoslikda asosan bu kabi ibodatgohlarning diniy Dinning ikki yirik tarkibiy qismi mavjud bo‘lib, ular: diniy e’tiqod va diniy marosimlardir. Bu ikki qism o‘z navbatida bir necha bo‘laklarni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, dinshunoslik fani ularni alohida ob’ekt sifatida o‘rganadi.
“Dinshunoslik” fanini o‘qitishdan maqsad – talabalarga Buddizm, xristianlik, islom kabi jahon dinlari bilan bir qatorda urug‘-qabila dinlari va alohida millatlarga xos milliy dinlar tarixini zamonaviy ilmiy konsepsiyalar asosida chuqurroq o‘rgatish. SHuningdek, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, diniy qadriyatlarni tiklash, diniy bag‘rikenglik madaniyatini shakllantirish yo‘lida qilinayotgan muhim o‘zgarishlar, yangiliklar haqida ma’lumotlarni berish ko‘zda tutilgan.
Mustaqillik davrida milliy va diniy qadriyatlarning xalqqa qaytarilishi bilan birga jahonda mavjud xalqlarning dinlari haqida keng ma’lumot olish, ularning qadriyatlarini o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi. Natijada dinshunoslik fani izchillikda rivojlana boshladi. Bunda alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish bilan birga shu kunga qadar chet ellarda amalga oshirilgan izlanish va tadqiqotlarning natijalaridan unumli foydalanish zarurati paydo bo‘ldi.
“Dinshunoslik” fani dinni tanqid qilish yoki ko‘r-ko‘rona maqtash maqsadida emas, balki dinni tarixiylik, xolislik asosida turli xalqlar hayotida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan, ma’naviy hayotning bir bo‘lagi sifatida yondoshib o‘rganadi.
“Dinshunoslik” fanining vazifalari quyidagilardan iborat:
dinning jamiyatga ijtimoiy, ma’naviy, ruhiy ta’siri haqida bilimlar berish;
ibtidoiy diniy tasavvurlar, milliy va jahon dinlari ta’limotlari haqida ma’lumot berish;
dinning mohiyati va uning kishilik jamiyati taraqqiyotidagi turli tarixiy bosqichlarda tutgan mavqei haqida tushuncha berish;
jamiyatni ma’naviy jihatdan kamol toptirishda diniy qadriyatlarning ahamiyatini yoritish;
dunyoviy davlat va dinning o‘zaro munosabatlarini yoritib berish;
missionerlik va prozelitizmning mohiyati xususida tushuncha berish;
diniy aqidaparastlik, ekstremizm va fanatizm kabi salbiy illatlar mohiyatini yoritish va ularga qarshi g‘oyaviy immunitetni shakllantirish;
kibermakon va unda din omili xususida ma’lumot berish;
O‘zbekiston Respublikasida dinga nisbatan munosabatning tubdan o‘zgarganligi, xususan, islom dini qadriyatlarini tiklash yo‘lida qilinayotgan ishlar haqida keng tasavvur hosil qilish.
“Dinshunoslik” fanining amaliy ahamiyati shunda ham ko‘rinadiki, u talabalarda islom va boshqa dinlar qadriyatlariga hurmat bilan qarash, ularni qadrlash, boshqa dinlarga va ularning vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni tarbiyalaydi.
“Dinshunoslik fani bo‘yicha talabalarning bilimi, uquvi va ko‘nikmasi uchun quyidagi muhim talab, vazifalar qo‘yilgan:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zbek xalqining ma’naviy merosi, dini, jumladan, islom dini qadriyatlari, milliy g‘oya, milliy mafkura haqida bildirgan fikr va mulohazalar, ta’rif va tavsiflarni mazkur fanni o‘rganishda nazariy asos qilib olish;
Ikkinchidan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonun va boshqa qonuniy hujjatlarda din masalasi yuzasidan belgilangan inson huquqlari, turli diniy tashkilotlar huquqlari va majburiyatlarini bilish;
Uchinchidan, “Dinshunoslik” asosiy fanlar qatorida o‘qitilishi, din, dindorlar va diniy tashkilotlarga nisbatan davlat tomonidan adolatli siyosat o‘rnatilishi, fuqarolar uchun vijdon erkinligining konstitutsion kafolatlanishi mustaqillik sharofati ekanligini tushunib etish;
To‘rtinchidan, qonunga hurmat hissini, faqat o‘zining emas, balki boshqalarning ham diniy his-tuyg‘ulari bilan hisoblashish lozimligini, o‘z shaxsiy fikrlarini boshqa kishilarga tazyiq bilan o‘tkazish, turli norasmiy diniy mazhab va guruhlarga jalb etish g‘ayriqonuniy xatti-harakat ekanligini, jamoat joylarida diniy masalalarda zo‘ravonlik, mutaassiblikka, agressivlikka yo‘l qo‘yish mumkin emasligini chuqur tushunib etish;
Beshinchidan, “Dinshunoslik” fanining boshqa gumanitar fanlar bilan birga rivojlanishini nazarda tutgan holda, o‘zi qo‘lga kiritgan soha yutuqlaridan ushbu fanni o‘zlashtirishda foydalanish.
Dostları ilə paylaş: |