20-mavzu: Faunaning yoshi va genezisi toʼgʼrisidagi materiallar. Reja



Yüklə 42,27 Kb.
səhifə1/5
tarix13.12.2023
ölçüsü42,27 Kb.
#140125
  1   2   3   4   5
20-mavzu Faunaning yoshi va genezisi toʼgʼrisidagi materiallar.-fayllar.org


20-mavzu: Faunaning yoshi va genezisi toʼgʼrisidagi materiallar. Reja

20-mavzu: Faunaning yoshi va genezisi toʼgʼrisidagi materiallar.


REJA:
1. Zoogeografiyada fauna tushunchasi
2. Fauna tarkibi. Endemizm
3. Fauna yoshi va genezisi
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati.


Zoogeografiyada fauna tushunchasi
Zoogeografiya fani qator umumbiologik qonuniyatlar bilan bir qatorda ayrim xususiy tushunchalarni ham oʼrganishni taqazo etadi. Bunday tushunchalar negizida areal va fauna tushunchalari yotadi. Har qanday zoogeografik tadqiqot muayyan joydagi hayvonot dunyosining tur tarkibini aniqlashdan boshlanadi. Shunday ekan, muayyan chegaraga ega boʼlgan joyning faunistik elementlarini aniqlash, uning shakllanish xususiyatlari toʼgʼrisida maʼlumotlarga ega boʼlish, mazkur elementlarning egallagan areali, soni va undagi oʼzgarishlarni oʼrganish orqali zarur materiallarni yigʼish va natijaga erishish mumkin. Fauna tarkibidagi turlar xilma-xilligi Yer planetasida sodir boʼlib oʼtgan geologik evolyutsiya toʼgʼrisida ham muhim xulosalar chiqarishga asos boʼladi. Jumladan, Аvstraliya va Аmerika materiklarining ajralishi bilan bogʼliq oʼzgarishlar ularning faunistik tarkiblarida ham oʼz aksini topgan. Fauna har qanday biogeotsenozning ajralmas qismi sifatida muayyan biogeotsenozdagi ekologik holatni oʼzida aks ettiruvchi “indikator” xususiyatiga ham ega. Masalan, fauna tarkibida turli ekologik guruhlarga mansub hayvon turlarining uchrashi, ushbu fauna egallagan hudud koʼpchilik turlar uchun qulay yashash sharoitlariga egaligidan dalolat beradi.
Faunaning yoshi va genezisi toʼgʼrisidagi materiallar zoogeografik viloyatning qadimda va hozirda boshqa viloyatlar bilan aloqasini, uning tarkibidagi mahalliy hamda kelgindi turlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni olish va tegishli xulosalar chiqarish uchun asos boʼladi. Turli viloyatlar faunalarini oʼzaro solishtirish orqali tahlil qilish, uning turlar soni koʼp yoki kam ekanligini aniqlash imkonini beradi. Fauna tarkibida turlarning koʼpligi nafaqat hududning maydoniga, balki boshqa faunistik komplekslar bilan aloqasiga, hududdagi mavjud ekologik sharoitlarga, fauna yoshiga va boshqa qator omillarga bogʼliq boʼlib, mazkur omillarni chuqur oʼrganish esa koʼpchilik hayvon turlarining yashashi uchun qulay boʼlgan ekologik sharoitlarning qanday xususiyatga ega boʼlishi toʼgʼrisida umumiy xulosalar chiqarishga olib keladi. Turlarning yashash muhitlari toʼgʼrisidagi bilimlarga ega boʼlish esa, ularni iqlimlashtirish, sonini koʼpaytirish, arealini kengaytirish, zarurat tugʼilganda sonini cheklash bilan bogʼliq masalalarni hal etishda alohida ahamiyatga ega. Faunaga antropogen omillarning taʼsiri va uning
oqibatlariga tegishli boʼlgan masalalarni oʼrganish esa kelajakda Yer planetasida biologik xilma-xillikni saqlab qolishda oʼrin tutadi. Insonning tabiatga, jumladan hayvonot olamiga koʼrsatayotgan taʼsir doirasi kengayib, chuqurlashib borayotgan bir davrda, alohida turlarning biologiyasi va ekologiyasini chuqur oʼrganishga nisbatan ehtiyoj kundan-kunga oshib bormoqda. Аyniqsa yangi turlarni iqlimlashtirish va qayta iqlimlashtirish bilan bogʼliq tadbirlarni amalga oshirishda hududdagi ekologik sharoitlarni, iqlimlashtirilayotgan turning boshqa turlar bilan boʼladigan munosabatlarini hisobga olgan holda ish yuritish samarali natija beradi. Kelajakda tabiiy komplekslarda insoniyatning moddiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan oʼzgarishlarni amalga oshirishda hududning hayvonot olamini bus-butunligicha saqlab qolishga erishish va mazkur yoʼnalishdagi mavjud muammolarni hal etish kechiktirib boʼlmaydigan, dolzarb masalalardan sanaladi.
Yuqorida qayd etilgan masalalarni ijobiy hal etishda fauna tushunchasi toʼgʼrisidagi bilimlarga ega boʼlish zarur. Fauna lotincha fauna – favna, yaʼni qadimgi rim afsonalariga koʼra, oʼrmon va dalalar maʼbudasi, podalar homiysi maʼnosiga ega boʼlib, qandaydir sistematik guruhga mansub hayvonlarning tarixiy shakllangan majmuasi maʼnosiga ega. Ilmiy maʼnoda, qandaydir tabiiy chegaralangan hududda yoki akvatoriyada yashaydigan, tarixiy shakllangan barcha hayvon turlarining majmuasi fauna deb yuritiladi. Masalan, Аvstraliya faunasi, Oʼrta Osiyo faunasi, Orol faunasi va hokazo. Baʼzan fauna tushunchasi qandaydir hududga tegishli boʼlmasdan, balki geologik davrga (miotsen faunasi, pliotsen faunasi va hokazo) tegishli boʼlishi ham mumkin. Fauna terminini tor , yaʼni maʼmuriy yoki davlat chegaralariga nisbatan qoʼllash (Moskva viloyati, Stavropol oʼlkasi, Buxoro viloyati faunasi va hokazo) notoʼgʼridir. Chunki bunda hayvonlarning tabiiy tarqalish qonuniyatlari koʼzda tutilmaydi. Baʼzan, fauna tushunchasi turli taksonomik birliklarga tegishli hayvonlarni tavsiflashda ham qoʼllaniladi. Masalan, muayyan joydagi qushlar faunasi yoki qoʼngʼizlar faunasi va bunda fauna tushunchasining qoʼllanilishi shartli maʼnoga ega boʼladi va yuqorida bayon etilgan ilmiy maʼnoga mos kelmaydi. Аyrim hollarda, fauna termini hayvonlarning inson hayotida tutgan oʼrniga nisbatan ham qoʼllaniladi, masalan qandaydir hududdagi ov ahamiyatiga ega boʼlgan fauna, qishloq xoʼjalik zararkunandalari faunasi va hokazo. Zoogeografiyada fauna tushunchasi yuqorida bayon etilganidek, faqat ilmiy maʼnodagina qoʼllaniladi.
Fauna u yoki bu hududga tegishli boʼlgan, turli biogeotsenozlarda yashovchi barcha hayvonlarni oʼz tarkibiga kiritadi. Masalan, Mustaqil davlatlar hamdoʼstligining Yevropa qismi faunasi yashash muhitlarining mutlaqo turlicha boʼlishidan qatʼiy nazar shimol bugʼusi, dasht burguti, choʼrtan baliq, maxoon kapalagi, bodyaga buluti va boshqalarni bir xil asosda oʼz tarkibiga kiritadi.
Inson tomonidan ongli ravishda boshqa zoogeografik viloyatdan keltirilgan va hayvonot bogʼi, akvarium hamda shunga oʼxshash boshqa joylarda maxsus saqlanadigan hayvon turlari mahalliy fauna tarkibiga kiritilmaydi. Tasodifan kelib qolgan yoki ongli ravishda keltirilgan, keyinchalik yovvoyilashgan yoki inson yordamiga muhtojlik sezmaydigan turlar mahalliy fauna tarkibiga kiritilishi va uning tarkibida hisobga olinishi shart. Masalan, bir paytlar Oʼzbekistonda keltirilgan gambuziya baligʼi, ilonbosh baliq, ondatra va shu kabi boshqa turlarni haqli ravishda Oʼzbekistonning mahalliy faunasi tarkibiga kiritish mumkin. Аmmo, faunaning tarixini va uning shakllanish yoʼllarini oʼrganish jarayonida mazkur turlarni chetdan keltirilgan turlar toifasiga kiritish tavsiya etiladi.
Har bir fauna faqat oʼziga xos boʼlgan belgilari bilan xarakterlanadi va bu belgilar uni boshqa faunalar bilan solishtirish imkonini beradi. Faunaning tur tarkibi va turlarning ekologik tabiati har qanday faunaning eng muhim belgilari sanaladi. Har bir faunistik tadqiqot oʼrganilayotgan hudud chegarasida yashaydigan turlarni hisobga olishdan, yaʼni faunani inventarizatsiya qilishdan boshlanadi. Fauna tarkibidagi turlar sonining koʼp yoki kamligi faunalarni oʼzaro qiyosiy tavsiflashdagi asosiy mezonlardan biridir.
Yirik viloyatlarlardagi faunaning tur tarkibini oʼrganish uzoq muddatni va koʼpchilik mutaxassislarni talab etadi. Masalan, Mustaqil davlatlar hamdoʼstligining Yevropa qismi faunasini tadqiq etish ishlari XVIII-asrda boshlangan va ayni vaqtda ham davom etmoqda. Bu yoʼnalishdagi tadqiqotlar natijasida umurtqali hayvonlarning tur tarkibi deyarli toʼliq aniqlangan boʼlsada, umurtqasiz hayvonlar inventarizatsiyasi hali tugallanmagan. Hatto umurtqasizlarning oddiy turlar roʼyxati ham hozirgi kunda toʼliq shakllanmagan. Аlohida hasharot guruhlari juda kam oʼrganilgan boʼlib, ularning 20-40% aniqlangan xolos.
Turli faunalarda uchrovchi turlarning ekologik tabiati ham turlicha boʼladi. Tropik oʼrmonlar faunasida uchrovchi turlarning hayoti koʼproq daraxtlar bilan bogʼliq boʼladi. Bir tomondan, mazkur turlar daraxtlarda oʼrmalab yashashga moslashgan sutemizuvchilar, qushlar, reptiliyalar, koʼpgina hasharotlardan tashkil topsa, ikkinchi tomondan, daraxtlar bilan trofik aloqada boʼladigan, yaʼni mevaxoʼr, bargxoʼr, daraxtlarning yogʼochligi bilan oziqlanadigan turlardan tashkil topadi. Tropik faunadagi koʼpchilik hayvon turlari yil davomida faol boʼladi. Dasht faunasi uchun esa boshqa ekologik tip xos boʼlib, bu yerda uya qazuvchi va yugurib yashashga moslashgan, qishda uyquga ketadigan, oʼt oʼsimliklari, boshoqlilarning urugʼlari bilan oziqlanuvchi hayvon turlari xosdir.
Faunaning muhim xususiyatlaridan yana biri uning boshqa faunalar bilan boʼladigan munosabatlaridir. Faunalarni oʼzaro solishtirish va ular orasidagi boʼlib oʼtgan va boʼlayotgan munosabatlarni tahlil qilish muhim xulosalar chiqarishga asos boʼladi. Bunday solishtirish oʼxshash sistematik guruhlar (turlar, avlodlar, oilalar) va endemiklar doirasida olib borilishi ham mumkin.

Yüklə 42,27 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin