"Ota-ona", "do’st", "ustoz" kabi insonlar juda ko’p tilga olinadi, juda ko’p madh etiladi. Lekin, men doimo buvijonlarimiz ham mana shunday tillarda doston bo’lishlarini xohlardim
BUVIJON “Ota-ona”, ”do’st”, ”ustoz” kabi insonlar juda ko’p tilga olinadi, juda ko’p madh etiladi. Lekin, men doimo buvijonlarimiz ham mana shunday tillarda doston bo’lishlarini xohlardim. Chunki, mening buvim ana shunday bebaho so’zlarga arzigulik ayol edilar. Ko’pchilikning fikricha, buvi bu – ertak aytib beruvchi, shirin taomlar tayyorlovchi, pand-nasihat beruvchi, yaxshilikka yetaklovchi inson. Lekin mening nazarimda, buvi bu – mehr, uzoq o’tmish va kelajak timsoli. Balki, bu so’zlarim ko’pchilikka yoqmas, ammo men uchun buvi nomi aziz va mo’tabar. Bolalik chog’larimni yaxshi eslayman. Juda ko’p vaqtim, yozgi ta’tilning deyarli har kuni buvimnikida, qishloqda o’tardi. Bolaligim buvijonimning keng va qaynoq bag’rida yayrab, yashnash bilan o’tdi. Men kundan-kunga ulg’ayib, o’sib borardim. Buvijonimning ko’zidan nuri, tanidan kuchi ketib, nurli yuzlari esa ajin bilan to’libborardi.
Buvim men yangi chaqaloq paytimda qandli diabet kasalligiga chalingan edilar. Ular shu kasallik bilan o‘n olti yil kurashdilar. Ne-ne og‘riqlar, ne-ne dardlar buvimdagi irodani, ulardagi matonatni, tuzalib ketishga bo‘lgan ishonchni sindira olmadi. Buvimning oyimga aytgan juda ko‘p gaplarini eslab qolganman. ’’Hayot qanchalar shirin ekanligini bilmaysanda, bolam. Unda qancha yashasang ham to‘ymaysan, yana yashaging kelaveradi.’’ Buvimning bu gaplari tez-tez qo‘log‘imga chalingan. Buvijonim hamma ayollar kabi pazanda, orasta, chevar edilar. Ammo ularda insoniylik, rostgo‘ylik, ochiq ko‘ngillik, mehmondo‘stlik, yumshoqfe’llik kabi pokiza xislatlar bor edi. Men ulardagi mana shu xislatlarni e’zozlardim.
Mehmondo‘stliklari uchun keng, ammo oddiygina fayzli xonadonlaridan mehmonlarning qadami uzilmas edi. Goho o‘zlarini unutib qo‘ysalarda ammo meni, o‘sha ’’Nima olib keldingiz?’’ deya qarab turuvchi nigohni unutmas edilar. Buvim endi avvalgilardan-da qarib qolgan edilar. Endi meni ko‘targan o’sha qo‘llarga o‘zim tirgak, nuri ketgan ko‘zlarga o‘zim nur bo‘ldim. Buvijonim yuzlarida tabassum ko‘rish uchun ularga turli sovg‘alar hadya qilardim. Tunlari buvim ikkimiz supa ustida yulduzlarni tomosha qilib yotardik. Men ularni oyoqlarini uqalardim, ular esa menga yoshlik chog‘larini gapirib berardilar. Buvimning qaynoq pinjiga kirib olib, tong qanday otganini ham bilmay qolardim. Yozgi ta‘til ham tugab, yangi o‘quv yili boshlanish arafasida edi. Endi shaharga ketishim kerak, ammo ko‘nglim g‘ash, yuragim bezovta edi. Xohlasam ham, xohlamasam ham ketishim kerak. Xayrlashish vaqtlari og‘ir. Buvim o’sha kuni meni shunchalar boshqacha kuzatdilarki, qo‘llari titrar, ko‘zlaridan yosh oqar, tillari esa menga faqat oq yo‘l tilardi.
Shaharga keldim. Oradan uch kun o‘tdi. Negadir bu kun men uchun juda og‘ir, qiyin edi. Qo‘lim hech ishga bormas, kun bo‘yi jizzaki bo‘lib yurdim. Vaqt o‘tib yarim tun bo‘ldi. Lekin uyqum kelmas, ko‘nglim nimadandir xijil edi, go‘yo.
Tungi soat o‘n ikkida to‘satdan telefon jiringlab qoldi. Yuragim borgan sari tez urardi. Telefon go‘shagini ko‘tardim. Hech qancha vaqt o‘tmay telefon qo‘limdan tushib ketdi. Shovqinni eshitgan ota-onam, akam ’’nima bo‘ldi?’’ deya yugurib chiqishdi. Zum o‘tmay’’Buvijoooon’’ deya yig‘lay boshladim.
Ha, mening eng aziz insonim bu olamni, meni tark etgan edilar. Ammo, men ishonmadim. Qalbim ishonmadi, to qishloqqa borgunga qadar. Juma kuni masjidda janoza nomozi o’qildi. Masjidga tumonat odam yig’ildiki, hatto ko’pchilik bu yerga sig’madi. Shunda bildimki, buvijonim faqatgina men uchun emas, balki, butun qishloq ahli uchun qadrli ekanlar. “Yaxshi insonlar bu dunyoni tark etganlaridan keyin ham yashaydi” degan so’zlari men uchun isbot bo’ldi.
Endi bu dunyo menga qorong’u, hayot ma’nosini yo’qotgan edi. Kunlarning birida bir tush ko’rdim. Tushimda buvijonim oppoq kiyimda men tomonga qarab kelardi. So’ng qo’llarimdan tutdi-yu, oldiga chorladi, peshonamdan o’pib, menga uzoq qarab turdi. Qo’limga ikkita non tutqazdi-yu, ”sen qol, men endi ketay, lekin shuni unutmaki, men doim sen bilanman”. Shu so’zlarni aytdi-yu , bir zumda g’oyib bo’ldi. Ana shunda buvimning menga bo’lgan mehrlari qanchalik kuchli ekanligiga guvoh bo’ldim.
Buvimning hayotlari men uchun ko’z ochib yumguncha o’tib ketdi. Buvijonim muslima ayol edilar. Ularni bilar-bilmas ko’p xafa qilganman. Qani endi vaqtni ortga qaytarolsam, qani endi ayblarim uchun uzr so’rasam, o’sha og’rigan oyoqlarini tinim bilmay uqalasam, hidlarini yana bir bor to’yib-to’yib hidlasam, hech bo’lmasa bir kun yana avvalgidek supa ustida buvim bilan uxlasam. Qani endi shularni loaqal bittasini qilolsam. Ammo, endi bularni orqaga qaytarib bo’lmaydi.
Mana, buvimni qora tuproqqa qo’yganimizga ham o’n oy bo’libdi. Agar hozir hayot bo’lganlarida oltmish oltinchi bahorni qarshilagan bo’lardilar. Shu so’zlarni yozyapman-u, xayolimdan buvim bilan o’tgan eng yorqin damlarim esimga tushyapti. Yo’q, bu damlarni unutish gunoh, u insonni unutish gunoh.
Hayotim malikasi, qalbim quyoshi, malaksiymoyim, mo’tabar insonim, aziz buvijonim!
Yotgan joylaringiz nurlarga to’lsin!
Siz mening qalbimda, yuragimda mudom barhayotsiz!
Sizning o’sha nurli nigohingizni har oynaga boqqanimda o’zimda ko’raman.
Mening qadri osmonim, hali siz istagandek yaxshi inson bo’laman. Buvijon!!!
UNUTMAYMIZ SIZNI, SIZNI BUVIJON Osmon bugun jimjit, osmon yig’laydi,
Tong otgandek, ammo quyosh chiqmaydi,
Endi shabboda ham sizsiz esmaydi,
Oramizdan ketdi eng go’zal bir jon,
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon!
Qalblar zirqiraydi bu judolikdan,
Yoshlar tirqiraydi bu judolikdan,
Odam ishonmaydi bu judolikka,
Sizning pok ruhingiz biz-la yonma-yon,
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon!
Xayr, ko’zim nuri, xayr, mehribon,
Xayr, hushzabonim, xayr, halol inson,
Borar yo’llaringiz nurlarga to’lsin,
Zarnigor unutmas sizni hech qachon
Unutmaymiz sizni, sizni buvijon!