“Chig`atoy gurungi” tashkiloti
Reja:
“Chig`atoy gurungi”.
Adabiyot nazariyotchisi.
Fitrat va XX asr adabiyotshunosligi
Abdurauf Fitrat – o`zbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy o`zbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, O`rta Osiyo jadidchiligining taniqli vakillaridan biri, birinchi o`zbek professori.
Jadidchilik milliy ma`rifatparvarlik harakatining tarafdori. Turkiyada o`qigan. Inqilobga qadar O`rta Osiyoni Rossiyadan ozod qilinishi harakatlarida faol qatnashgan, politsiya nazorati ostida bo`lgan.
Turkiyada “Yosh turklar” harakatidan ilhomlanib, Buxoroda “Yosh buxoroliklar” partiyasini tuzgan, uning ma`naviy rahnamosiga aylangan. Do`sti va maslakdoshi Munzim bilan hamkorlikda buxorolik 70 nafar yosh turkistonliklarni Germaniyaning bir qator oliy ta`lim muassasalariga o`qishga yuborgan.
Fitrat Vataniga qaytgach, Buxoro jadidlarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni ma`rifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kurashdi, xususan u Buxoroning turli tumanlarida o`qituvchilik qilib, jadidchilik g`oyalarini keng targ`ib etdi. 1915-yildan “Yosh buxoroliklar” harakatining so`l qanotiga boshchilik qildi. 1916-yilga qadar buxorolik jadidlar yakdil va yagona jabha bo`lib ish olib brogan bo`lsalar, keyinchalik ular ikkiga bo`linib ketadilar. Abdulvohid Burxonov boshchiligidagi jadidlarning bir qismi eski tarzda faqat ma`rifat-madaniyat tarqatish yo`lini tutgan bo`lsa, ularning boshqa bo`lagi Fitrat, Fayzulla Xo`jayev kabi chet mamlakatlarda o`qib kelgan yoshlar omma o`rtasida ma`rifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar.
Fitrat 1917-yilgi fevral voqealaridan so`ng jadidlarning Buxorodagi ahvoli murakkablashgach, Samarqandga ko`chib borib 1917-yil aprelidan 1918-yil martigacha chiqib turgan “Hurriyat” gazetasiga muharrirlik qiladi, gazeta ishlarini rivojlantirish maqsadida Fitrat nashriyotga O`rta Osiyo jadidchiligining darg`asi, muftiy Mahmudxo`ja Behbudiyni taklif etadi. Ayrim ma`lumotlarga qaraganda Fitrat shu yillarda “Ittihodi taraqqiy” tashkiloti Eski Buxoro bo`limining raisi ham bo`lgan.
Toshkentda u asosan ilmiy, ijodiy-ma`rifiy ishlar bilan ko`proq band bo`ldi. Bir qator darsliklar tuzdi, “Chig`atoy gurungi” nomli ijtimoiy-adabiy tashkilot tuzib, unda faol ishtirok etdi. 1920-yil 9-aprelda “Tong” jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhiyatida tarbiyalashga kirishdi. “Tong” jurnalining shiori bo`lgan: “Miya o`zgarmaguncha boshqa o`zgarishlar negiz tutmas!” so`zlari Fitratning shu yillarda olib brogan faoliyatining maqsad-mohiyatini to`la ifodalaydi. Jurnalda “Chig`atoy gurungi” a`zolarining deyarli barchasi ishtirok etdi. Afsuski, jurnal ishi 3-sondan keyin to`xtab qoldi.
“Chig`atoy gurungi” – Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan madaniy-ma`rifiy va ilmiy-adabiy tashkilot(1919-1921). Fitrat boshchiligida Toshkentda tuziladi. Turkiston muxtoriyati hukumatining ag`darilishi va Kolesov voqeasi(1918-yil fevral-mart)dan keyin asosan Toshkentda faoliyat ko`rsatayotgan jadidlar taktik maqsadlarni ko`zlab, sovet hokimiyati bilan yaqinlashishga majbur bo`ladilar. Fitrat sovet hokimiyatidan siyosiy tashkilot tuzish uchun ruxsat ololmagach, madaniy qurilishga xizmat qiladigan millatparvar tashkilot tuzishga intilgan. Turkiston ASSR milliy ishlar xalq komissarligi tomonidan “siyosatga aralashmaslik sharti bilan” “Chig`atoy gurungi” tuzilishiga rasmiy ruxsat berilgan. Ushbu tashkilot nomlanishi XIII – XIV asrlarda mavjud bo`lgan Chig`atoy usuli va XIV – XVI asrlarda eski o`zbek tili ma`nosida qo`llangan chig`atoy tili kabi atamalar va istilohlar bilan bog`liqdir. Fitrat tashkilotga nom tanlashda Turkiston hududida yashagan turkiy xalqlarga daxldor merosni o`rganishga e`tibor qaratgan.
“Chig`atoy gurungi” turkiy xalqlar madaniyati, san`ati, adabiyoti, tarixi, til va imlosi kabi sohalarni jiddiy o`rganishga kirishgan. “Gurung” a`zolari o`zbek tilining sofligi uchun kurashish bilan bir qatorda yangi o`zbek milliy madaniyatini barpo etishga intilganlar. O`sha davrda mavjud bo`lgan “Temur”, “Turon”, “Turon to`dasi”, “Turk kuchi”, “Izchil” kabi to`dalar va uyushmalarga nisbatan “Chig`atoy gurungi” samarali faoliyat ko`rsatgan. “Chig`atoy gurungi” nizomida yozilishicha, u bir necha shubalardan iborat bo`lgan. Bu shubalar “Til va imlo to`dasi”, “Adabiyot to`dasi”, “San`at va teatr to`dasi” va boshqa deb nomlangan. “Til va imlo to`dasiga”ga dastlab Cho`lpon, so`ngra Elbek rahbarlik qilgan.
Fitratning “Tilimiz” maqolasida ushbu to`daning dasturiy yo`nalishi belgilab berilgan bo`lib, Ashurali Zohiriy, Elbek, Shorasul Zunnun, Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, G`ozi Olim Yunusov kabi olimlarning tilshunoslikka oid ishlari ushbu dasturga binoan bajarilgan.
“Gurungchilar” tomonidan 1919-yilda arab alifbosini isloh qilgan holda yangi alifbo yaratilgan. Til va imlo qurultoyi (1921-yil yanvar) bevosita “Chig`atoy gurungi” tashkilotchiligida o`tgan.
“Chig`atoy gurungi” tarix sohasidagi ishni manbashunoslikdan boshlagan. Ushbu tashkilot adabiyot va san`at sohasida muhim ishlarni amalga oshirgan. Fitrat, Cho`lpon, Botu, Elbek qalamiga mansub “O`zbek yosh shoirlari” to`plami, Fitratning “Temur sag`anasi”, “O`g`uzxon”, “Abo Muslim” kabi dramatik asarlari bunga misoldir.
“Chig`atoy gurungi” a`zolari o`z g`oyalarini “Yangi sharq”, “Uchqun” gazetalari va “Tong” jurnali orqali ifodalashgan. Tashkilotning “Chig`atoy gurungi” nomli maxsus jurnalining 1-soni chop qilingach, jurnal taqiqlangan. 1921-yil boshlarida “Chig`atoy gurungi” tashkiloti faoliyati Turkiston ASSR Maorif xalq komissarligi tomonidan to`xtatilgan.
1936- yilda Abdurauf Fitrat qalamiga mansub “Aruz haqida” risolasi nashrdan chiqarildi. Fitrat risolasi nafaqat aruz tarixi va texnikasi, balki umuman vazn nazariyasi va uning qo‘llanilish tarixidan saboq beruvchi nazariy qo‘llanma ham hisoblanadi. Chunki olim o‘z risolasida she’r vazni masalasiga she’riy asarni yuzaga chiqaruvchi eng zaruriy badiiy birlik sifatida qaragan. Fitratning fikricha, she’r vaznlari orasida bir-biridan farqlantiruvchi xususiyatlar mavjud: “Barmoq vazni shoirlari hijolarning soniga ahamiyat beradilar. Va bir misrani tashkil qilgan ma’lum bir miqdordagi hijolarni turoqlar vositasi bilan ayrim to‘plamlarga ajratadilar-da, turoqlarning joyini belgilash kerak bo‘lgan ohangni ta’min etadilar. Aruz vaznida esa, hijolarning ahamiyati bilan kayfiyati (miqdori bilan sifati) ayni darajada asosiy rol o‘ynaydi. Misralarda hijolarning soni e’tiborga olingani kabi qisqa va to‘liq hijolarning tizilish tartibi ham o‘zgargancha yangiyangi vaznlar maydonga keladi. Mana shu xususiyat barmoq vazni sitemasida yo‘q.”
Fitrat arab aruzining murakkablashish va mukammallashish jarayoni haqida so‘z yuritarkan, Axfash, Ibn Sidqiy kabi aruz nazariyotchilarining qarashlari hamda ularning aruz nazariyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissalarini o‘rinli ko‘rsatadi. Bu bilan cheklanmay qo‘shni Eron va Rum mamlakatlarida aruzning tarqalish sabablarini ham tushuntirib o‘tadi. Fitratning bu boradagi mulohzalari shu jihati bilan e’tiborga loyiqki, u arab aruzining ajam mamlakatlari bo‘ylab tarqalishiga sabab Ovro‘pa olimlari tomonidan ta’kidlanayotgandek arab bosqini bilan bog‘labgina qolmay, balki “Eron she’r vaznining-da arab istilosidan va arab aruzi qoidalari qabulidan avval bugungi aruz vazniga chiqqan bo‘lishi” mumkinligini qadimgi fors manbalari tahlili orqali isbotlashga harakat qiladi.
Risolada arab aruzi bizga qadar arab-fors aruzi shaklinni olgani, so‘ngra esa O‘rta Osiyo turklari tomonidan qabul qilingani davomli suratda ko‘rsatib beriladi. “Mana shunday qilib, arab aruzini arab-fors aruzi holiga keltirdilar. Bizning O‘rta Osiyo turklari tomonidan qabul etilgan aruz shul arab-fors aruzidir, qachon qabul etilgani aniq emas. Biroq hijriy 462-yilda Qashg‘arda yozilgan mashhur “Qutadg‘u bilig»ning shu aruz vaznida yozilganiga e’tibor etilsa, juda eskidan qabul etilgani ma’lum bo‘ladir.” Demak, bizning she’riyatimiz Yusuf Xos Hojib davridan boshlab mana shu vaznni davomli ravishda qo‘llagan, mumtoz adabiyotimizning eng go‘zal va komil asarlari shu vaznda bitilgan ekan, aruz intizomini chuqur egallash mujburiyati shu kungi adabiyotshunoslar va shoirlar zimmasida qoladi.
Gap Fitratning aruzshunoslik faoliyati haqida borarkan, ushbu mavzuda yozilib, o‘z davrida shuhrat topgan va sharqda “Aruzi turkiy” nomi bilan mashhur bo‘lgan Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon” va Zahiriddin Muhammad Boburning “Risolai aruz” – “Muxtasar” asariga Fitratning munosabati masalasiga ham diqqat qaratish zarur. Chunki bu mavzuda Fitratga qadar uzoq vaqt ilmiy asar yaratilmadi, ayrim usmonli turk olimlarining asarlari ham Navoiy va Boburlarning qaydi darajasida edi.
Ma’lumki, Fitrat o‘z asarida Navoiy risolasiga munosabatini yashirmaydi.
Ayrim o‘rinlarda ulug‘ shoirdan iqtibos keltirib, unga munosabatini anglatgan
bo‘ladi. Xususan, Fitratning ushbu risoladan 17 yil avval yozilgan “She’r va shoirliq” maqolasida “vazn” va “qofiya” masalalaridan so‘z yuritarkan, aruzda Navoiy asarlarini mukammal sanaydi va ulug‘ shoirni bu ma’noda taqdirlagan bo‘lsa ham, keyingi asarlarida Navoiy she’riyatida “arab-eron metrikasi butun tafsiloti bilan aks etgani”ni qayd etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Valixo`jayev B. O`zbek adabiyotshunosligi tarixi. “O`zbekiston”. 1993.
Nazarov B. O`zbek adabiy tanqidchiligi. “Fan” 1979.
Rasulov A. Tanqid, taxlil, baholash. “Fan” 2006.
Fitrat A. Aruz haqida.
Ziyo.com.uz elektoron kutubxonasi.
Dostları ilə paylaş: |