2-sinf “Tabiiy fan” maqsad va vazifalari.
REJA:
Tabiiy fanlar haqida tushuncha.
2-sinf “ Tabiiy fan” kitobi haqida.
2- sinf tabiiy fan darsligidagi “ Men izlanuvchanman” mavzusi yuzasidan tahlil.
Xalq ta`limi vazirligi huzuridagi Respublika ta`lim markazi, UNICEF, A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o`rgatish milliy-tadqiqot instituti hamkorligida Tabiiy fanlar bo`yicha xalqaro ekspert Filippa Gardom Halm ishtirokida “Tabiiy fanlar – ilm-fan olamiga ilk qadam” mavzusidagi darsliklari taqdimotiga bag`ishlangan xalqaro anjuman bo`lib o`tdi.
Prezident qaroriga binoan O`zbekiston tarixida ilk bor Milliy o`quv dasturi asosida 2021-2022- o`quv yili uchun 1-2 sinf Tabiiy fanlar darsligi amaliyotga joriy etildi. “Tabiiy fanlar – ilm-fan olamiga ilk qadam” mavzusidagi taqdimotda ta`limni hayotiylashtirish va mazkur darsliklaridagi asosiy ko`nikmalar, 1-2-sinf Tabiiy fanlar dasturini amaliyotga joriy qilishda erishilgan yutuq va natijalar bo`yicha Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan keng jamoatchilikni e`lon qilindi. Joriy yilda yangi o`quv yili uchun 7 ta tilda o`qituvchilar uchun metodik qo`llanma bilan jami 8 nomdagi 3 va 6 sinf Tabiiy fanlar darsliklari tayyorlandi. 3 sinf Tabiiy fanlar 728 330 tirajda, 6 sinf Tabiiy fanlar darsligi 723 716 tirajda nashr etiladi.
E`tiborli jihati darsliklarni yaratish jarayoniga 20 dan ortiq mahalliy mutaxassislar, asosan amaliyotchi o`qituvchilar jalb qilindi. Tabiiy fanlar uchun Milliy o`quv dasturi, standartlar va darslikning tayyorlanishida YuNISEFning xalqaro eksperti Filippa Gardon Halm ishtiroki ham darslikning muvaffaqiyatidan biri bo`ldi. Xalqaro eksperti Filippa Gardon Halm kompetensiyaga yo`naltirilgan tajriba jahonda ilg`or tajriba sifatida ko`rilishi va darslik bolalarda dalillarga tayangan holda qarorlar qabul qilishga xizmat qilishi kerakligi haqida tushuntirar ekan: - “Masalan, agar o`quvchilar iqlim o`zgarishi haqida yaxshi bilsalar avtomobil o`rniga velosiped sotib olish kerakdir yoki jamoat transportidan foydalanish foydaliroq degan xulosaga kela oladilar. Ular odamlar odatda qanday qaror qabul qilishiga qarab emas, tanqidiy fikrlash orqali qaror qabul qilishga o`rganadilar”, – deya ta`kidladi.
Bilim va ko`nikmalarni spiralsimon usulda oddiydan murakkabga tomon rivojlantirib borish ko`zda tutilganligi hisobiga o`quvchilarga olamning yaxlit, ajralmas, bir butunligini anglashga yordam beradi. Bundan tashqari, yaratilayotgan darslikka har bir bobning mavzusidan kelib chiqib, sodda kundalik turmushda uchraydigan qiziqarli mavzular, tajribalar kiritildi. Endi bolalar “O`quv loyihasi” deb nomlangan amaliy mashg`ulotda o`zlari kichik tajribalar o`tkazib ko`rishadi. Masalan, 1 sinflarga 1 o`quv yili uchun 1 ta amaliy topshiriq, gul ekish va uni parvarishlash vazifasi berilgan. O`quvchilar o`zlari ekkan guldagi o`zgarishlarni yil davomida kuzatib, natijani daftarlariga qayd etib boradilar, ustozlari va sinfdoshlari bilan o`rtoqlashadilar.
Ahamiyatli jihati, mualliflar jamoasi darslikka kiritilayotgan barcha topshiriqlar, o`quv loyihalarini avval o`quvchilar topshiriqni qay darajada bajara olishlarini aniqlash maqsadida maktablarda tajriba-sinovdan o`tkazishmoqda. Darslikning dizayni ham jahonning ilg`or tajribalariga asoslangan holda yaratilmoqda. Professional rassomlar tomonidan darslikka ishlanayotgan rasmlar esa bolalarga mavzuning mazmunini to`liq anglab etishga ko`maklashadi.
Darslik materiallarining audio va video variantlari ham mavjud bo`lib, ular ilk bora AR to`ldirilgan borliq tizimiga joylashtirildi. Agar smartfon darslik muqovasidagi QR kodga tutilsa, bolalar o`zlari o`rganayotgan ob`ektning harakatlanib turganini ko`rishlari, tovushini eshitishlari yoki o`sha ob`ektning boshqa xususiyatlari bilan tanishishlari mumkin bo`ladi.Darslikka qo`shimcha ravishda mashq daftari hamda o`qituvchi kitoblari ham yaratildi. Darslik uchun yaratilgan mashq daftarida abstrakt fikrlash va tasavvurlar o`rtasidagi bog`liqlikni rivojlantirishga qaratilgan rasmli topshiriqlar berilgan.