SHAYTANAT KINOSI TAHLILI Quyida boshiga kulfat do‘llari yog‘ilgan Asadbek haqida, kitob uchun navbatda turgan yuk avtomobillari, turk bozoridagi hayratli nigoh, adibning kitob sotgan o‘g‘li, mafiya xususida o‘qiysiz. «Shaytanat»ga nisbatan tanqidlarga munosib javob olasiz. Darvoqe, internetdagi o‘z nomini sir tutgan «donishmand» kim?.. – Asadbek xususida so‘z yuritaylik. Bu qahramon juda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Salbiy obraz deganlar ham, ijobiy deguvchilar ham topildi. Siz o‘zingiz esa Asadbekni salbiy qahramon dedingiz. Vaholanki, asar davomida rahmdil kitobxon uni yaxshi ko‘rib qoladi. – «Rahmdil kitobxon» emas, «rahmdil kinotomoshabin» desangiz to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki kitobni o‘qigan odam Asadbekni yaxshi ko‘rishi mumkin emas. Kitobda uning barcha illatlari berilgan. Kinoda esa bironta kamchiligi yo‘q, go‘yo farishta! Farzandlariga «Asadbek» deb ism qo‘yayotganlar ham kinodan ilhomlanishgan.
Kitobdagi Asadbek, shubhasiz, salbiy odam. To‘g‘ri, uning ayrim mardliklari ham bor. Lekin odam o‘ldirgan yoki o‘ldirishga hukm etuvchini yaxshi kishi deya olamizmi? Ba’zilarga Asadbek yaxshi ko‘rinayotganday tuyulishi ham mumkindir. Lekin bu, menimcha, aldamchi tuyg‘u. Diqqat qilaylik: aslida biz Asadbekni yaxshi ko‘rmaymiz, boshiga kulfatlar yog‘ilayotgani uchun unga achinayapmiz. Boshiga nima uchun kulfat do‘llari yog‘ilayapti? Bunga Jalilning gapi javob bo‘ladi: «Xudodan qaytibdi!». Hali Zaynab tug‘ilmasidan oldin qizi xo‘rlangan mushtipar ona ularni qarg‘agan edi, eslaysizmi? «Dunyo shaytonning do‘koni, undan bir narsa oldingmi, shayton haqini undirib olmagunicha tinchimaydi». Asadbek shaytonning do‘konidan ko‘p narsa olgan edi, yillar o‘tib, qizining nomusi va bir o‘g‘lining joni bilan haq to‘ladi. Dunyoda hech qanday zulm jazosiz qolmaydi. Men bu satrlarni atay beshinchi kitobda takrorladim.
Avvallari ijobiy qahramon farishta kabi tasvirlanardi. Holbuki, hayotda butunlay yaxshi odam ham, butunlay yomon odam ham yo‘q. Yaxshining oz bo‘lsa-da, yomon xulqlari, yomonning oz bo‘lsa-da, yaxshi ishlari bo‘lishi tabiiy. Asadbek va uning atrofidagilar, yuqorida aytganimday, jinoyatchi, zulmkor bo‘lib tug‘ilmagan edilar. Ularni o‘tmish jamiyatning adolatsizligi shu holga soldi. Asardagi asosiy g‘oyalardan biri ham shu. Asadbek guruhini o‘tmishning adolatsiz tuzumi tug‘dirgan «alamzadalar to‘dasi» desak ham bo‘ladi.
Ba’zan mendan: «Asadbekday odamning hayotda bo‘lishini xohlarmidingiz?», – deb so‘rashadi. Bu savolga javobim qat’iy: yo‘q. U qanchalik mard bo‘lmasin, qanchalik jabrdiyda bo‘lmasin, jamiyatimizning bundaylardan xoli bo‘lishini istardim. Asadbeklar bizning jamiyatimizda yashashga haqli emas!
– «Shaytanat»ning dastlabki kitoblari chiqqanida ulgurji narxda sotib olish uchun katta-katta yuk avtomobillari navbatda turgani haqida eshitganmiz. Tadbirkorlar, olibsotarlar rosa «soqqa» qilishgan emish. Kitobning ilk adadi qancha bo‘lgan? Va... ko‘pchilik uchun «o‘zganing cho‘ntagi» qiziqarli: tog‘-tog‘ qalam haqi olganingiz rostmi? – Asar «Sharq yulduzi»da bosilganidan keyin «Yozuvchi» nashriyoti kitob chiqarishni naq ikki yil orqaga surdi. «Asar yaxshi, lekin hajmi katta ekan, kitob sotilmasa, nashriyot katta zarar ko‘radi». Bahonaning tuturuqsizligini qarang! Asar yaxshi bo‘lsa, kitob sotilmas ekanmi? Ikki yildan so‘ng «Sharq» nashriyotiga Bobur Alimov bosh muharrir bo‘lib keldi. Bobur – ustoz adib Shuhrat akaning o‘g‘li, adabiyotshunos olim. «Shaytanat»ning taqdirini bilib, «bizga bering» dedi. Bosh direktor Islom Shog‘ulomov ham taklifni ma’qulladi. Qo‘lyozmani berdim. Kitob tez bosmadan chiqdi. 75 ming nusxada chiqqanini ko‘rib, ochig‘ini aytsam, cho‘chidim. Chunki hali O‘zbekiston nashriyotlarida bu darajada ko‘p kitob bosilmagan edi. Ko‘pi ham 60 mingdan oshmas edi.
O‘g‘limga to‘rtta kitob berib, «Beruniy» metro bekatiga olib chiqib sotib ko‘r-chi, birov olarmikan dedim. Maqsad pul ishlash emas, sinab ko‘rish edi. O‘g‘lim savdo bobida o‘zimga o‘xshagan noshud, o‘rtog‘i bilan birga chiqib bitta kitob sotib keldi. 15 so‘m o‘rniga 10 so‘mga sotibdi.
«Kitobni bir militsioner oldi. «Tohir Malikni yaxshi ko‘raman» deb narxini so‘ramay, 10 so‘m berdi. «Amaki, kitobning narxi 15 so‘m» desam, «Tohir Malikni yaxshi ko‘rganim uchun pul berdim, aslida tekin olsam haqqim bor, men shu yerlarning xo‘jayiniman» dedi. Keyin xo‘jayinligini isbot qilish uchun o‘sha yerda sotilayotgan qurut-pista, saqichlarni bizga tekin olib berdi», — dedi.
Bu gapni eshitib, «Agar militsioner kitobni pulga olgan bo‘lsa, hammasi sotilar ekan» deb ko‘nglim ravshanlashdi. Chindan ham kitob tez sotilib, o‘sha yiliyoq ikkinchi nashri ham bosmadan chiqdi. Keyingi kitoblar 100 ming nusxadan chiqdi. Qayta-qayta nashr qilindi. O‘shandan beri men «Sharq»qa qattiq bog‘landim. «Shaytanat»ga boshqa nashriyotlar ham xaridor bo‘lib, ko‘proq qalam haqi va’da qilsalar-da, «Sharq»qa bevafolik qilmadim. Bu borada shayton vasvasasiga berilmaganim uchun Allohga shukurlar qilaman.
Ko‘pchilik qalam haqi bilan qiziqadi. Kaminani katta boylardan deb o‘ylashadi. «To‘g‘ri, millionerman, faqat pul bobida emas, muxlislarim ko‘pligi bo‘yicha millionerman, pul millioneri ertaga qashshoqlashib qolishi mumkin, muxlis millioneri hamisha baxtli-saodatli bo‘ladi», — deyman. Bir kuni bozorda piyoz olmoqchi bo‘lib, savdolashsam, dehqon ajablanayapti. «Shaytanat»ning uchinchi kitobi chiqibdi, olgandirsiz pulni qoplab», — dedi. «Ha, oldim, kitobning puli bir qop piyozga yetadi», —dedim. Turkiyada ham shunga o‘xshash holat yuz bergan edi. Men biron shaharga borsam, bozor, do‘kon oralab yurishni yoqtirmayman. Istanbulda katta bozor bor ekan, ozgina yurib boshim aylanib ketdi. Shunda mezbonlarga dedimki, «sovg‘a-salom olishim kerak, bir kishi menga yo‘ldosh bo‘lib, kerakli joylarnigina ko‘rsatsin». Turk yo‘ldoshim mening savdolashayotganimni, arzonroq narsa olmoqchi bo‘layotganimni ko‘rib ajablandi. Bozordan chiqqach, ahvolni bilib, mezbon kuldi: «Biz sizni katta adib, kitoblari yuz ming nusxalab chiqadi, bitta asari yetti qismli, yana bittasi yigirma qismli kino bo‘lgan» deb tanishtirgan edik. Bizda bu mavqedagi yozuvchi juda boy bo‘ladi, bozorda arzon narsa qidirmaydi»...
Ikkinchi kitob chiqqanda tijorat gazetasi birinchi sahifasiga «Tohir Malik bir million so‘m gonorar oldi» deb xabar yozibdi. Senzura idorasiga bir ish bilan kirsam, boshlig‘i bu haqda gapirib, «buncha pul olmaganingizni biz bilamiz, shuning uchun xabarni oldirib tashladim», — dedi. «Bekor qilibsiz. Xabar chiqqanida o‘sha millionni undirib olardim», — dedim. U kishi ajablandi, men tushuntirdim: «O‘g‘rilar olamida «gapirdingmi, javob ber» degan qonun bor. Xabar chiqsa, shubhasiz, bir-ikki o‘g‘ri qiziqib qolar. Uyimga kelar. Hech narsa topolmay, alam qilgach, ularni o‘sha gazeta muharririga yuboraman. Qanday undirib olishni o‘zlari biladi».
Maqtanayapti demangu, qalam haqi men uchun muhim emas. Ishonasizmi, birinchi kitobim 1972 yili chiqqanidan beri barcha kitoblarning bo‘sh shartnomalariga imzo chekkanman. «Menga shuncha miqdorda qalam haqi berasizlar» deb savdolashmaganman. «Imkoniyatingizga qarab beraverasiz» – mening qat’iy amal qiladigan qoidam shu. Qalam haqi berilmagan holatlar ham bo‘ladi, bunda ham indamayman. Chunki Alloh tomonidan bu bo‘sh o‘rin to‘ldirilishiga ishonaman. «Shaytanat»ning birinchi kitobi chiqqanida muomalada so‘m-kupon edi. Shartnomani shu so‘m-kuponda to‘ldirishganda qarasam, million so‘m-kupon bo‘libdi. Aytilsa og‘iz to‘ladi, qo‘lga olinsa cho‘ntak to‘lmaydi – qadrsiz. Shartnoma ishga tushguncha pul o‘zgardi, milliy valyuta joriy qilindi. Men doim muxlislarga hadya qilish uchun 100-200 ta kitob olardim. Bu safar ham odatimga xilof qilmadim. 200 ta kitob olgach, qo‘limga yangi pulda 45 so‘m berishdi. Bundan ko‘nglim mutlaqo og‘rimadi. Men kitob chiqqaniga xursand edim. Nolimay to‘g‘ri qilgan ekanman. Kitoblar qayta-qayta nashr etilib, qalam haqi «tomib» turibdi. O‘sha yillari «So‘nggi o‘q» asosida yetti qismli videofilm ishlandi. Sahnalashtiruvchi rejissyor quvonib: «Uzatadigan qizimga mebel oldim», — dedi. Men birinchi nabiramga beshik to‘yi qilishga hozirlanayotgan edim. Videofilmning qalam haqiga bitta bolalar karavotini olib quvondim.
Anvarjon, gaplarimning ohangidan sezayotgandirsiz, bu afsus emas. Balki hazil tariqasida aytayapman. Aslida bular ko‘pchilikka aytiladigan gaplar emas. Lekin suhbatimizni yosh ijodkor do‘stlarimiz ham o‘qishsa, ularga ibrat bo‘lsin degan niyatda aytdim. Asar yozayotganda hech qachon qalam haqini o‘ylamang. Aksincha, asaringizdan xalqqa yetadigan nafni o‘ylang. Shunda Allohning o‘zi barakasini beradi.
– Tohir aka, navbatdagi savolim nojoiz bo‘lsa uzr so‘rayman: siz «Shaytanat»dagi kabi biror-bir voqeaga bevosita guvoh bo‘lganmisiz? Umuman, jinoyatchilar, aniqrog‘i, ularning sardorlari bilan, ma’lum sababga ko‘ra, yuzma-yuz gaplashganmisiz? – Yo‘q, bunday «e’tibor» kaminaga nasib etmagan. Toshkentda mashhur bo‘lgan kishilardan ikkitasini yaqin tanishimning to‘yida uzoqdan ko‘rganman. Yana birini ma’rakada uchratib, ikki-uch og‘iz suhbatlashganman. U kishi tarixga qiziqar ekan, savollariga javob berganman. Mening ular bilan «yaqinligim» shulardan iborat. Yana bitta mashhur odam bor ekan. Bir to‘yda ulug‘ san’atkorimiz Zikir Muhammadjonov bilan yonma-yon o‘tirgan edim. Bir odam to‘yxonaga savlat bilan kirib keldi. Yonlarida ziyrak mulozimlari borligidan uning kimligi bilan qiziqdim. Zikir aka bilan ko‘rishib o‘tishgach, «Kim bu kishi?» deb so‘radim. «Tanimaysizmi? – deb ajablandi Zikir aka. – Nahotki, «Shaytanat»ni yozgan odam tanimasa? Axir Toshkentni ushlab turgan to‘rtta ustunning bittasi shu-ku?». Men ustun uchta deb yurarkanman, to‘rttaligini o‘shanda bildim.
– O‘zingizdan qolar gap yo‘q: «Shaytanat» asaringiz ayrimlar tomonidan tanqidga ham uchradi. Nachora, «mevali daraxtga tosh otiladi» maqoli isbotini topishi kerak. Eng achinarlisi, asarni o‘qimaganlar ham tosh otishga urinib ko‘rishdi. «Shaytanat» muhokamasida o‘zingiz ham ishtirok etishingizga to‘g‘ri kelganmi? – Afsusli joyi ham shunda. Toshni orqadan otishadi. Hamkasblarim yoki adabiyotshunos do‘stlarimiz yuzma-yuz bahslashishmaydi. Tanqidiy gaplarni kitobxonlar bilan uchrashuvlarda eshitib, ularga tushuntirishga urinaman. Shu e’tirozlardan ayrimlarini suhbatimizda eslasam.
Anvarning o‘zini osishi haqida bir necha uchrashuvda «shariat nuqtai nazaridan bu katta gunoh-ku?» degan tanqidiy fikr eshitdim.
Javobim bunday:
– Ha, albatta gunohi kabira hisoblanadi. Men ham bu holatni oqlamaganman. Asarda «Anvar o‘zini o‘ldirib to‘g‘ri qildi» degan fikr yo‘q. Kitob o‘qiganda ayrim holatlarga g‘oyat ziyraklik bilan munosabatda bo‘lish kerak. Asarda yozuvchi Anvarning bu ishi gunoh ekani haqida bir necha joyda yozgan. Kinoni ko‘rgan, kitobni esa o‘qimagan muxlislarimizga albatta bu narsa ma’lum emas. Kitobda Anvar o‘zini jinnixonada osadi. Kinoda o‘zini jinnixona tomidan tashlaydi. Unisi ham, bunisi ham baribir gunoh. Lekin kinoda muallifning mazkur gunoh ishga munosabati yo‘q. Shu sababli tomoshabin noto‘g‘ri xulosa chiqarishi mumkin. Shu masalada kamina bilan bahslashish istagida bo‘lgan muxlislarimiz ayrim satrlarga e’tibor bersalar yaxshi edi.
O‘z joniga qasd qilishning ulug‘ gunoh ekani asar boshida, hali Anvar tirik ekanida aytilgan. Uning jinnixonadagi so‘nggi tunini eslaylik: hamshira Dilobarga Asqar Qosim she’rlaridan o‘qib berib, «Taqdirim o‘xshaydi, ammo she’riyatiga yetishim mushkul. Balki umrim ham o‘xshar» deganida hamshira: «Umrim?.. U odam tirikmi?» degan savoliga «Yo‘q... o‘zini osgan» degan javobni eshitib dahshatdan titrab ketadi va deydiki: «O‘zini o‘ldirish... mardlik emas... O‘zini o‘ldirsa... katta gunoh bo‘larkan, janoza ham o‘qilmas ekan...». Anvar o‘rnidan turadi. Unga bu haqiqat ayon, lekin ustozini ayblashni istamaydi. Shu bois hozir juvon bilan bahslashishni xohlamaydi...
Anvar fojiasidan so‘ng esa bu bayon bor: «Sobitxon ko‘rpachaga o‘tirishga qiynalgani sababli stulga cho‘kdi-da, shirali ovozda tilovat qildi. Fotihadan so‘ng Risolat kampir odati bo‘yicha «Xudoning irodasi shu ekan-da» deb qo‘ydi. Sobitxon «Onajon, bu xudoning irodasi emas, xudo bandalariga jonlaringga qasd qilinglar deb buyurmagan. Jonga qasd qilish – shayton irodasiga bo‘ysunishdir» demoqchi bo‘ldi-yu, ilmdan bexabar bu ayolning alamli yarasiga tuz sepmay deb tilini tiydi». 5-kitobda esa Zohid «Ko‘p masalalarda Anvar bilan hamfikr bo‘ldi. Faqat... So‘nggi chorasini aqlsizlik deb baholadi» deyilgan. Zaynab o‘zini osmoqchi bo‘lganida, bu ishning gunoh ekani bir necha joyda takrorlangani bejiz emas: «Ammo bunday hollarda astoydil tavba qilmog‘i, hayotdan ko‘z yumar arafasida bir martagina bo‘lsin peshonani sajdaga olib bormog‘i lozimligini bilmaydi. Bilganida edi, titroq barmoqlari otasi tashlab ketgan arqondan sirtmoq yasamoqqa urinmagan, Yaratganning omonatiga xiyonat qilmoqqa tayyorlanmagan bo‘lardi...». «So‘ng sirtmoqqa aylangan, bir shirin jonni olmoqqa shaylangan arqonga qo‘l uzatdi.
«Tashla buni, qizim... bu nima qilganing?».
«Oyijon, endi men chidolmayman…».
«Unday dema, bolam, meni o‘ylamasang ham xudodan qo‘rq. Xudo kechirmaydi bu gunohingni...».
«Xudo nima uchun meni bu azobga soldi? Balki mening o‘limimni xudoning o‘zi istayotgandir? Ha... xohlayapti... «Ota rozi – xudo rozi» deyishadi-ku? Arqonni adam tashlab ketdilar. Adamlardan xafa emasman. To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatdilar…».