Yurtimiz qadim o‘tmish tarixini tiklash, haqqoniy yoritish bugungi kundagi dolzarb vazifalardan biridir. Bu haqda yurtboshimiz ham o‘z asarlarida tarix ilmining dolzarb masalalariga alohida e’tibor qaratadilar1. Ota-bobolarimizdan qolgan merosni o‘rganish, ularning urf-odatlari, udumlarini tiklash – bu tarixni tiklash demakdir. Faqat uni xolislik bilan asl xolicha o‘rganish, tahlil qilish o‘rganilayotgan davr haqida aniq va to‘gʻri tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Istiqlol bergan buyuk ne’matlardan biri ham tariximizni, milliy qadriyatlarimizni, o‘zligimizni chuqur o‘rganish uchun ulkan imkoniyatlar yaratdi. Xalqimiz orasida tariximizni bilishga bo‘lgan qiziqishning keskin ortishi tufayli, ajdodlarimizning qadim urf-odatlari, diniy e’tiqodi, madaniy, ma’naviy merosini o‘rganish tarix ilmining dolzarb masalasi sifatida e’tirof etilmoqda.
Shimoliy Baqtriya hududiy jihatdan janubiy O‘zbekiston va janubiy-gʻarbiy Tojikiston viloyatlarini o‘z ichiga oladi . So‘nggi bronza davrida bu hududlar kelib chiqishi jihatidan har xil bo‘lgan uchta yirik tarixiy va etnomadaniy birliklarning (Sopolli madaniyati, Bishkent-Vaxsh madaniyati va Andronova madaniyati qabilalari) aloqa maydoniga aylanadi. Uning O‘zbekiston qismida Sopollitepa, Jarqo‘ton, Ko‘zali, Mo‘lali, Bo‘ston, Kuchuktepa, Qiziltepa kabi o‘troq dehqonchilik madaniyati yodgorliklari o‘rganilgan. Ular qadimgi qishloqlar, ilk shahar harobalari, qadimgi qabriston yodgorliklari ko‘rinishida bizgacha etib kelgan. Hozirgacha o‘sha davr o‘troq aholisining har xil nuqtalarda ikki mingdan ortiq qabrlari ochilgan. Ularda aholining etnomadaniy hayoti, dafn marosimlaridagi turli xil urf-odatlari va diniy e’tiqodi o‘z aksini topgan.
Shu bilan birga Sopolli madaniyatining so‘nggi Mo‘lali va Bo‘ston bosqichlarida qadimgi dehqon jamoalarining ekologik, demografik va iqtisodiy xo‘jalik zaruriyati tufayli Janubiy Tojikiston hududlariga kirib borishi kuzatiladi.