Normativ-huquqiy hujjatlar to‘G‘risida-fayllar.org
7-bob. Loyihani manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olish 101. Loyiha yuzasidan yuridik xizmat tomonidan xulosa taqdim qilinganidan keyin ishlab chiquvchi unga birinchi rahbar darajasida viza qo‘yadi hamda uni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishib olish yagona elektron tizimi orqali uzil-kesil kelishib olish (viza qo‘yish) uchun manfaatdor organlar va tashkilotlarga (bundan buyon matnda manfaatdor organlar deb yuritiladi) yuboradi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
102. Quyidagilar bilan majburiy tartibda kelishib olinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan — barcha loyihalar, shu jumladan davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari loyihalari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan mablag‘lar ajratish, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan — investitsiyalar, savdo va iqtisodiy jihatdan tartibga solish masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan — davlat fuqaroviy xizmatini tartibga solish, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tashkiliy-shtat tuzilmasini o‘zgartirish masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan — davlat-xususiy sheriklik masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining kengashi bilan — fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi masalalarga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan — tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalariga doir loyihalar;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan — hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahalliy davlat dasturlariga oid loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan — yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek konchilik sohasidagi munosabatlarni boshqarishga oid loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan — advokatlik faoliyati va sud ishlarini yuritish bilan bog‘liq masalalarga doir loyihalar.
Oldingi tahrirga qarang. O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi bilan — soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalariga doir loyihalar;
(102-band O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 4-avgustdagi O‘RQ-787-sonli Qonuniga asosan o‘n uchinchi xatboshisi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 03/22/787/0708-son — 2022-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi) Loyihalar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa davlat organlari hamda tashkilotlar bilan ham majburiy tartibda kelishib olinadi.
Hukumatning faoliyati bilan bog‘liq loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xulosasi olinadi.
103. Agar manfaatdor organning rahbarida loyiha yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar bo‘lsa, u o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishib olish yagona elektron tizimida asoslagan holda ko‘rsatadi hamda loyihani fikr-mulohazalar va takliflar bilan imzolaydi.
104. Xatda asoslanmagan fikr-mulohazalar va takliflar ishlab chiquvchi tomonidan qabul qilinmasligi mumkin. Bunda asoslanmagan fikr-mulohazalar va takliflar qabul qilinmaganligining oqibatlari uchun javobgarlik manfaatdor organning o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini asoslab bermagan birinchi rahbari zimmasiga yuklatiladi.
105. Qabul qilinishi loyihaning mazmuni va tuzilishini jiddiy ravishda o‘zgartiradigan, loyihaga doir bo‘lgan fikr-mulohazalar hamda takliflar mavjud bo‘lgan taqdirda manfaatdor organ o‘zining loyiha variantini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni kelishib olish yagona elektron tizimi orqali ishlab chiquvchiga taklif etishi mumkin.
106. Ishlab chiquvchi manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflarini ko‘rib chiqadi, zarur hollarda, loyihaga tegishli tuzatishlar kiritadi.
107. Manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari bo‘yicha kelishmovchiliklar jadvali tuzilib, u birinchi rahbar (alohida hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi.
Ko‘rib chiqish natijalari jadvalda “qabul qilindi”, “qabul qilinmadi” tarzida aks ettiriladi. Qabul qilinmagan fikr-mulohazalar va takliflar yuzasidan ularning qabul qilinmaganligi asosi ko‘rsatiladi.
108. Kelishmovchiliklar jadvali loyiha bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga belgilangan tartibda kiritiladi.