NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLAR TO‘G‘RISIDA Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 24-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 18-dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasini, turlarini, ushbu hujjatlarning o‘zaro yuridik kuchi va nisbatini belgilashdan, shuningdek ularni rejalashtirish, tashabbus qilish, tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish, qabul qilish, e’lon qilish, ularning ijrosini tashkil etishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
LexUZ sharhi Bugungi kunda mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning zamirida inson qadri va farovon hayot kechirishi asosiy o‘ringa qo‘yilganligi hech birimiz uchun sir emas. LexUZ sharhi Normativ-huquqiy hujjatlar - vakolatli davlat organining belgilangan tartibda qabul qilgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, umummajburiy tusdagi qoidalarni o‘rnatuvchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi yuridik hujjati hisoblanadi. Normativ-huquqiy hujjat umummajburiy xulq-atvor qoidalarini o‘z ichiga oladi hamda o‘zining quyidagi uch xususiyati bilan ijtimoiy normalarning boshqa turlaridan ajralib turadi: a) ular vakolatli davlat organlari tomonidan yaratilib, barcha uchun umummajburiy qoidalarni o‘rnatadi, o‘zgartiradi (takomillashtiradi) yoki bekor qiladi; b) ularda huquqiy qoidaning mazmuni, ya’ni huquqiy munosabat ishtirokchilarining huquq va burchlari bayon etiladi; v) normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan qoidalar bajarilmagan yoki buzilgan taqdirda muayyan huquqiy oqibatlar kelib chiqadi, qoida bo‘yicha, davlatning majburlov kuchi ishga solinadi. Normativ-huquqiy hujjatlar, ularni chiqaradigan davlat organlari va mansabdor shaxslarning mavqeyiga, aktlarning yuridik kuchiga ko‘ra, quyidagi turkumlarga bo‘linadi: 1) qonunlar (Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlar va joriy qonunlar); 2) Prezident farmonlari, qaror va farmoyishlari; 3) hukumat qarori va farmoyishlari; 4) vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqaruv organlarining normativ hujjatlari; 5) mahalliy vakillik va ijroiya organlarining qarorlari va farmoyishlari.