ISLOM MA’RIFATCHILIGI BOSQICHI Mantiqiy tafakkur ehtiyoji Alloh taolo Qur’oni karim orqali marhamat etgan mukammal Tavhid ta’limotini ahli bashar tomonidan anglab etishning ilk pog‘onasi bo‘lmish Sunna bosqichi o‘zining inkor etib bo‘lmaydigan fazilat va yutuqlariga ega ekanligi oldingi bobda qayd etib o‘tildi. Bu bosqichda islom ma’naviyatining poydevori hisoblanuvchi shariat ahkomlari va islom axloqi shakllandi. Tavhid ta’limotining ilk talqini bo‘lmish ushbu qadriyatlar tizimi umummintaqa ma’naviyatining takomilida naqadar muhim bo‘lganligi har qanday shubhadan holidir. Bu bosqich qadriyatlarini biroz bo‘lsada inobatga olmaslik yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ham tarix tajribasida necha bor sinalgan haqiqat. Ammo Tavhid ta’limotini butun borlig‘i, mohiyati bilan anglab olish uchun borgan harakat bu bosqichda to‘xtab qolgani yo‘q. Islom mintaqa ma’naviyatining takomil tarixi yana bir qator bosqichlarni bosib o‘tdi. 9-asrdan boshlab ushbu ma’noda yangi yo‘nalishlar bo‘y ko‘rsata boshladi va keyingi asrlarda ular etakchi mavqega ko‘tarildi. Masalaning mohiyati shundaki, Sunna, birinchi navbatda, ibrat asosiga qurilgan, ya’ni Sunna Alloh hidoyat etgan Haqiqat yo‘liga (as-Sirot al-mustaqim-to‘g‘ri yo‘l) Rasululloh Muhammad (s.a.v.) ning hayot va tafakkur tarziga taqlid etish, undan ibrat olish orqali erishishni nazarda tutadi. Payg‘ambarimiz va ul zotning yaqin kishilari (sahobalari) hayoti davomida musulmon jamoasi ("umma")ga birlashib qanday qadriyatlarga amal qilgan bo‘lsalar, ushbu yashash tarzi keyingilarga ham o‘rnak va namuna bo‘lmog‘i Sunna ma’naviyatining o‘zak tomiridir. Ammo zamon o‘zgaruvchan, inson tabiati esa bequsur emas. Payg‘ambarimiz vafotidan so‘ng uning eng yaqin sahobalari, ul zot ishongan, tayangan, ko‘ngil bog‘lagan insonlar orasida nafaqat ichki raqobat, bahs va kelishmovchiliklar, balki qonli to‘qnashuvlar, rosmana janglar sodir bo‘ldi. Birgina payg‘ambarimiz risolatiga birinchilardan bo‘lib imon keltirgan hazrat Ali bilan boshqa bir guruh, ya’ni Talxa, Zubayr kabi sahobalar orasida yuz bergan jiddiy to‘qnashuv, unda Talxa va Zubayrning halok bo‘lishi bilan aloqador hodisalarni misol keltirsak, shuning o‘ziyoq voqelikning naqadar murakkab ekanligiga guvohlik beradi. Buning ustiga payg‘ambarimiz hayotlik davrlariga nisbatan keyingi asrlarda mintaqa xalqlari ijtimoiy takomilida katta o‘zgarishlar yuz berdi, ularni inkor etish, Rasululloh davridagi muslimlar ummasining hayot tarziga to‘liq qaytish, ijtimoiy iqtisodiy o‘zgarishlar taqozosini tan olmaslik keyingi asrlar mintaqa ahli uchun imkondan tashqari edi. Bundan tashqari Sunna bosqichida Rasululloh ibrati ko‘pgina savollarga bevosita javob topish imkonini bergan bo‘lsa, keyinroq borib, birmuncha murakkabroq, jiddiy fikr yuritishni talab qiladigan muammolar paydo bo‘la boshladi. Natijada aql bilan, aniqrog‘i mantiqiy tafakkur bilan ish olib borishga ehtiyoj kuchaydi. Masalaning yana boshqa jihati ham borki, Sunna bosqichi-ibrat yo‘li. Agar ilm bo‘lmasa, ibrat taqlidga aylanish xavfi bor. Taqlidchilik esa islomda doim qoralanadi. SHunday ekan, ma’rifatchilik davr taqozosi, hayotiy ehtiyojdir. Asli bu ehtiyoj payg‘ambar hadislarini to‘plash jarayonidan ularni raavzular bo‘yicha tasniflash jarayoniga o‘tishdayoq, ya’ni Malik ibn Anas, Imom Muhammad ash-SHaybon, keyinchalik Imom Buxoriy, Imom at-Termiziy kabi muhaddis ulamolar faoliyatida ayon bo‘la boshlagan edi. Ammo muhaddislar faoliyati bari-bir ularning tafakkur qudrati natijalarini yordamchi mavqeda ushlab turar, mazmun jihati asosan hadislarning o‘zida mujassam edi. SHu bilan birga islomda sof diniy maqsadlarda ham mantiqiy tafakkurga tayanish ehtiyoji avval boshdanoq mavjud bo‘lgan. Buning sabablaridan yana biriga to‘xtalib o‘tsak. Sodda bir mushrikni tavhid imoniga keltirmoq uchun, agar Alloh taolo uning dil ko‘zini berkitmagan, ma’nan quloqlarini kar qilmagan bo‘lsa, Qur’on oyatlarining Payg‘ambarimiz va sahobalar tafsiri va talqinidagi bayoni, musulmon jamoasi qo‘lga kiritgan siyosiy va ma’naviy yutuqlar ibrati balki kifoya qilar. Ammo islomdan ilgari shakllangan o‘ziga xos mukammal tizimga ega bo‘lgan diniy ta’limotlar, jumladan, Mazdayasna (zardushtiylik), Veda kitoblari asosidagi hindaviylik, buddaviylik, masihiylik va hokazolar har biri mintaqa xalqlarining azim bir guruhini o‘ziga jalb etgan bo‘lib, ushbu eski aqidalar etagini mahkam tutgan shaxslar 8-9 asrlarda mintaqada ko‘pchilikni tashkil etardi. Ularni majburlab, qilich bilan yangi e’tiqodga jalb etish oxir natijada qoniqarli bo‘lmasligi ayon edi. E’tiqod zo‘rlik bilan bo‘lmaydi. Xullas, Sunna axloqi muslimlar jamoasining ichki muvozanati va intizomi uchun zarur bo‘lsa, mintaqa va jahondagi o‘zga ta’limotlar, o‘zga aqida tizimlarini ma’nan engib o‘tish uchun endi mantiqiy tafakkur qudrati lozim edi. Darhaqiqat, 9 asrda eronda, qisman, Movarounnahr va Xurosonda, Mazdayasna e’tiqodi hanuz keng urf bo‘libgina qolmay, hatto bu ta’limot xususida bugungi kun gacha etib kelgan muhim asarlar yaratilgani bizga ma’lum. Xuddi shu davrda SHarqiy Turkistonda monaviylik bid’ati va buddaviylik e’tiqodi ruhida turkiy tilda boy adabiyot yaratildi. Kishilar ongiga asrlar mobaynida o‘rnashib kelgan bu singari ko‘hna aqidalar yangi izchil Tavhid e’tiqodi bilan almashishi uchun Sunna an’anasi kifoya qilmas edi. Bu kurashda holis ilmiy bahs quroli bo‘lmish mantiqiy tafakkur qudrati o‘ta zarur edi. Demak, Tavhid ta’limotining taraqqiyotida ma’rifatchilik bosqichi har jihatdan tarixiy zarurat bo‘lib, bu yo‘nalishdagi harakat Sunna bosqichi hali etakchi mavqe egallab turganidayoq boshlangani sir emas. Islom ma’rifatchiligi haqida gapirishdan oldin yana bir masalaga oydinlik kiritib olish lozim. Nega islom mintaqa ma’naviyati rivojining birinchi davrini Sunna bosqichi deymiz va uni 9 asr bilan yakunlaymiz? CHunki ushbu asrda yashab, faoliyat ko‘rsatgan 6 buyuk muhaddisning bajargan ishlari nihoyasiga etmay turib, keyingi bosqichga o‘tib ketish ma’naviy takomil mantiqiga to‘g‘ri kelmas edi. Qur’oni karimning qonunlashtirilgan matni tayyor bo‘lib, undan nusxalar ko‘chirilgach, Rasululloh hadislarini to‘plash, tartibga keltirib, ularning ishonchli to‘plamlarini ("Jome’ as-sahih") tuzish imkoni paydo bo‘ldi va keyingi 2 asr shunga sarf bo‘ldi. SHunga qiyosan aytish mumkinki, 6 buyuk muhaddis imomlarning ishonch hadis to‘plamlari hozirgi mavjud holatida tartib berilmay turib, Tavhid ta’limotining aqlga, mantiqiy tafakkurga tayanuvchi talqinlariga urinish nomukammal xulosalarga olib kelishi mumkin edi. Mu’tazila yo‘nalishining yanglishuvlari bunga misol bo‘la oladi. Ammo hayot murakkab, inson izlanishlari nazariy mukammalliklarni kutib turmaydi. YAngi bosqichdagi etakchi yo‘nalishlarning deyarli barchasi buyuk muhaddislar faoliyati bilan bir zamonda, ya’ni 9 asrda paydo bo‘la boshladi.