∆J – investitsiyalar o‘zgarishi;
+ – hali tug‘ilmaganlar va o‘lganlar.
Masgreyv quyidagi jadvalni keltiradi (2.2-jadval). Teng qismlarda uch davr davomida besh avlodga “xizmatlar” ko‘rsatadigan bir ob’ekt mavjud deb faraz qilamiz. Har bir avlod uch davrni yashab o‘tadi, ya’ni aholi barqaror. Har bir avlod tomonidan berilgan qarz mablag‘lari ularning umri oxirigacha qaytarilishi lozim deb faraz qilaylik.
Ob’ektda 1-davrda 1–3 avlod, 2-davrda 2–4- va 3-davrda 3–5-avlod foydalanadi. 100 dollarlik qiymatga ega bo‘lgan ob’ektni barpo etishga o‘z hissasini qo‘shish uchun 1- va 5-avlodning har biri jami xarajatlarning 1/9 dan, 2- va 4-avlod 2/9 dan, 3-avlod 3/9 dan iborat qismini to‘lashi kerak. Soddalashtirish maqsadlarida biz foiz xarajatlari taqsimlanishini nazardan soqit qilamiz32.
1-davrda 100 dollarning hammasini topish va sarflash kerak. 33.3 dollarni 1-, 2- va 3-avlod o‘rtasida teng taqsimlangan soliqlardan olamiz. Qolgani 2- va 3-avloddan olingan qarzlar hisobidan to‘planadi. 1-avlod qarzga pul bera olmaydi, chunki bu qarzni uning umri oxirigacha qaytarib bo‘lmaydi.
2-davrda yana soliqlardan 33.3 dollar keladi, uni 2-, 3-, 4-avlod to‘laydi. 2-avlodga qarz to‘liq qaytariladi, 3-avlodga qarzning bir qismini qaytarish uchun 4-avloddan 16,6 dollar qarz olib turiladi.
3-davrda 33.3 dollar soliqlar hisobiga to‘planadi, uni 3-, 4- va 5-avlod to‘laydi. Bu pul 3- va 4-avlodga qarzni tamomila uzish uchun sarflanadi. Shunday qilib, 100 dollar ularning ob’ektdan olgan naflariga mos holda besh avlod o‘rtasida bo‘linadi. Qarzlar soliq to‘lovchilarni faqat kreditlab qo‘yaqolmay, ayni paytda 100 dollarni avlodlar o‘rtasida taqsimlash imkoniyatini yaratdiki, faqat birgina soliq orqali moliyalashtirishda buning iloji bo‘lmas edi33.
Xususiy sektor resurslari taqsimotidagi o‘zgarishlarga keladigan bo‘lsak, aytaylik 75% soliqlar xususiy iste’moldan va 25% esa – xususiy jamg‘armalardan keladi. Biz rejalashtirilgan jamg‘armalar investitsiyalarga aylanadigan tizim bilan ish ko‘rayotganligimiz sababli, 25% xususiy kapital qo‘yilmalardan chegirmadir. Faraz qilamizki, jamg‘armalar foiz darajasiga ko‘ra noelastik. Unda davlatning jami qarzlari kapital qo‘yilmalarni kamaytiradi, qarzni qaytarishi esa ularni ko‘paytiradi. 2.2-jadvalning oxirgi ustunida “pulini to‘la va foydalan” tamoyiliga ko‘ra iste’mol har bir davrda 25 dollarga qisqarganligini ko‘ramiz. Kapital qo‘yilmalar 1-davrda 75% ga qisqaradi, qolgan davrlarning har birida 25 dollarga ko‘payadi va umuman 25% ga qisqaradi. Shunday qilib, ob’ekt qurilishi uchun chiqimlar iste’mol va kapital qo‘yilmalar o‘rtasida iste’molga me’yoriy moyillikka muvofiq taqsimlanadi. Chunki bizning misolimizda jamg‘armalar foiz darajasiga ko‘ra noelastik ekanligi faraz qilingan edi. Agar bu ehtimolni nazardan soqit qiladigan bo‘lsak, unda davlatning pul kapitali bozorida paydo bo‘lishi foiz darajasining o‘sishiga va u bilan birga jamg‘armalarning o‘sishiga olib kelishi mumkin. Unda xarajatlarning bir qismi iste’molga “ketib qolishi” mumkin.
Shunday qilib, kelajak avlodlarga xizmat ko‘rsatadigan temir yo‘l qurishni faqat soliqlar hisobidan moliyalashtirish hozirgi avlodga nisbatan adolatsizlik bo‘ladi. Kelajak avlodlar kapital xarajatlar yukini hozirgi avlod zimmasiga yuklab, uni “ekspluatatsiya” qilmasligi lozim. Ayni paytda faqat hozirgi avlodga naf keltirayotgan joriy xarajatlarni ham ular to‘lamasliklari kerak.
Kelajak avlod soliqlarni hozir to‘lay olmaydi, ammo ulardan qarzga pul olish mumkin. Qarz kapital xarajatlar yukini avlodlar o‘rtasida taqsimlash uchun kerak. Qarzlar hozir kelajakdagi qo‘shimcha soliqlarni anglatadi va kelajak avlodlarni hozirgi investitsiyalarni moliyalashtirishga jalb etadi. Albatta, investitsiya loyihalari xolisona tanlangan, ya’ni jami iqtisodiy sabablari qarzni investitsiyalarni moliyalashtirish uchun ishlatishdan iborat bo‘lishi lozim. Davlatning sof qiymati o‘zgarishsiz qoladi, bunday moliyalashtirish xarajatlari naf oluvchi avlodlar o‘rtasida adolatli taqsimlanadi.
Davlat moliyasining “oltin qoidasi” ana shunday – investitsiyalash uchun qarz olish. Agar byudjet joriy va kapital xarajatlarga bo‘linadigan bo‘lsa, “oltin qoida”ga rioya qilish oson bo‘ladi. Ikkiyoqlama (ajratilgan) byudjetning markaziy g‘oyasi – joriy xarajatlarni soliqlar orqali, kapital xarajatlarni qarzlar orqali moliyalashtirish. “Oltin qoida”ni bajarish uchun muvozanatlangan yoki qisman profitsitli joriy byudjetga ega bo‘lish zarur. Shunda qarzlar faqat investitsiyalarni moliyalashtirish uchun sarflanadi, birlamchi qiyofadagi defitsitga o‘rin bo‘lmaydi. “Sog‘lom moliya”ning 4-qoidasiga, 1- va 2-qoidalar kabi, izchil rioya qilinmaydi. Ko‘pgina mamlakatlarda, shu jumladan AQSh va Rossiyada ham kapital byudjetini ma’qul hisoblaydilar, ammo umumiy qoplash tamoyili amal qiladi. Jami xarajatlar jami daromadlar bilan qoplanadi, bu xarajatlar joriymi, kapitalmi – buning farqi yo‘q. Qarz mablag‘larni “eb qo‘yish” mumkin, ya’ni ular davlatning joriy iste’moliga yoki xususiy sektor transfertlariga sarflab yuborilishi mumkin.
Umumiy qoplamali biryoqlama (ajratilmagan) byudjetda davlat joriy pul oqimlarining xazinadan chiqib ketishi tashvishini qiladi va o‘z aktivlariga kam e’tibor beradi. Bu davlat organlarining operatsiyalarini nazorat qilish imkoniyatini yaratadigan bevosita va oddiy yondashuv. Ammo u fiskal qarorlari sifatini pasaytiradigan uch muammoni tug‘diradi. Birinchidan, joriy moliyaviy oqimlar tashvishi bilan band bo‘lish federal xarajatlarning real narxlarini pasaytirishga olib kelishi mumkin. Tanlangan dastur minimum pulni hozir talab qiladi, ammo xazina uchun uzoq muddatli yo‘qotishlar (zarar) ko‘proq bo‘ladi. Ikkinchidan, yirik investitsiya loyihalaridan olinadigan naflar fiskal qarorlarini qabul qilishda yomon o‘rganiladi yoki har tomonlama o‘rganib chiqilmaydi. Uchinchidan, byudjet transaktsiyalari (o‘tkazmalari) davlatning sof aktivlarini qisqartirishi mumkinligi va defitsitni nazorat qilish bahonasida fiskal nayranglari bo‘lishi mumkinligi inkor etiladi. Qisqasini aytganda, hozirgi tizim byudjet siyosatini ishlab chiqish nuqtai nazaridan talabga mukammal javob bermaydi. Bu tizim davlat investitsiyalariga qiziqishni so‘ndiradi, davlatning fiskal holatini soxtalashtirib ko‘rsatadi va fiskal menejmentida hiyla-nayrangbozliklarga erk berib qo‘yadi.
Unda nima uchun Rossiya, AQSh va boshqa ko‘pgina mamlakatlarda ikkiyoqlama byudjetga hurmat yo‘q? Kapital xarajatlar kapital byudjetida, qolganlari esa (unga davlat kapitaliga amortizatsiyalar bilan birga) – operativ byudjetda turgan bo‘lar edi. Mansabdorlarning diqqat markazida defitsit emas, sof aktivlar turgan bo‘lar edi, aktivlarni sotishdan tushumlar daromad hisoblanmagan, investitsiyalar byudjetchilarning ish haqi bilan tenglashtirilmagan bo‘lar edi. Unda amaldorlar (byurokratlar)ning investitsiyalarning xazina uchun uzoq muddatli natijalarini batafsil hisob-kitob qilishlariga to‘g‘ri kelar edi, chunki kapital byudjeti investitsiya, loyihalarini tekshirish uchun ochiqroq va ayonroq. Shunda investitsiyalar ularga “soyabonlik” qiladigan idoralar kuchi bilan emas, balki ijobiy va salbiy tomonlari hisobga olingan holda tanlab olingan bo‘lar edi.
Ikkiyoqlama byudjetga birinchi e’tiroz – kapital xarajatlarni o‘zga xarajatlardan ajratib olish qiyin. Emishki, davlat – bu umumiy qabul qilingan buxgalteriya tamoyillari va mustaqil auditorlar muntazam tekshirib turadigan firma emas. Firmani o‘z xarajatlarini kapital va o‘zga xarajatlarga ajratishga bozor majbur etadi va bu bo‘linishning qanchalik maqbulligini bozor sinovdan o‘tkazadi. Davlatni o‘z xarajatlarini qandaydir bir guruhlarga ajratishga siyostachilar majbur etadi va bu bo‘linishni bozor sinovdan o‘tkazmaydi. Ko‘pchilik kapital byudjeti siyosiy jihatdan afzal ko‘rilgan loyihalarga ravo ko‘rilishidan xavotirlanadilar.
Ikkinchi e’tiroz – davlatning sof qiymati (aktivlardan ayirilgan – passivlar) uning ijtimoiy rentabelligi mezoni bo‘lib xizmat qila olmaydi. AQSh prezidenti mahkamasi Menejment va byudjet ofisining rasmiy bir hujjatida yozilganidek “Federal hukumatning haqiqiy sof qiymati hukumatga tegishli bo‘lgan moddiy va moliyaviy aktivlarga emas, balki Amerika iqtisodiyotining kuchiga asoslangan. Federal moddiy aktivlar – mudofaa ob’ektlari, jamoat inshootlari, milliy bog‘lar va o‘rmonlar foyda uchun emas, balki ijtimoiy maqsadlarga xizmat qiladi. Hukumatning har qanday xususiy biznesga yo‘l berk bo‘lgan asosiy moliyaviy aktivi – bu soliqlarni undirish qobiliyatidir. Shu tarzda, hukumatning asosiy majburiyati – millatni muhofaza qilish va umumiy farovonlikni ta’minlashdir, xususiy sektorda unga o‘xshash maqsad yo‘q”34.