Davlat qarzi nazariyasi birinchi navbatda qarzning iqtisodiy oqibatlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Biz ushbu oqibatlarni ikki nuqtai nazardan ko‘rib o‘tamiz. Keng tarqalgan nuqtai nazarlarga ko‘ra qarz yomon narsa, iqtisodiyotga og‘ir yuk. Boshqa bir qarashlarga ko‘ra davlat soliqlarni oshiradimi yoki qarzga pul oladimi iqtisodiyotga “bari bir”, “issiq sovug‘i” yo‘q. Bunday nuqtai nazar rikardocha ekvivalentlik deb nomlanadi.
Bu nuqtai nazarlar o‘rtasiga asosiy chegara qo‘yadigan ikki g‘oya mavjud. Birinchi g‘oya – qarz yuki to‘g‘risida. Qarz yuki unga xizmat ko‘rsatish uchun davlatga soliqlar to‘lashi lozim bo‘lgan kishilarning turmush darajasini pasaytiradi. Birovlar davlatga qarz berganlari sababli boshqa birovlar o‘z huzur-halovatidan, farovonligidan mahrum bo‘ladi. Ikkinchi g‘oya – davlat xususiy qarz oluvchilarni kredit bozoridan siqib chiqaradi (qisqalik uchun uni fiskal siqib chiqarish deb ataymiz). Qarz – bu yomon deyilganda e’tibor birinchi navbatda uning fiskal surib chiqarishiga qaratiladi. Qarz olish-berish iqtisodiyot uchun “bari bir“ deyilganda qarz kelajak avlodga yuk bo‘lmasligi va fiskal siqib chiqarish yuz bermasligi nazarda tutiladi.
Qarz masalasi bilan shug‘ullanadiganlarni uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruh – universitetlar professorlari, “akademiklar”. Ta’lim berishni tadqiqotlar bilan birga qo‘shib olib borish uchun ularning vaqti (universitetlarning puli) ko‘p. Ularning qiziqishlari doirasi juda keng. “Akademiklar” bizni o‘rab turgan olamni bir qadar soddalashtirib, uning mohiyatini, qay tarzda mavjud bo‘lishini, qanday “ishlayotgani”ni izohlashga harakat qiladilar. Natijada nazariyalar, formal modellar paydo bo‘ladi.
Bizni qiziqtirgan qarz nazariyasi davlat moliyasi nazariyasining bir qismi hisoblanadi, uning yana bir nomi – fiskal (xazina, byudjet) nazariyasidir.
Ikkinchi guruh makroiqtisodchilar. Makroiqtisodiyot inflyatsiya, ishsizlik, iqtisodiy o‘sish, pul va fiskal siyosatini o‘rganadi. Makroiqtisodchilar Xalqaro valyuta fondi (XVF)da, Jahon bankida, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotida, AQSh kongresining Byudjet ofisi, Rossiya iqtisodiy ekspertlar guruhi yoki Rossiya fiskal siyosati markaziga o‘xshash mahalliy tahlil markazlarida ishlaydilar. Bu tashkilotlar fiskal nazariyasi va fiskal siyosati o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Makroiqtisodchilar nazariy bilimlarni amaliy tavsiyalarga aylantiradilar, ba’zan ularga juda nomdor “akademiklar” rahbarlik qiladi. Masalan, taniqli olimlar Martin Feldshteyn, Jozef Stiglits va Gregori Mankiv AQSh prezidenti huzuridagi Iqtisodiy maslahatchilar Kengashini boshqarganlar. Mankiv ta’biri bilan aytganda “xudo makroiqtisodchilarni bu dunyoga jozibali nazariyalarni olg‘a surish va sinovdan o‘tkazish uchun emas, balki amaliy muammolarni hal qilish uchun yuborgan”1.
Uchinchi guruh – davlat tepasida turgan siyosatchilar va professional davlat xizmatchilari, ya’ni davlat apparati. Nazariyalarni ishlab chiqish ularning ishi emas. Ular fiskal (byudjet) siyosatini ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar. Fiskal dastaklari (xarajatlar, soliqlar, qarzlar) ularning qo‘lida.
Qarz byudjet defitsiti (taqchilligi, etishmasligi) oqibati bo‘lgani sababli byudjet siyosatining hosila mahsuloti hisoblanadi. Agar defitsit qarzga olingan pul hisobidan moliyalashtiriladigan bo‘lsa, bu pullar yig‘ilib qarzni hosil qiladi. Ammo byudjet siyosatining qaysi bosqichida defitsit paydo bo‘ladi, o‘z xarajatlarini qarz hisobidan moliyalashtirishga davlatni nima majbur qiladi? Byudjet siyosatinig chalkash yo‘llarida Richard Masgreyvning “The Teory of Public Finance. A Study in Public Economy” (“Jamoat moliyasi nazariyasi. Jamoat iqtisodiyoti o‘quvchilari” kapital asarida taklif etilgan uch qismli ijtimoiy sektor modeli bizga asqotishi mumkin2 (0.1-rasm).
Masgreyv keng qamrovli, ammo juda soddalashtirilgan “ijtimoiy uy xo‘jaliklari” manzarasini yaratish yo‘lida byudjet siyosati zimmasiga uch vazifa (funktsiya)ni yuklaydi – resurslarni taqsimlash, daromadlarni qayta taqsimlash va iqtisodiyotni barqarorlashtirish. U taklif etgan byudjet siyosati masalalari bilan faraziy Fiskal ishlari vazirligi (FIV) shug‘ullanadi, qo‘yilgan uch vazifaga muvofiq bu vazirlikda uch bo‘lim – resurslar taqsimoti bo‘limi (RTB), daromadlarni qayta taqsimlash bo‘limi (DQB) va iqtisodiyotni barqarorlashtirish bo‘limi (IBB) ishlaydi.
RTB bozor tomonidan jamiyatga kerakli mahsulotni etkazib berish rad etilgan vaziyatlar bilan shug‘ullanadi. RTB soliqlar vositasida resurslarni xususiy foydalanishdan qaytarib olib, ularni davlat foydalanishiga o‘tkazadi. Davlat esa bozor etkazib berishni istamagan o‘sha mahsulot bilan jamiyatni ta’minlaydi. To‘liq bandlik sharoitlarida RTB xususiy foydalanishdan qaytarib olgan resurslar hajmi davlat foydalanshiga berilgan resurslar hajmiga teng bo‘lishi lozim. Agar Masgreyv kabi faraz qiladigan bo‘lsak, RTB soliqlarni iste’molga (investitsiyalarga emas) sarflaydigan hollarda, “qarz hisobiga moliyalashtirish to‘g‘risidagi masala o‘z-o‘zidan barham topadi”3. RTB byudjeti hamisha muvozanatlangan, ya’ni soliqlar xarajatlarga teng.