O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risidagi qonun qachon qabul qilingan?
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY-HUDUDIY TUZILISHI TO‘G‘RISIDA Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 19-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 7-avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ysunuvidagi shaharlar) — aholisining soni, qoida tariqasida, kamida o‘ttiz ming kishi bo‘lgan, muhim ma’muriy ahamiyatga, rivojlangan infratuzilmaga ega, shuningdek istiqbolli iqtisodiy va madaniy markazlar bo‘lgan aholi punktlari;
ma’muriy-hududiy tuzilish — O‘zbekiston Respublikasi hududini ma’muriy-hududiy birliklarga bo‘lish;
ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari — ma’muriy-hududiy birliklarni tuzish, tugatish va ularning chegaralarini o‘zgartirish, ma’muriy-hududiy birliklarning ma’muriy markazlarini belgilash va ko‘chirish, ma’muriy-hududiy birliklarning bo‘ysunuvini o‘zgartirish;
respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan aniqlanishi mumkin bo‘lgan, strategik ahamiyatga, yirik sanoat korxonalariga va rivojlangan infratuzilmaga ega, shuningdek istiqbolli iqtisodiy va madaniy markazlar bo‘lgan aholi punktlari;
tuman bo‘ysunuvidagi shaharlar — aholisining soni, qoida tariqasida, kamida yetti ming kishi bo‘lgan, sanoat korxonalariga va rivojlangan infratuzilmaga ega bo‘lgan aholi punktlari;
tumanlar — viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarkibidagi, qoida tariqasida, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardan iborat bo‘lgan ma’muriy hududiy birliklar;
chegara chizig‘ining tavsifi — chegara chizig‘ining yo‘nalishi va ma’muriy-hududiy birlik chegaralarining kartografik chizmasida ko‘rsatilgan, chegara chizig‘ini burilish nuqtalarining koordinatalari, shuningdek joyning tegishli topografik elementlari bilan bog‘laydigan chegara nuqtalari o‘rtasidagi masofa ko‘rsatilgan holda, chegara chizig‘ining o‘tish tavsifini o‘z ichiga olgan asosiy hujjat;
shaharlardagi tumanlar — shaharlarning ma’muriy-hududiy birlik maqomidagi, aholisining soni, qoida tariqasida, kamida yigirma ming kishi bo‘lgan, fuqarolar yig‘inlaridan (mahallalardan) iborat bo‘lgan qismi;
shaharchalar — aholisining soni, qoida tariqasida, kamida ikki ming kishi bo‘lgan, sanoat korxonalari, temir yo‘l stansiyalari va boshqa muhim obyektlar yaqinida joylashgan, fuqarolar yig‘inlaridan (mahallalardan) iborat bo‘lgan aholi punktlari;
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari — viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi;
qishloqlar va ovullar — tumanlar hududida joylashgan, fuqarolar yig‘inlaridan (mahallalardan) iborat bo‘lgan aholi punktlari.