5-mavzu X-XII asrlarda ijtimoiy-siyosiy, madaniy va adabiy muhit. Markaziy osiyoda arab va fors-tojik tilidagi adabiyot X-XII asrlar ijtimoiy-madaniy muhiti, mahalliy davlatlarning tashkil topishi
5-MAVZU X-XII ASRLARDA IJTIMOIY-SIYOSIY, MADANIY VA ADABIY MUHIT. MARKAZIY OSIYODA ARAB VA FORS-TOJIK TILIDAGI ADABIYOT
X-XII asrlar ijtimoiy-madaniy muhiti, mahalliy davlatlarning tashkil topishi. Arab-Islom xalifaligi Markaziy Osiyo hududida o’z hukmronligini o’rnatgach, mazkur hududni boshqarishda mahalliy yer egalari yordamiga tayanadi. Uzoq vaqt Xuroson noibi bo’lib turgan Ma’mun otasi xalifa Xorun ar-Rashid vafotidan keyin 813 yilda Xurosondagi yirik mulk egasi Tohir ibn Husayn yordamida xalifilikni egallaydi. Shundan keyin Tohir ibn Husaynning xalifalikdagi mavqeyi kuchayib, Xuroson va Movarounnahrni mustaqil boshqarish huquqiga ega bo’ladi. Shu tariqa mazkur hududda xalifalikdagi dastlabki mustaqil davlat Tohiriylar sulolasi (821-873) maydonga keladi.
Shu davrda Movarounnahrda Somon avlodlari hukmronligi ham kuchayib Xalifa Ma’mun As’ad ibn Somonning o’g’illari Nuh ibn As’adni – Samarqand, Ahmad ibn As’adni – Farg’ona, Yahyo ibn As’adni – Shosh va Usrushona, Ilyos ibn As’adni esa Hirot hokimi qilib tayinlaydi. Movarounnahrda Somoniylar hokimiyati rasman tan olinadi. Bu esa yangi mahalliy davlat – Somoniylar sulolasining tug’lishiga zamin bo’lib xizmat qiladi.
841-yilda Nuh, ko’p o’tmasdan Yahyo ham vafot etib Samarqand va Shosh Ahmad ibn As’ad qo’l ostiga o’tadi. U poytaxtini Farg’onadan Samarqandga ko’chiradi. Uning vafotidan keyin taxtni o’g’li Nasr ibn Ahmad (864-892) egallaydi.
Xurosonda kuchayib ketgan qo’zg’olonlar (Yoqub ibn Lays boshchiligida) ta’sirida Tohiriylar davlati barham topib (873) o’rniga Safforiylar (misgarlar) sulolasi (873-903) vujudga keladi. Bu davrda Buxoro Tohiriylar davlatiga qarashli edi. Mazkur voqealardan keyin shahar zodagonlari yangi sulolaga bo’y sunishni istamaydi hamda Nasr ibn Ahmaddan yordam so’raydi. Nasr o’z ukasi Ismoil ibn Ahmadni (873-907) Buxoroga hokim qilib yuboradi. Nasrning vafotidan keyin butun Movarounnahr Ismoil Somoniy qo’l ostiga o’tadi. Xalifalik tomonidan Movarounnahr hokimi sifatida tayinlangan Amr ibn Lays bilan 900-yilda Balxda bo’lib o’tgan jangda g’olib bo’lgach, Ismoil Somoniy Xuroson, Tabariston, Gurgon va Seyistonni ham qo’lga kiritadi. Shundan keyin Somoniylar davlati rasman tan olinadi.
Somoniylar sulolasi mahalliy madaniyat ravnaqiga katta hissa qo’shdi. Agar tohiriylar davrida arab tili rasmiy davlat va ijod tili sifatida mavqeini saqlab qolgan bo’lsa, somoniylar sulolasi davrida fors-dariy tilining mavqei oshdi, bu tilda ijod etish rag’batlantirildi. Bu holat deyarli shu davrda yuzaga kelgan saljuqiylar, g’aznaviylar va xorazmshohlar davrida ham davom etdi.
X asr o’rtalariga kelib Somoniylar davlatida o’zaro nizolar kuchaydi. Natijada, davlat inqirozga uchrab Qoraxoniylar va G’aznaviylar X asrning 90-yillarida Somoniylarning yerlarini bosib oldi.
X asr oxiri va XI asr boshlarida Xorazmda ham muhim ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy o’zgarishlar yuz berdi. Urganch hokimi Ma’mun I butun Xorazmni egalladi. Uning o’g’li Ma’mun ibn Ma’mun poytaxtni Kotdan Urganchga ko’chirdi. Natijada, bu shahar yurik iqtisodiy, madaniy va ilmiy markazga aylandi. Abu Ali Ibn Sino (980-1037), Abu Rayhon Beruniy (973-1048), Abu Mansur as-Saolibiy (961-1038) kabi mashhur siymolar ilmiy faoliyat va ijod bilan mashg’ul bo’ldi. Ma’mun akademiyasiga asos solindi.
X-XII asrlar Markaziy Osiyo xalqlari tarixida alohida bir davrni tashkil etadi. Bu davr barcha sohalarning rivojlanishi, ilm-fanning yuksak taraqqiyoti bilan xaraktеrlanadi. Markaziy Osiyo xalqlari mе'morchilik, tasviriy san'at, naqqoshlik, o’ymakorlik, musiqa kabi sohalarda katta yutuqlarga erishdilar. «Shuning uchun biz IX-XII asrlardagi O’rta Osiyo madaniy yuksalishini Uyg’onish davri, aniqrog’i ilk Uyg’onish davri dеb atashga ham to’la asosimiz bor». (Buyuk siymolar, allomalar. 1-kitob. T.,1995. 8-bеt).
Turli sulolalarning markazlari bo’lgan Buxoro, Samarqand, Qashg’ar, Bolasog’un, Nishopur, Isfahon, G’azna, Xorazm shaharlarida ilm-fan, madaniyat, san’at, xususan, badiiy ijod gullab yashnadi.
Qishloq xo’jaligi, hunarmandchilik rivojlandi. Buxoro, Samarqand, Marv, Ko’hna Urganch, Xiva kabi shaharlar o’z davrining madaniyat markazlari sifatida tanildi. Mashhur «Ipak yo’li» boshqa xalqlar bilan turli sohalarda hamkorlik qilishda asosiy aloqa yo’li vazifasini bajardi.
Bu davrda mе'morchilik taraqqiy etdi. Samarqand, Buxoro, Urganch, Tеrmiz, O’zgan, Marv shaharlarida ko’plab saroy, masjid, xonaqoh, madrasa, minora, sardoba va boshqa binolar qurildi. Bu binolar qurilishi o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Navoiy viloyatida XI asrda qurilgan Hazora qishlog’idagi Dеhgaron masjidi, Raboti Malik, Buxorodagi Masjidi jomе’ning 1127 yilda qurilgan minorasi, XII asr oxirida bunyod etilgan Vobkеnt minorasi, Urganchdagi Faxriddin Roziy maqbarasi, Doya xotin ravoti, Marvdagi Sulton Sanjar maqbarasi va boshqalar shular jumlasidandir.
Bu davrda naqqoshlik ham rivojlandi. Turli binolarga ishlangan naqshlar buning dalili. Musiqa ham taraqqiy etdi. Bu davrda rud, tanbur, barbat, daf, qo’biz, rubob, nay, surnay, karnay, qonun kabi cholg’u asboblari kеng tarqaldi. «Rost», «Xusravoniy», «Boda», «Ushshoq», «Sipahon», «Navo», «Tarona» kabi kuylar ijod qilinadi. X-XII asrlar Markaziy Osiyoda ilm-fanning rivojlanganligi bilan alohida ajralib turadi. Falsafa, mantiq, riyoziyot, tibbiyot, tarix, tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi sohalar rivoj topdi. Arab tili Sharq mamlakatlari orasida ilm-fan tili sifatida shuhrat qozondi. Buxoro, Samarqand, Tеrmiz, Urganch, Marv, Balx, Bog’dod, Shom kabi shaharlar Sharq olimlari hamkorligining markazi bo’lib qoldi.
Markaziy Osiyo olimlaridan al-Xorazmiy, Abunasr Forobiy, Ahmad Farg’oniy, Ibn Sino, Aburayhon Bеruniy va boshqalar jahon ilm-fani xazinasiga bеbaho ulush qo’shdilar. Shuningdеk, Abdulloh ibn Muslim Marvaziy Dinovariyning «Kitob-ul-maorif», «Kitob-ush-shе'r va-sh-shuaro»si, tarixchi Abusaid Gardiziyning «Zayn-ul axbor», Bayhaqiy, Narshaxiy, matеmatik va astronom Abdulmajid Xo’jandiy, astronom Muhammad Balxiy, huquqshunos Burhoniddin Al-Marg’inoniy, tilshunoslar Abulqosim Zamaxshariy, M.Qoshg’ariylar asarlari ham mashhur bo’ldi.