Quddus Muhammadiy. Bir umr kichkintoylarning katta adabiyotini yaratish uchun samarali ijod qilgan otaxon shoirlardan biri Quddus Muhammadiyda shunday misralar bor:
Egri shoxni bog‘bon ham
Kesib tashlar ko‘rgan dam.
SHu sabab to‘g‘ri o‘zar
Egri esa ozar, to‘zar.
Ha, kimki bola tarbiyasida xuddi bog‘bon kabi yo‘l tutadigan bo‘lsa, uning farzandi kelajakda o‘qimishli, aqlli, hushli bo‘ladi. Zero, Quddus Muhammadiyning ham maqsad-murodi shunday. Otaxon shoirning har bir asaridan kichkintoylarni to‘g‘ri so‘z, o‘qimishli bo‘lishga chorlovchi misralarni topish mumkin.
Kichkintoylarning buyuk shoiri Quddus Muhammadiy 1907-yilda, Toshkent shahrida mehnatkash dehqon oilasida dunyoga keldi. Bo‘lajak shoirning otasi Muhammad Alibek Abdurahmonbekov savodli kishi edi. U dastlabki ma’lumotni otasidan oldi.
1925- yilda otasi vafot etgach, Quddus Muhammadiy avval amakisinikida, so‘ngra esa maktab-internatda tarbiya oladi. Internatda Q. Muhammadiyning birinchi she’ri — «Chuvalachi» maydonga keladi va bu yerda chiqadigan «Quyosh» nomli devoriy gazetada e’lon qilinadi.
Shu ilk mashqlaridayoq bo‘lajak shoirning nafosat olamini kuzatish va badiiy idrok etish iste’dodi hamda umumlashtirish mahorati yaqqol ko‘rinadi.
U yetti yillik maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent qishloq xo‘jalik texnikumiga o‘qishga kiradi. Bu yerda u bolalar uchun she’rlar yoza boshlaydi. Uning «Tong o‘yini», «Paranji», «Ahmad va asalari», «Seleksiya stansiyasi» nomli she’rlari vaqtli matbuotda bosilib chiqadi.
1931- yildan Q. Muhammadiy maktabda botanika o‘qituvchisi bo‘lib ishladi, shu bilan birga O‘rta Osiyo davlat universitetining biologiya fakultetida o‘qiy boshladi. Bolalar uyidagi va universitetdagi hayot, mehribon murabbiy va muallimlarning g‘amxo‘rliklari Q. Muhammadiy qalbida bir umr o‘chmas iz qoldiradi. Bu yerdagi o‘zaro do‘stlik bo‘lajak shoir qalbini tog‘dek ko‘tarib yuboradi.
Quddus Muhammadiy Oybek, H. Olimjon, G‘. G‘ulomlarni o‘zi uchun ustoz deb bilgan, ulardan o‘rgangan, ular bilan doimo ijodiy muloqotda bo‘lgan. Ilk she’rlaridan biri «Tong o‘yini» orqali ulkan adib Oybek bilan tanishadi. Oybek bu iste’dodli bolalar shoirini hamisha qo‘llab-quvvatlab, ijodiga g‘amxo‘rlik qilgan.
Quddus Muhammadiy ijodiga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri hozirjavoblikdir. Shoir asarlarida ona-Vatanga muhabbat, a’lo o‘qish, xulq-odobda boshqalarga namuna bo‘lishga da’vat etish, fan va texnikani o‘rganish masalalari asosiy mavzulardan hisoblanadi.
Shoirning birinchi she’rlar to‘plami 1946-yilda «O‘quvchiga esdalik» nomi bilan bosilib chiqadi. Shundan keyin uning 60 dan ziyodroq turli nom va tillardagi kitoblari chop etiladi.
Quddus Muhammadiy doimo zarur mavzularda asarlar yaratib keldi. Har bir she’rni kundalik hayotimizdan olib yozdi.
Bolalarni o‘qishga, hunar o‘rganishga, odobli bo‘lishga, mehnatga chorladi, qiziqtirdi. Buni shoirning ,,O‘quvchiga esdalik» she’rida ko‘rish mumkin. Asarda maktab o‘quvchisining ma’naviy qiyofasi va vazifalariga mufassal to‘xtalib, o‘qish, bilim o‘rganish zarurligini ta’kidlaydi:
Bo‘lay desang bog‘bon,
Yo Vatanga posbon,
Yo osmonda uchuvchi,
Yo dengizda suzuvchi,
Nimani qilsang tilak,
Bariga o‘qish kerak.
Shu jihatdan shoirning Hamza nomidagi respublika davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan «Tabiat alifbosi» turkumiga kirgan beshta to‘plami e’tiborlidir. Shoir bu to‘plamlarga kirgan she’rlarida tabiat hodisalari, narsa va buyumlar, koinot mo‘’jizalari haqida poetik xulosalar chiqargan. Bu xulosalar g‘oyat bolalarbopdir. Chunonchi, zilzilani yerning gimnastika qilishi deb ta’riflasa, chuvalchangni «yer traktori» deb ataydi, gilosning qizilligini kichkinaligidan uyalishidan degan xulosaga keladi. Xullas, tabiat mavzusidagi har bir she’rida shu tariqa bolalar xususiyati va tushunchasiga xos ibratli fikr ifoda etiladi.
Quddus Muhammadiy yosh kitobxonlar qalbida tabiat va inson kuychisi sifatida har doim e’zozli bo‘lib qoladi.