1.2. Germaniya imperiya iqtisodiyoti va tashqi siyosati va xalqaro ahvoli.
1871 yil 10 mayda imzolangan Frankfurt sulhidan keyin Germaniya Yevropa kontinentidagi eng yirik davlatlardan biriga aylandi. Sanoat va savdoning taraqqiyotida Germaniya Fransiya va Angliyani ham qo’vib o’ta boshladi. Germaniya XIX oxirlarida temir va po’lat ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda 3 o’rindan AQShdan keyingi ikkinchi o’ringa chiqib oldi. Temir yo’l tarmoqlarining uzunligi 1871 yilda 21471 km.dan 1900 yilda 49878 km.ga yetdi.
Yirik kapitalistik fabrika-zavod sanoatining tez rivojlanishiga tarqoq Germaniya davlatlari o’rnida yagona birlashgan davlatning va yagona umumiy bozorning tashkil topishi, Fransiyadan Elzas, Lotaringiyaning va 5 mlrd.frank kontribusiyaning olinishi, fan-texnika sohasidagi eng yangi yutuqlarning ishlab chiqarishga joriy qilinishi Germaniyaning iqtisodiy taraqqiyoti uchun juda katta imkoniyatlar yaratdi.
Tarkibida juda katta miqdorda fosfor bo’lgan Lotaringiya temir rudalarining ulkan zahiralaridan foydalanishda ingliz injeneri Tomas tomonidan kashf etilgan po’latdan fosforni ajratishning yangi usuli juda qo’l keldi. Buning natijasida bir vaqtlar po’lat ishlab chiqarish uchun yaroqsiz bo’lgan Lotaringiya rudasi endilikda Germaniya po’lat qo’yish sanoati uchun asosiy xom-ashyo bo’ldi.
Og’ir sanoat bilan bir qatorda Germaniyada ximiya va elektrotexnika sanoati ham tez sur’atlar bilan o’sdi. 1883 yilda Germaniya ximiya zavodlari dunyo miqyosida ishlab chiqarilayotgan bo’yoqlarning 2/3 qismini berdi. 70-yillardan elektr tokidan sanoat ehtiyojlari uchun foydalanila boshlandi. 1882 yilda elektr quvvatini uzoq masofaga uzatish usuli kashf qilindi. 1890 yil Germaniyada birinchi gidroelektrostansiya Frankfurt-na-Mayn yaqinidagi Laufen sharsharasida ishga tushirildi. 90-yillardan boshlab nemis injeneri Dizel yaratgan ichki yonuv dvigateli mashinasozlik sanoatining rivoji uchun katta imkoniyatlar ochdi.
Ishlab chiqarishni arzonlashtiruvchi zamonaviy murakkab mashinalardan faqat yirik tadbirkorlar va aksionerlik jamiyatlari foydalanish qudratiga ega edi. Ishlab chiqarish yirik fabrika va zavodlarda konsentrasiyalasha bordi. Sanoatdagi bunday jarayon kapitalistlarning qudratli monopolistik birlashmalari-sindikat va kartellarni paydo qildi.
1900-1903 yillardagi iqtisodiy inqirozdan so’ng sanoat va moliya kapitalining qo’shiluvi jarayoni yanada kuchaydi. Sanoat ishlab chiqarishi bo’yicha Germaniya Angliyani quvib o’tib, AQShdan keyingi 2 o’ringa chiqib oldi.
XIX asr oxirlarida Germaniya nafaqat qudratli industrial davlat, balki qishloq xo’jaligi ham tez taraqqiy etayotgan mamlakat edi. Prussiyada yerlarning aksariyat qismi yirik pomeshchiklar-yunkerlar qo’lida edi. Janubiy Germaniyada o’rta va mayda dehqonlar ko’pchilikni tashkil qilgan. XIX asrning so’nggi choragidan boshlab Germaniyada qishloq xo’jaligining jadal taraqqiyoti kuzatilinadi. Bu hol qishloq xo’jaligida kapitalistik munosabatlarning rivoji, (qishloq xo’jaligida kapitalizm taraqqiyotining «prusscha yo’li») ekin maydonlarining kengaytirilishi, xo’jalikda mashina va texnikalardan foydalanish, sun’iy o’g’itlarning ishlatilishi bilan bog’liq edi.
1874 yil mamlakatning yagona pul birligi oltin marka chiqarildi. Ungacha imperiya territoriyasida yetti xil pul birligi muomalada bo’lgan. Germaniya birlashtirilgandan so’ng Prussiya banki imperiya bankiga aylantirildi, Nemis banki, Drezden, Darmshtadt banklari, Shafgauzen banklar ittifoqi, Berlin savdo jamiyati kabi bank konsernlari paydo bo’ldi.
1891 yil yirik kapital va yunkerlarning mustamlakachilik dasturi bilan chiqayotgan eng agressiv va reaksion qismi «Pangerman ittifoqi» ni tuzganlar. Bu tashkilot o’zining ta’sirini hukumatga ham o’tkaza boshlagan. 90-yillarning oxirlarida Germaniyaning muhim davlat lavozimlarini egallagan kishilar nemis millatiga «hayotiy bo’shliq» zarur ekanligini va buning uchun yangi hududlarni – mustamlakalarni zabt etish kerakligini ta’kidlay boshlaganlar. Shunday kishilardan biri Berngard fon Byulov bo’lgan. U 1897 yil reyxstagda chiqish qilib «Biz o’zimiz uchun quyosh tagidan joy talab qilamiz» degan. Keyinchalik 1900-1909 yillarda u imperiya kansleri lavozimini egallab turgan vaqtida ana shu aytganlariga amal qilishga harakat qilgan.
Bismark hukumatining tashqi siyosati Yevropada Germaniya imperiyasining mavqyeini mustahkamlashga qaratilgan. 1873 yil Germaniya, Rossiya va Avstriya-Vengriya o’rtasida ittifoq to’g’risida shartnoma imzolangan. 1875 yil Bismark Fransiyaga qarshi yangi urush boshlashga tayyor turgan bir vaqtda, Rossiya va Angliya Fransiyaning tarafini olib, uni qaytadan tor-mor etilishiga yo’l qo’ymasligini ma’lum qilganlar. Bismark ikkita frontda jang olib borishdan hayiqgan. 1879 yil Rossiyaga qarshi Avstriya-Vengriya bilan ittifoq tuzgan. 1882 yil bu ittifoqqa Italiya qo’shilib, u uchlar ittifoqiga aylangan. Bu ittifoq Rossiya va Fransiyaga qarshi qaratilgan. Bismark nemis agressiyasi uchun asosiy to’siqlardan biri deb Rossiyani bilgan va u bilan 1887 yil maxsus mahfiy bitim imzolagan. Bu to’g’risida ittifoqchisi bo’lgan Avstriya-Vengriya imperatori Frans Iosifni ham xabardor qilmagan. Bismark Rossiyaga qarshi o’zgalar qo’li bilan kurashishga harakat qilib, Angliya va Turkiyadan bu maqsadda foydalanmoqchi bo’lgan.
80-yillarning o’rtalarigacha Germaniya mustamlakalarga ega bo’lmagan. Bungacha u Yevropa kontinentida o’z mavqyeini mustahkamlashga uringan. 1882 yilda tuzilgan «Germaniya mustamlakalari ittifoqi» ning bosh maqsadi mustamlakalar uchun kurashish bo’lgan. Sharqda Germaniyaning ko’pgina savdo faktoriyalari mavjud bo’lib, 1884 yil Germaniya ana shu faktorlarni himoya qilish maqsadida ularni Germaniya mustamlakalari deb e’lon qilgan. Germaniyaning birinchi mustamlakasi janubi-g’arbiy Afrika qirg’og’idagi Angra-Paken bo’lgan. Shu yili Germaniya Afrikaning o’rta qismidagi Togo va Kamerunni o’z mustamlakasi deb e’lon qilgan.
Bismarkning sosial-demokratlarga qarshi kurashidagi muvaffaqiyatsizliklari burjuaziya orasida ham norozilik kayfiyatini tug’dirgan. Bundan tashqari tashqi siyosatda ham Bismark muvaffaqiyatsizlikka uchray boshlagan. Germaniya hukumati yunkerlarning talabi bilan Rossiyadan kelayotgan qishloq xo’jalik mahsulotlari uchun bozorlarni yopib, boj soliqlarini oshirgan. Rossiya ham bunga javoban Germaniya sanoati mahsulotlariga boj to’lovlari miqdorini ko’targan. Natijada bu ikki davlat o’rtasida bojxona (tamojnya) urushi boshlangan. Bu holat Rossiyaning Fransiya bilan yaqinlashuviga va ular o’rtasida ittifoq tuzilishiga olib kelgan. Nemis burjuaziyasi davlatning ichki va tashqi siyosatini o’zgartirishni talab qila boshlagan. 1890 yil martda Bismark iste’foga chiqishga majbur bo’lgan.
Kansler Kaprio (1890-1894) ning tashqi siyosati, ayniqsa uning Rossiya bilan savdo shartnomasini imzolashi yunkerlar orasida hukumatga qarshi norozilikni keltirib chiqargan.
Kansler X.Gogenloe-Shillingsfyurstning (1894-1900) har qanday tashabbuskorlikdan holi bo’lishiga qaramasdan, Germaniyani agressiv tashqi siyosat yuritishga undovchi davlat arboblari topilgan. Tashqi ishlar bo’yicha stats-sekretar-knyaz fon Byulov katta harbiy flot tuzishni talab qilayotgan admiral Tirpis, katta generallar shtabi boshlig’i Alfred fon Shlifenlar Rossiya va Fransiya bilan urush olib borish rejasi ustida 15 yil davomida ish olib borganlar. Shliffen rejasiga ko’ra Germaniya avval Fransiyani, keyin esa Rossiyani yashin tezligida tor-mor qilishi lozim edi.
Pangerman ittifoqi Angliya, Fransiya, Belgiya, Portugaliya mustamlakalarini, hatto o’z ittifoqchisi bo’lgan Avstriya mustamlakalarini, Fransiya, Belgiya va Gollandiyaning temir rudalariga boy bo’lgan chegara hududlarini, Rossiyadan Boltiqbo’yini, Polshani, Ukraina va Kavkazni tortib olishni talab qila boshlagan. Ittifoq AQShga qarshi kurashda Braziliya va Lotin Amerikasining boshqa davlatlaridan plasdarm sifatida foydalanishni rejalashtirgan.
1907 yilda anglo-rus bitimi imzolangandan keyin german imperializmi asabiylasha boshlagan. 1908 yil reyxstag harbiy flotni kengaytirish to’g’risida qonun qabul qilgan. 1908-1909 yillardagi Bosniya va Gersegovinani anneksiya qilgan (qo’shib olgan) ittifoqchisi Avstriya- Vengriya tomonida turib Rossiyani tan olishga majbur bo’lgan.
1909 yilda Germaniya va Fransiya Marokashni iqtisodiy jihatdan ekspluatasiya qilishda teng imkoniyatlar to’g’risida bitim imzolaganlar. Ammo 1911 yil Germaniya bilan Fransiya o’rtasida Marokash bo’yicha yangi nizo kelib chiqgan. Fransiya-Germaniya va Angliya-Germaniya munosabatlari keskinlashgan. Germaniya xalqaro miqyosda yakkalanib qolgan.
1903 yilda imzolangan Bag’dod temir yo’lini (Bu yo’l Berlinni Fors ko’rfazi bilan bog’lashi rejalashtirilgan) qurish haqidagi Germaniya va Turkiyaning konsessiya shartnomasiga Angliya, Fransiya va Rossiya zo’r berib qarshilik ko’rsatgan. Bu konsessiyaga ko’ra Germaniya kapitali Turkiyaga kiritilgan, nemis kapitalining bunday yurishi Angliya va Fransiyaning, Eron va Fors ko’rfaziga Germaniyaning chiqishi esa Rossiya va Angliyaning manfaatlariga zid kelgan.
1912 yilda reyxstag flot to’g’risidagi qonunga qo’shimcha kiritgan. Unga ko’ra Germaniya harbiy - dengiz flotining jangovorlik qobiliyati 60% ga oshirilgan. Bu birinchi navbatda Angliya va Fransiyaga qarshi qaratilgan. Birinchi jahon urushi arafasida Germaniyaning harbiy sanoati qudrati Antanta davlatlarining (Angliya, Fransiya, Rossiya) harbiy sanoati qudratiga teng kelgan. Angliyaning dengiz qurollarini qisqartirish yoki hyech bo’lmaganda uni cheklash to’g’risidagi taklifiga javoban Germaniya Rossiya va Fransiyaga qarshi urush boshlaganda Angliya betaraf tursa bu taklifni qabul qilishini ma’lum qilgan. Angliya bunga rozi bo’lmagan.
1911 yildagi Italiya-Turkiya urushida Germaniyaning Italiyani qo’llab-quvvatlamaganligi Italiyani Germaniya va Avstriya-Vengriya ittifoqidan uzoqlashuviga olib kelgan. Germaniyani xalqaro ahvolini va ikkinchi Bolqon urushida o’z taqdirini Germaniya bilan bog’lagan davlatlarning mag’lubiyati ham og’irlashtirgan. Kuchayayotgan xalqaro izolyasiyaga javoban Germaniya hukmron doiralari quruqlikdagi nemis harbiy kuchlari uchun katta mablag’lar ajratgan. Germaniya Bosh shtabi esa Germaniyaning Antantaga qarshi urushga kirish uchun qulay sharoit yetildi deb hisoblab, 1914 yilda urush harakatlarini boshlab yuborgan.
German davlatlarida 1848- 1849 yillar inqilobi o’zining bosh vazifasi bo’lgan siyosiy jihatdan tarqoq Germaniyani yagona davlatga birlashtirish masalasini hal qilmadi. German davlatlari orasida qudratli bo’lgan Avstriya va Prussiya hukmronlik uchun o’zaro kurashni davom ettirdilar.Bu borada 1849 yili Prussiya ayrim muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritdi. May oyida Prussiya, Gannover va Saksoniya «Prussiya uniyasi» yoki «Uch qirol uniyasi» deb atalgan ittifoq tuzdilar. Keyinchalik bu ittifoqga 28 ta katta – kichik german davlatlari ham qo’shildi. 1850 yil martida bu yangi ittifoqning ta’sis majlisi chaqirilib, u ittifoqning konstitusiyasi loyihasini muhokama qildi.
Inqilobni butunlay bostirishga erishgan Avstriya Rossiyaning qo’llab – quvvatlashi bilan Prussiya boshchiligida bunday ittifoq tuzilishiga e’tiroz bildirdi. Nihoyat Prussiya va Avstriya vakillari bilan Rossiya podshosi Nikolay I 1850 yil oktyabrda Varshavada qilgan suhbatida Avstriyani quvvatlashini qat’iy ravishda ma’lum qildi. Prussiya german davlatlari orasida hukmronlik uchun o’z davolaridan voz kechishga majbur bo’ldi. Noyabr oxirida Prussiya Avstriya bilan Olmyusda bitim imzolab, Avstriya boshchiligidagi sobiq Germaniya ittifoqini tiklash haqida kelishib oldi. German davlatlarini o’zi boshchiligida birlashtirish uchun bo’lgan Prussiyaning dastlabki urinishi shu tarzda natijasiz tugadi.
1850 yil dekabrda Mantoyfelni prezident - ministr lavozimiga o’tirishi bilan Prussiyada reaksiya davri boshlandi. 1851 yil oktyabrda Prussiya qiroli konstitusiyani bekor qilib, ochiqchasiga absolyutizmni mustahkamlashga kirishdi. Boshqa german davlatlarida ham reaksiya boshlandi. 10 yil davom etgan og’ir siyosiy zo’rlik davri german davlatlarini inqilobdan oldingi holatga qaytara olmadi. German davlatlarida feodal munosabatlar tugatilib, burjua yangilanishlari yo’liga o’tildi. 1857-1859 va 1866-1867 yillardagi iqtisodiy inqirozlarga qaramasdan german davlatlarida sanoat to’ntaruvi muvaffaqiyatli ravishda nihoyasiga yetdi. Dunyoning qudratli sanoat mamlakatlari orasida u Angliya va AQSh dan so’ng 3- o’rinni egalladi.
1850 yil 2 martda Prussiyada dehqonlarni feodal majburiyatlardan to’lov asosida ozod qilish to’g’risida farmoyish chiqdi. 50 yillarda Vyurtemberg, Baden, Gessen, Saksoniya kabi bir qator davlatlarda ham agrar islohotlar o’tkazildi. 1834 yilda Prussiya boshchiligida tuzilgan «Germaniya bojxona ittifoqi» 1854 yilga kelib deyarli barcha german davlatlarini birlashtirdi va sanoat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo’ldi.
1858 yil oktyabrda Prussiyada Vilgelm shahzoda- regent deb e’lon qilingach, Mantoyfelning reaksion hukumati tarqatib yuborildi va konservativ- liberal hukumat tuzildi. 1858 yil noyabrda Prussiya parlamenti uchun bo’lgan saylovlarda liberallar g’alaba qildi. Liberallarning barcha oqimlari Germaniyani birlashtirish uchun kurashdilar.
Bu davrda Germaniyani birlashtirishning ikki yo’li mavjud bo’lib, biri «quyidan» xalq ommasining knyazlik sulolalarining hukmronliklariga qarshi inqilobiy kurashi asosida birlashtirish bo’lsa, ikkinchisi Germaniya davlatlarini Avstriya yoki Prussiya boshchiligida «yuqoridan» birlashtirish edi. Keyingisi sulolalar va davlatlararo urushlar asosida ro’y berishi lozim edi.
1859 yilda halqaro siyosiy inqiroz yuz berdi. Italiya shimolini gabsburglar hukmronligidan ozod etish uchun Avstriyaga qarshi Fransiya va Pyemont urush boshladi. Fransiya tomonidan Reynning so’l qirg’oqlaridagi german yerlarini bosib olish xavfi tug’ildi. Chunki Napoleon III mazkur hududni Fransiyaning qonuniy mulki deb bilar edi. Germaniyaning mustaqilligi va uni birlashtirish istiqbollari havf ostida qoldi. Urush tez fursatda Avstriyaning mag’lubiyati bilan nihoyasiga yetdi. Bu esa mamlakatni Prussiya gogensollernlari hukmronligi ostida birlashtirish tarafdorlari bo’lgan nemis liberallarini ruhlantirdi.
1859 yilning kuzida shimoliy german davlatlarining burjuaziyasi gannoverlik advokat Bennisen boshchiligidagi «Milliy ittifoq» deb atalgan siyosiy tashkilot tuzdilar. Bu tashkilot german davlatlarini Avstriyasiz Prussiya hukmronligida birlashtirishga harakat qildi. Bu german davlatlarini birlashtirishning «Kichik Germaniya» tuzish rejasi deb ataldi.
«Kichik Germaniya» rejasi Baden, Vyurtemberg, Bavariya kabi davlatlarda qo’llab - quvvatlanmadi. Chunki bu german davlatlari aholisining azaldan prus amaldorlari va zobitlariga nafrati kuchli edi. Bundan tashqari, bu davlatlarning burjuaziyasi sanoat sohasida ancha zaif bo’lib, ular prus burjuaziyasining iqtisodiy raqobatidan hayiqishgan. Shuning uchun janubiy german davlatlari o’z mustaqilligini saqlab qolishga harakat qildi. 60- yillarning boshlaridan mazkur german davlatlari o’zlari uchun nisbatan havfsizroq deb bilgan Avstriya bilan yaqinlasha boshladilar. Bavariya liberallarinning tashabbusi bilan Avstriya boshchiligida «Buyuk Germaniya» tuzish tarafdorlari 1867 yilda Milliy ittifoqqa qarshi «Islohotlar ittifoqi»ni tuzdilar.
Italiyadagi voqyealar ta’siri natijasida prus burjuaziyasi safida birlashtirishning turli yo’llari tarafdorlari o’rtasidagi kurashning keskinlashuvi Prussiya hukumatining siyosatiga ham ta’sir qildi. Yangi qirol Vilgelm I islohotlar o’tkazishga va’da berdi. Ammo islohotlar boshlash taraddudi cho’zilib ketishi natijasida hukumat bilan landtagdagi burjua muxolifati o’rtasida to’qnashuvlar boshlandi. To’qnashuvlar keyinchalik konstitusiyaviy nizo deb atalgan siyosiy inqirozga sabab bo’ldi. Bu nizoni 1860 yil fevralda harbiy ministr fon Roonning harbiy islohotlar haqida landtagdagi bildirgan taklifi keltirib chiqardi. Prussiya hamon armiyaga suyanuvchi davlat bo’lib, unda yunkerlar hukmron mavqyega ega edi. Yunkerlar liberal burjuaziya talablariga qarshilik ko’rsatayotgan asosiy kuch edi. Harbiy islohotlar to’g’risidagi fon Roonning loyihasi harbiy xizmat muddatini 2 yildan 3 yilga uzaytirish, armiya hajmini oshirish va uning tuzilishini o’zgartirishdan iborat edi. Shahzoda - regent Vilgelm (1861 yildan Vilgelm I Prussiya qiroli) Yevropa kontinentida bo’lishi mumkin bo’lgan halqaro nizolar uchun katta hajmdagi zamonaviy armiya tuzishga va yunkerlarni mavqyeini mustahkamlashga harakat qildi. Muntazam armiya safidan Napoleon urushlari davrida tuzilgan landver deb ataluvchi xalq lashkarini chiqarib tashlash ham rejalashtirilgan edi. Chunki landverdagi zobitlik lavozimlarini aksariyatini burjuaziya vakillari egallagan edi. Landtag mazkur loyihani rad etsada, hukumatga 9 mln. taler miqdorida favqulodda harbiy harakatlar uchun mablag’ ajratdi. Ushbu summa taklif etilgan harbiy islohotlar loyihasini amalga oshirish uchun sarflandi.
Liberal burjuaziya vakillarining 1861 yilda tashkil qilingan «Progressistlar partiyasi» parlamentda qirol va hukumatga qarshi kurash boshladi. 1861 yilgi landtag saylovlarida progressistlar katta muvaffaqiyat qozondilar. Yangi saylangan deputatlar palatasi bilan hukumat o’rtasida yangidan kurash boshlandi. 1862 yilning 11 martida qirolning maxsus farmoyishi bilan deputatlar palatasi tarqatib yuborildi, liberal ministrlar iste’foga chiqarildi. Qirol liberallashtirish siyosatiga chek qo’ydi. Ko’pgina shaharlarda aholining hukumatga qarshi norozilik chiqishlari bo’lib o’tdi. 1862 yil bahoridagi yangi saylovlarda progressistlar yana g’alaba qozondilar.
Progressistlar hukumatga bosim o’tkazib, agar ularning talablari bajarilmaydigan bo’lsa, harbiy soha uchun mablag’lar ajratishni to’xtatishini ma’lum qildi. Keyinroq harbiy kreditlarni to’xtatilishi siyosiy inqirozni juda keskinlashtirdi. Qirol hatto taxtdan voz kechishga ham tayyor turdi. Ammo prus yunkerlarining konservativ militaristlari boshqacha yo’l tutdilar. Ularning taklifi bilan 47 yoshli Otto fon Bismark 1862 yil 24 sentyabrda qirol tomonidan prezident ministr (bosh ministr) qilib tayinlandi.
Otto fon Bismark (1815-1898) kelib chiqishi va tabiatiga ko’ra prus yunkerlarining haqiqiy vakili edi. U umri davomida Prussiya taxtiga sodiqlik bilan xizmat qilib, Germaniyada Prussiya hukmronligini o’rnatish uchun kurashdi. Bismark o’zining 1848-1849 yillar inqilobi davrida o’zining demokratiyaga qarshi chiqishlari bilan tanilgan edi. U 1848-1849 yillar inqilobini tanqid qilib, zamonning dolzarb masalalarining aksariyati nutqlar va qarorlar bilan emas, balki temir va qon bilan yechilishini bashorat qilgandi. Uning bu fikri Germaniyani birlashtirish uchun mayda german davlatlaridagi partikuliyarlik va legitimistik qarshiliklarni, umrini yashab bo’lgan Germaniya ittifoqini va Avstriyaning hukmron ta’sirini tugatishni nazarda tutar edi. Bismark katta diplomatik tajribaga ega bo’lib, Germaniyani birlashtirish arafasida mavjud bo’lgan ichki va tashqi siyosiy vaziyatni bilar , mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash uchun siyosiy tarqoqlikga barham berish lozimligini boshqa davlat arboblaridan ko’ra yaxshiroq tushungan edi.Xalq ommasining inqilobiy chiqishlaridan vahimaga tushgan burjuaziya Bismark hukumatiga yon berishga majbur bo’ldi.
1863 yil mayda Saksoniyaning sanoati rivojlangan Leypsig shahrida liberal burjuaziyadan mustaqil holda Ferdinand Lassal boshchiligida– Umumgerman ishchilar ittifoqi tuzildi. Ittifoqning asosiy maqsadi ishchilarning umumiy saylov huquqini qo’lga kiritishi orqali tinch yo’l bilan sosializmga o’tish edi. F.Lassal umumiy saylov huquqini joriy qilish haqida Bismark bilan muzokaralar ham olib bordi. German davlatlarida ishchilarning narozilik harakatlari 1863-1865 yillarda o’zining eng yuqori bosqichiga yetdi. Harakat davomida nemis ishchilari orasidan Avgust Bebel (1840-1913) va Vilgelm Libknext kabi siyosiy rahnomalar yetishib chiqdi. F.Lassaldan farqli ravishda V.Libknext va A. Bebel Germaniyani «quyidan» inqilobiy yo’l bilan birlashtirish orqali respublika o’rnatish uchun harakat qilib, Bismarkning «temir va qon» bilan birlashtirish siyosatiga qarshi kurashdilar.
Yevropa markazida yangi qudratli davlatning paydo bo’lishida Prussiya manfaatiga mos keladigan qulay tashqi siyosiy vaziyat yuzaga kelgan edi. Prussiya boshchiligida german davlatlarini birlashtirishga faqat Avstriya va Fransiya qarshilik ko’rsatayotgan edi. Rossiya podshosi Aleksandr II Prussiya bilan avvalgidek Yevropada inqilobiy havfga qarshi hamkorlikda kurash olib borishda, Sharqda o’zining mavqyeini mustahkamlashda va 1856 yilgi Parij sulh shartnomasini qayta ko’rib chiqishda uning yordamiga umid qilmoqda edi. Angliya hukumati yangi Germaniya davlatini Yevropada hukmronlik uchun da’vo qilayotgan Fransiyaga qarshi munosib raqib bo’lishini istayotgan edi. Shuning uchun mazkur davlatlar va Yevropaning boshqa davlatlari ham Prussiyaning birlashtirish siyosatiga qarshi bo’lmadilar.
Bismark davlat to’ntaruvini amalga oshirib, armiyani qayta tashkil etish uchun davlat byudjetidan tashqari qo’shimcha mablag’ ajratdi. Maxsus farmoyish bilan matbuot erkinligi cheklandi, muxolif amaldorlar egallab turgan lavozimlaridan bo’shatildi. Prussiya 1863 yil Polsha qo’zg’olonini bostirishda hamkorlik qilish haqida Rossiya bilan konvensiya imzoladi. Bu Prussiyada xalq ommasining umumiy noroziligiga sabab bo’ldi. Berlinda namoyishlar uyushtirilib, aholining polisiya bilan to’qnashuvlari yuz berdi. Bismark Germaniyani Prussiya hukmronligida birlashtirish maqsadiga kuch bilan erishishga qat’iy kirishdi. Germaniyani Prussiya boshchiligida birlashtirlishiga ta’kidlanganidek asosan Avstriya va Fransiya qarshilik ko’rsatmoqda edi. Avstriya german davlatlarini Prussiya boshchiligida birlashtirish Prussiyaning mavqyeini kuchaytiradi deb o’ylab, bunga yo’l qo’ymaslikka va o’z navbatida german davlatlarini Avstriya atrofida birlashtirishga harakat qildi.
Fransiya esa o’zining sharqiy chegaralarida kuchli markazlashgan davlatni tashkil topishini istamay Germaniya ittifoqining zaifligidan foydalanib, Reynning so’l qirg’oqlarini bosib olishga harakat qilayotgan edi. Napoleon III german davlatlarining Prussiya hukmronligiga qarshi siyosatini rag’batlantirib, janubiy Germaniyada o’zining ta’sirini mustahkamlashga intildi. 1863 yil yozida Avstriyaning tashabbusi bilan Germaniya ittifoqini isloh qilishni muhokama qilish maqsadida german davlatlarining vakillarini Frankfurtga taklif etdi. Uchrashuvga Prussiya vakillari kelmadi.
Bismark Germaniyani birlashtirish ishini shaxsiy uniya asosida Daniya bilan birlashgan aholisi asosan nemis millatiga mansub bo’lgan Shlezvig va Golshteyn gersogliklarini Daniyadan tortib olishdan boshladi.
1863 yil Daniyaning yangi qiroli Xristian Shlezvigga Daniya konstitusiyasini joriy qildi. Bu butun german davlatlarida norozilik o’yg’otdi va Bismarkga yangidan paydo bo’lgan «shlezvig-golshteyn muommasi» ga aralashish imkoniyatini berdi. Chunki Golshteyn Germaniya ittifoqiga a’zo edi. Prussiya Daniyaga Shlezvigni anneksiya qilishdan voz kechishni talab qiluvchi ultimatum e’lon qildi. Bu talabga keyinroq Prussiyadan orqada qolishni istamagan Avstriya ham qo’shildi.
Daniya qiroli Yevropa davlatlarining yordamiga umid qilib, Prussiya va Avstriya talabini rad etdi. 1864 yil 1- fevralda Prussiya va Avstriya Daniyaga qarshi urush boshladi. Qisqa muddatda Daniya tor-mor etildi. 1864 yil 30 oktyabrda Venada imzolangan sulh shartnomasiga ko’ra Shlezvig va Golshteyn gersogliklari Daniyadan tortib olinib, Avstriya va Prussiyaning hamkorligidagi boshqaruv ostiga o’tdi. 1865 yil Prussiya va Avstriya o’rtasida imzolangan konvensiyaga ko’ra Golshteynni Avstriya, Shlezvigni esa to’liq Prussiya boshqaradigan bo’ldi. Bu konvensiya ko’proq Prussiya manfaatlariga xizmat qilgan. Biroq Golshteynni Avstriya tomonidan boshqarilishi Prussiyani qanoatlantirmadi. Daniya urushiga buyuk davlatlarni aralashmasligi haqida Bismarkning bashorati to’g’ri chiqdi. Bismarkning galdagi vazifasi Avstriyani tor-mor etish va uning german davlatlariga bo’lgan ta’siriga barham berish edi.
Bismark Prussiyaning harbiy qudratidan kelib chiqqan holda, ongli ravishda Avstriya bilan urushga tayyorlana boshladi. Avstriyani tezda tor-mor etish uchun 1866 yil bahorida Italiya bilan ittifoqchilik haqida mahfiy shartnoma imzoladi. Bismark Avstriya imperiyasiga qarshi urushda ittifoqchilik qiladigan Italiyaga Venesiyani olib berishni va’da qildi. Vengriya emmigrantlari bilan muzokaralar olib borib, Avstriya imperiyasida milliy harakatlar chiqarishga urindi.
Avstriyaga qarshi urushda Fransiyaning betarafligini ta’minlash uchun Bismark Napoleon III bilan bo’lgan uchrashuvda Belgiyani bir qismi va Reynning so’l sohilini Fransiyaga qo’shib olinishiga qarshi emasligini ma’lum qildi. Uzoqni ko’ra olmagan Fransiya imperatori Avstriya va Prussiya o’riasidagi urush har ikki tomonni zaiflashtiradi deb o’ylab, Bismarkning taklifiga rozi bo’ldi.
1866 yil bahorida Bismark Germaniya ittifoqini tubdan isloh qilishga Avstriyaning roziligini so’radi. Undan kutilgan javobni olmagan Bismark barcha german davlatlariga Germaniya ittifoqini isloh qilish va undan Avstriyani chiqarish haqidagi loyihani jo’natib, ittifoq seymiga Germaniya ittifoqining yangi konstitusiya loyihasini kiritdi va Prussiya harbiy qo’shinlarini Golshteynga tomon yo’naltirdi. Ittifoq seymi Avstriya tomonida turdi. Bunga javoban Prussiya 1866 yil 14 iyunda Germaniya ittifoqidan chiqqanligini e’lon qildi. 15 iyun kuni Prussiya Avstriyaga qarshi urush boshladi. Baden, Bavariya, Vyurtenberg, Gannover va Saksoniya Avstriya tomonida, Tyuringiyaning va Shimoliy Germaniyaning ayrim shaharlari Prussiya tomonida turib urushda qatnashdi.
Prussiya qo’shinlari Saksoniya, Gannover va Kurgessenga hujum qilib, 14 kunda Asvtriyani qo’llab turgan Janubiy va Markaziy Germaniya kuchlari Mayn daryosi bo’ylab kesib qo’yildi. Yevropa jamoatchiligi tomonidan mutloqo kutilmagan holda Prussiya armiyasi ilk bor temir yo’llar va telegrafdan foydalanib, Avstriya va uning ittifoqchisi bo’lgan Saksoniyaga ketma-ket harbiy zarbalar berishda davom etdi. Eski pilta miltiqlar o’rniga yangi ninali o’qotar qurollar bilan qurollangan va yaxshi harbiy tayyorgarlikdan o’tgan prus qo’shinlari general Moltkening qo’mondonligida Chexiya hududiga yurish qilib, 3 iyulda Sadova qishlog’i yaqinida Avstriya qo’shinini tor-mor etdi va Venaga yo’l oldi. Prussiya qo’shinlarining boshqa bir qismi Avstriyaga ittifoqchilik qilayotgan german davlatlari harbiy otryadlarini mag’lubiyatga uchratib, 15 iyul kuni Frankfurtni egalladi.
Avstriya janubiga Italiyaning hujumi natijasida imperator Frans-Iosif Prussiya bilan sulh tuzishga majbur bo’ldi. 1866 yil 23 avgustda Pragada imzolangan Avstriya –Prussiya sulh shartnomasiga ko’ra Avstriya Germaniya ittifoqidan chiqarildi, german davlatlari orasida hukmronlik qilish da’vosidan voz kechdi va yangi uyushma –Shimoliy Germaniya ittifoqiga kirishdan mahrum qilindi. Bu shartnomaga ko’ra Germaniya ittifoqini tarqatib yuborildi, Shlezvig, Golshteyn, Gannover, Kurgessen, Nassau va erkin shahar Frankfurt –na- Mayne Prussiyaga qo’shib olindi. Avstriya Venesiyani Italiyaga berib, Prussiyaga harbiy kontribusiya to’lash majburiyatini oldi.
Avstriya mag’lubiyatidan so’ng Germaniya ittifoqi tarqatib yuborilib, Prussiya hukmronligi ostida 22 ta german davlatlarining yangi Shimoliy Germaniya ittifoqi tuzildi. 1867 yil boshida qabul qilingan ittifoq konstitusiyasiga muvofiq butun hokimiyat prezident- Prussiya qiroli Vilgelm I ning meros o’tuvchi hokimiyati ostiga o’tdi. Bavariya, Vyurtemberg, Baden va Gessen-Darmshtadtdan iborat Janubiy Germaniya davlatlari vaqtincha mustaqillikni saqlab qolsada, keyinroq Prussiya bilan ittifoq shartnomasini imzolashga majbur bo’ldi.
Yevropa davlatlarining hyech biri Prussiyaning tajovuzkorona ravishda Germaniya davlatlarini birlashtirish siyosatiga qarshi chiqmadilar. Ular german davlatlaridagi inqilobiy harakatlarni faqat Prussiya bostirishga qodir deb o’ylab, unga erkin tashqi siyosiy faoliyat yuritish imkoniyatini berdilar.
Bismark 1865 yilda yozganidek «hyech qanaqa german xalqi yo’q, bizning siyosatimiz Germaniyani Prussiyaga aylantirishdan iborat» degan shiorga amal qilib, 1866 yildagi urush nihoyasida Prussiya tashqi siyosatining so’nggi maqsadlarini ochiq bayon qildi. Prussiyadagi tartib-qoidalar majburiy ravishda butun Shimoliy Germaniya ittifoqida joriy qilina boshlandi. Ittifoqning prezidenti bo’lgan Vilgelm I ittifoq armiyasining bosh qo’mondoni bo’lib, u urush e’lon qilish va sulh tuzish, ittifoqning oliy lavozimlariga nomzodlarni tayinlash va vazifasidan ozod qilish, ittifoqning qonun chiqaruvchi palatasini o’z hohishiga ko’ra chaqirish yoki tarqatib yuborish, uning qarorlariga taqiq (veto) qo’yish va o’zining o’rinbosari bo’lgan – ittifoq kansleri lavozimiga nomzodni tayinlash vakolatlariga edi. Ittifoq kansleri ham doimiy ravishda Prussiya fuqoralaridan tayinlanib, u ittifoq kengashi deb ataluvchi yuqori palatada raislik qilgan. Bu kengash ittifoqga a’zo bo’lgan davlatlarning 43 ta vakillaridan iborat bo’lib, ularning 17 tasini prussiyaliklar tashkil etgan. Qo’yi palata reyxstag esa 297 ta deputatdan iborat bo’lib, u umumiy saylov asosida saylangan. Quyi palata qonunlarni va byudjetni tasdiqlash huquqiga ega bo’lgan xolos. Ittifoqga kirgan alohida davlatlar o’zlarining monarxlarini, konstitusiyasi, sudlari va byudjetini saqlab qolgan. Biroq ular ittifoq bayrog’i sifatida Prussiyaning oq-qora va qo’yi qismida qizil chiziq tortilgan bayrog’ini qabul qilib, Prussiyaning hukmronligini e’tirof etganlar.
Prussiya boshchiligida Germaniyani yuqoridan birlashtirish siyosatidagi muvaffaqiyatlar, Avstriya va Daniya ustidan qozonilgan g’alabalar «konstitusiyaviy nizo» davridan buyon muxolifatda turgan liberal burjuaziyani Bismark oldida tiz cho’kishga majbur qildi. 1866 yil kuzida burjua progressistlar partiyasi safida bo’linish yuz berdi. Ittifoq reyxstagi va Prussiya landtagida burjuaziyaning Bismark siyosatini yoqlovchi nisbatan kattaroq qismi Milliy-liberallar partiyasini tuzdi.
A. Bebel va V.Libknextlar tashabbusi bilan 1868 yil kuzida Nyurnberg shahrida nemis ishchilari ittifoqining syezdi chaqirildi. Syezd sosialistik dastur qabul qilib, I internasional (xalqaro ishchilar harakati) ga qo’shilish uchun qaror qabul qildi.1869 yil 7-9 avgustda Eyzenaxda umumgerman ishchilari kongressi chaqirildi. Kongressda lassalchilar, ishchi fereynlari, kasaba uyushmalari va boshqa tashkilotlar birlashtirilib, «Germaniya sosial-demokratik ishchilar partiyasi» tashkil etildi.
1866 yilgi urushdan so’ng Shimoliy Germaniya ittifoqi tuzilishi bilan Germaniyaning milliy birlashtirilishi asosan nihoyasiga yetdi. Germaniyani to’liq birlashtirish uchun Bismarkga yana bitta g’alaba kerak edi. Bu g’alaba german davlatlarini Prussiya boshchiligida birlashtirishga jon-jahdi bilan qarshilik ko’rsatayotgan Fransiya ustidan bo’lishi lozim edi. 60- yillarning oxirlarida Fransiyada boshlangan siyosiy inqirozdan chiqish yo’lini Napoleon III ham Prussiyaga qarshi urushda ko’rdi. 1869 yil kuzida Bismark «Shimoliy Germaniya ittifoqining Fransiya bilan urushish ehtimoli shunchaki bor emas, balki shunday urush uning uchun juda zarur» ligini ma’lum qildi.
1870 yilda Fransiya va Prussiya boshchiligidagi german davlatlari o’rtasida urush boshlandi. Urushda german davlatlari g’alaba qildi, biroq sulh shartnomasi imzolanmasdan turib, 1871 yilning 18 yanvar kuni Versalda Germaniya imperiyasining tuzilganligi, Prussiya qiroli Velgelm II ning Germaniya imperiyasining imperator ekanligi e’lon qilindi. Fransiya – Prussiya urushi Germaniyaning birlashtirilishini nihoyasiga yetkazdi.
Dostları ilə paylaş: |